• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

33-sonli “Ertak” nomidagi maktabgacha ta'lim tashkiloti foydalanishga topshirildi

30 Avgust 2023, 14:28 1088

Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi ayyomi arafasida Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi tasarrufidagi 33-sonli “Ertak” nomidagi maktabgacha ta'lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Mazkur ta'lim muassasasining ochilish marosimida ishtirok etgan OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning barchasi inson manfaatlariga, xalqimiz farovonligiga qaratilganini ta'kidlab, ushbu zamonaviy bog‘cha ham bolajonlarga bayram sovg‘asi ekanligini aytib o‘tdi.

Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston qahramoni Saydali Rahmonov va nuroniylar ham so‘z olib, kombinat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni e'tirof etishdi.

33-sonli MTTda olib borilgan mukammal ta'mirlash ishlarida faol ishtirok etgan bir guruh quruvchilar va bog‘cha ishchi-xodimlariga qimmatbaho sovg‘alar tuhfa etildi.

Shundan so‘ng, ramziy tasma kesilib, maktabgacha ta'lim muassasasi rasman foydalanishga topshirildi.

OKMK rahbariyati va tadbir ishtirokchilari mukammal ta'mirlangan muassasada bolajonlarga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi.

224 o‘rinli 33-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti 1985-yilda qurib, foydalanishga topshirilgan bo‘lib, bino ta'mir talab holatga kelib qolganligi bois “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisining 2022-yil 25avgust sanasidagi 1014-sonli buyrug‘iga asosan mukammal ta'mirlash ishlari olib borildi. Hozirgi kunda ushbu bog‘cha 336 o‘ringa kengaytirildi.

Ta'mirlash ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan amalga oshirildi. Ta'mir ishlari davomida binoning tom qismi quyma mastika bilan qoplandi. Bino fasadi travertin bilan pardozlandi, eski eshik va oyna romlar alyumin va PVXga o‘zgartirildi. Yozgi ayvonchalar tomi profnastilga almashtirildi. Ichki binoda pardozlash ishlari, santexnika va elektr ishlari zamonaviy uslubda amalga oshirildi. Bog‘chaning hovli qismida ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilib, asfalt qoplamasi va bruschatkalar yotqizildi. Bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun yangi amfiteatr qurilib, hovliga yangi o‘yingohlar o‘rnatildi.

Oshxona va kir yuvish binolari yangi tipdagi jihozlar bilan ta'minlandi.

Bundan tashqari ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi tomonidan ventilyatsiya ishlari, Tarmoqlar texnik xavfsizlik xizmati  tomonidan yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimi yangilandi.

Ushbu ob'yektning mukammal ta'mir ishlariga jami bo‘lib 6,4 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech