Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

6-sonli Sulfat kislotasi sexi qurilishi jadal sur'atlarda davom etmoqda

02 May 2025, 10:20 1541

Ayni kunlarda Rux zavodida 6-sonli Sulfat kislotasi sexini barpo etish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Sexning qurilish, montaj ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

Hozirgi vaqtga kelib qurilish ishlari rejasi 60%ga, asosiy jihozlar va qurilmalarni o‘rnatish ishlari 65% ga, Metso-Outotec kompaniyasi tomonidan loyihalash ishlari 95% ga, jihozlarni yetkazib berish ishlari esa 90%ga bajarildi.

2023-yil noyabr oyidan boshlangan qurilish ishlari joriy yilda yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Hozirgi vaqtda eski sexdan soatiga 96 m3 gacha nordon suvlar oqova suvlarini tozalash uchastkasiga tashlanayotgan bo‘lsa, SK-6 sexi ishga tushirilishi bilan bu 20 m3/soat gacha qisqaradi. Yana bir e'tiborli jihati eski sexning oqova suvlarini zararsizlantirish uchun oyiga 700-800 tn. quruq ohak sarflanmoqda. Yangi sex kislotani zararsizlantirishga sarflanayotgan ohak sarfini ham to‘rt barobarga qisqarishiga olib keladi. Bundan tashqari, yangi sex atmosferaga tashlanadigan tashlanma gazlarni ikki barobarga qisqartiradi. Eski sexda texnologik uskunalarning eskirganligi oqibatida sex to‘liq quvvatda ishlay olmaganligi uchun texnologik gazni 35%ini atmosferaga tashlashga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa sutkasiga 100 tn sulьfat kislotasi kam ishlab chiqarishni anglatadi. Rux konsentratidagi oltingugurtni ajratib olish 70% gacha tushib ketgan bo‘lib, SK-6 da bu ko‘rsatgich 96% ni tashkil qiladi. Natijada atmosferaga tashlanayotgan oltingugurtning kamayishi, kislota ishlab chiqarish hajmini oshirib, mahsulot tannarxining tushishiga erishiladi.

Yangi sex bilan birgalikda o‘z vazifasini bajara olmay qolgan rux metali va kislota ishlab chiqarish texnologiyasida muhim o‘rin tutuvchi gazlarni changdan tozalovchi GK-30 elektrofilьtrlari o‘rniga zamonaviy, Daniyaning FLSmidth kompaniyasining filtrlari o‘rnatilmoqda. Bu filtrlarning ishga tushirilishi rux metalining qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlarning oldini olib, konsentratdan rux metalini ajratib olish foizini oshiradi. Ushbu natijalar iqtisodiy ko‘rsatrichlarni yaxshilaydi va SK-6 sexidagi texnologik jarayonni barqaror ushlashda muhim o‘rin tutadi.

Ma'lumot uchun: Rux zavodi hududida yangi yillik quvvati 180 000 tonna bo‘lgan, ikki navbatdan iborat 6-sonli  Sulьfat kislotasi sexini qurilishi uchun 2022-yil 30-sentyabr kuni Germaniyaning Metso-Outotec kompaniyasi bilan yangi sexni loyihalash, jihozlar yetkazib berish va qurilishni nazorat qilish bo‘yicha ikki tamonlama EPS shartnomasi imzolandi. 2023-yilning noyabr oyidan “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan yer ishlari boshlab yuborildi. 2024-yilning 8-aprel sanasidan Metso-Outotec kompaniyasi yangi sex jihozlarni yetkazib berishni boshladi. Loyihaning qiymati 72,1 mln Yevro bo‘lib, sex foydalanishga topshirilishi natijasida 80 ta yangi ish o‘rinlari ham yaratiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech