"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33So‘nggi kunlarda mamlakatimizda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo barcha qatori ota-onalarni ham birdek xavotirga solayotgani bor gap. Tabiiyki, “Jazirama kunlarda bog‘chalarda bolalar uchun qanday sharoitlar yaratilgan? Ularning salomatligi va xavfsizligi qanday muhofaza qilinmoqda?” degan savollar ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda.
Ushbu masalaga mas’uliyat bilan yondashgan holda, Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi Maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolajonlarning salomatligini asrash va xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli hamda qat’iy choralar ko‘rib kelmoqda.
Jazirama kunlarda xonalarda havo haroratini me’yorda saqlash eng muhim vazifalardan biridir. Shu sababli, bog‘cha guruhlarida qulay muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xonalar muntazam ravishda shamollatilib, tarbiyachi yordamchilari tomonidan har soatda nam tozalash ishlari olib borilmoqda. Pollarni yuvish va yuzalarni tozalash orqali xonalardagi havo yangilanadi, chang ko‘tarilishining oldi olinadi va salqinlik ta’minlanadi. Bu chora-tadbirlar bolalarning o‘zini yaxshi his qilishi va xavfsiz muhitda mashg‘ulot olib borishlari uchun xizmat qilmoqda.
Issiq havo sharoitida inson organizmi, ayniqsa, bolalar tanasi ko‘proq suyuqlikka ehtiyoj sezadi. Buni inobatga olgan holda, bog‘chalarda toza va xavfsiz ichimlik suvi rejimi qat’iy yo‘lga qo‘yilgan. Tarbiyalanuvchilar kun davomida toza ichimlik suvi bilan muntazam ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, oshxonalarda mahsulotlarni saqlash, taomlarni tayyorlash va tarqatish jarayonlarida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi har qachongidan ham kuchaytirilgan. Muzlatgichlarning ishlash holati va taomlarning sifati doimiy nazorat ostida.
Quyosh nurlari tik tushadigan va havo harorati eng yuqori nuqtaga chiqadigan soat 11:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bolalarning ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lishi butunlay cheklanadi. Bolalarning sayrlari va ochiq havodagi o‘yinlari faqat ertalabki va kechki salqin vaqtlarda, bog‘chaning soyali joylarida tashkil etilmoqda. Shuningdek, ota-onalar bilan hamkorlikda bolajonlarning yengil, havo o‘tkazuvchi kiyimlar hamda majburiy ravishda bosh kiyimlarda bo‘lishi ta’minlangan.
Bog‘chalarda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar har bir bolaning holatini kun davomida sinchkovlik bilan kuzatib borishmoqda. Har bir tarbiyalanuvchining salomatligi diqqat markazida bo‘lib, anomal issiq ta’sirida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Muassasalarda zarur dori-darmonlar zaxirasi shakllantirilgan va tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Bo‘lim tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining barchasi suzish havzalari bilan ta’minlangani bu kabi issiq kunlarda juda qo‘l kelmoqda. Jazirama kunlarda bolalarning salomatligini mustahkamlash, chiniqtirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida maxsus suv muolajalari yo‘lga qo‘yilgan.
Tasdiqlangan jadval asosida, bolajonlar mas’ul xodimlar va tarbiyachilarning qat’iy nazorati ostida suzish havzalarida cho‘milishmoqda. Mazkur jarayonlarning barchasi sanitariya-gigiyena talablariga va xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda amalga oshirilmoqda. Havzalardagi suv sifati va harorati doimiy ravishda tekshirib boriladi.
Hurmatli ota-onalar! Farzandlarimizning sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash — biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi Maktabgacha ta’lim bo‘limi anomal issiq ob-havo sharoitida bolajonlarning beg‘ubor bolaligi va salomatligini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rgan va jarayon qat’iy nazorat ostida. Zero, farzandlarimiz salomatligi — barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir!
Ozoda Kamolova,
Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshligʻi v.b.