"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Joriy yilning 10-12 iyun kunlari “SAEX UZBEKISTAN” xalqaro koʻrgazma markazida IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtdi.
Ushbu muhim uchrashuvlar yetakchi xalqaro investorlar, davlat idoralari, moliya institutlari va biznes vakillarini birlashtirdi. Forumda 150 nafardan ortiq taniqli spiker ishtirokida 36ta panel sessiyasi boʻlib oʻtdi. Toshkent investitsiya forumida ilk bor sanoat koʻrgazmasi oʻtkazildi. 12 ming kvadrat metr maydonni egallagan koʻrgazmada elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, toʻqimachilik, charmsanoat, qurilish materiallari, mashinasozlik, togʻ-kon sanoati, metallurgiya, energetika, avtomobilsozlik, kimyo, moliyaviy xizmatlar, IT, turizm va boshqa sohalarda xorijiy investorlar uchun loyiha takliflarini taqdim etgan 100 ga yaqin mahalliy korxonalar namoyish etildi.
Forum doirasida umumiy qiymati 30,5 milliard dollarlik investitsiya va savdo bitimlari imzolandi.
Forum doirasida OKMK rahbariyati hamda bir qator xorij kompaniyalari hamda bank moliya tashkilotlari bilan muzokaralar olib borildi.
Xususan, Fransiyaning Societe Generale banki rahbariyati bilan tashkil etilgan uchrashuvda yangi metallurgiya majmuasining moliyalashtirish loyihasini amalga oshirish, yevroobligatsiyalarni ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik istiqbollari kabi masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, forumda Isroilning «Synergy Cables” kompaniyasi vakillari bilan mis mahsulotlarini eksport qilish borasida muzokaralar olib borildi.
Bundan tashqari, forum doirasida Germaniyaning Deutsche Bank banki, Fransiyaning Natixis Bank S.A. banki va Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dhabi Commercial Bank banki vakillari bilan ham moliyalashtirish masalalari boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.
Turkiyaning ESAN Eczacıbaşı kompaniyasi vakillari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda Jizzax viloyatining Forish tumanidagi “Uchquloch” konida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Forum doirasida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston va Germaniya investorlari va tadbirkorlari kengashi” mavzusidagi panel sessiyasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov ishtirok etib, nutq soʻzladi.
- Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining xalqaro hamkorlik tizimida Germaniyalik hamkorlarning alohida oʻrni bor. Bu birinchi navbatda, boyitish, metallurgiya va kimyo sanoati uchun yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berishga taalluqlidir. Ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish sohasidagi hamkorlik ham faol rivojlanmoqda, deydi A.Xursanov. - Yangi mis boyitish fabrikasi (3-MBF) qurilishida texnologiyasi qoʻllanilayotgan AUMUND va Thyssenkrupp (Germaniya), shuningdek, Metso, Weir Minerals (Buyuk Britaniya), Sepro-Falcon (Kanada) kabi taniqli yetakchilarni alohida ta’kidlashni istardim. Oʻzbekistonda birinchi marta OKMKda HPGR - rudani yuqori bosimda maydalash texnologiyasi joriy etiladi, bu esa energiya samaradorligi boʻyicha yangi ufqlarni ochadi.
Jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish tizimlari ABB va Siemens uskunalari asosida amalga oshiriladi, bu esa zamonaviy dispetcherlik xonasidan fabrikani boshqarishni toʻliq markazlashtirishni ta’minlaydi.
Bundan tashqari, Metso va Engineering Dobersek.kompaniyalarining ilgʻor texnologiyalaridan foydalangan holda "Yoshlik I" loyihasi boʻyicha yangi mis eritish majmuasini qurishga tayyorgarlik koʻrayapmiz.
Biz nemis biznesi bilan hamkorlikni innovatsionligi, muhandislik aniqligi va ishonchliligi uchun qadrlaymiz va uzoq muddatli istiqbolda ushbu aloqalarni yanada kengaytirishga umid qilamiz.
Bugungi kunda OKMK nemis hamkorlar bilan nafaqat uskunalar yetkazib berish boʻyicha balki ilm-fan, ta’lim va texnologik rivojlanishni qamrab olgan strategik hamkorlikni ham yoʻlga qoʻygan. Yevropaning eng qadimiy va nufuzli ilmiy markazlaridan biri boʻlgan Frayberg konchilik akademiyasi bilan hamkorlik oʻrnatilgani muhim qadam boʻldi. Barqaror konchilik sohasida qoʻshma ta’lim dasturlari, stajirovkalar, tajriba almashish va innovatsion loyihalarni amalga oshirishni muhokama qilmoqdamiz.
Shuningdek, qurilish va infratuzilma sohasida noyob tajribaga ega boʻlgan Papenburg kompaniyasi rahbari Angela Papenburg xonim bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatganmiz. Biz ularning tajribasini OKMKning yirik qurilish va logistika loyihalarini amalga oshirishda qoʻllash imkoniyatini koʻrmoqdamiz.
Shuni alohida ta’kidlashni istardikki, nemis mutaxassislari va kompaniyalari ishtirokida OKMK negizida faoliyati dual ta’lim tamoyillariga asoslangan Muhandislik maktabi tashkil etildi. Bu zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan, muhandis kadrlarning yangi avlodini tayyorlash imkonini beradi.
Forum doirasida tashkil etilgan sanoat koʻrgazmasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham xalqaro investorlarga asosiy ishlab chiqarish mahsulotlari, mahalliylashtirilgan mahsulotlar hamda import mahsulotlarini taqdim etdi. Shuningdek, investorlarlar e’tiboriga 2000ga yaqin import mahsulotlarini jamlagan katologlar ham havola etildi.
Mamlakatimizga rasmiy tashrif buyurgan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso hamda Bolgariya Prezidenti Rumen Radev boshchiligidagi delegatsiyalar ham forumda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati stendi bilan yaqindan tanishishdi va kombinat faoliyatiga qiziqish bildirdilar.
Bir soʻz bilan aytganda mazkur nufuzli xalqaro forumda OKMK faol ishtirok etdi.
Axborot xizmati