• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Asosiy sex, asosiy kasb egalari

15 Aprel 2022, 15:25 1587

Mamlakatimiz Prezidentining “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, kombinatning ikkinchi metallurgiya korxonasi hisoblangan Rux zavodida amalga oshirilgan ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish ishlari bugun o‘z samarasini bermoqda. Korxona ishlab chiqarish bo‘g‘inining markazi bo‘lgan Elektrolit sexining bugungi faoliyati shundan dalolat beradi.

Rux elektrolizining 2- va 3-seriyasini rekonstruksiya qilinishi, ISK-40, ISK-12 pechlarini ta'mirlash va modernizasiya qilish, avtotransformatorlarni almashtirish, shtabel o‘tkazmalarini o‘rnatish, rux changini ushlab qolish uchun RFG-5 filtrini modernizasiya qilish, elektryuklagichlarni almashtirish, aspiratsiya va shamollatish tizimini ta'mirlash yo‘nalishida olib borilgan ishlarning amaliy natijasi sexning ko‘rsatkichlarida o‘z aksini topmoqda, deyish mumkin.

Elektroliz bo‘limi, katod eritish bo‘limi, vakuum-bug‘lantirish bo‘limi sex texnologik jarayonlarining asosiy bo‘g‘inlari sanaladi.

Aynan ana shu uchastkalarning bir maqsad yo‘lidagi harakatlari evaziga sul'fidli rux eritmalaridan ruxni elektr cho‘ktirish, katodli ruxni qayta eritib quygan holda rux quymasi va rux changini olish texnologik jarayonlari qat'iy asoslarda olib borilmoqda. Shu bilan birga qo‘rg‘oshin-kumushli anodlar va al'yumin katodlarini tayyorlash, metalli aralashmalarni ajratish uchun rux drosslarini qayta ishlash ishlari ham sex faoliyatining asosini tashkil etadi.

Texnologik jarayonlar boshlang‘ich nuqtasi hisoblangan vakuum-bug‘lantirish bo‘limidagi mavjud 5 ta asosiy texnologik qurilmalarning dastlabkisi to‘liq yangilanishi hisobiga elektroliz vannalariga yuborilayotgan ishqorli eritmalarning tarkib sifati yaxshilanishiga erishildi. Ayni kunlarda bo‘limning navbatdagi texnologik uskunasini to‘liq yangisiga almashtirishga hozirlik ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu bo‘limlarda elektrolitning sifatini kuzatib borish, vannalar va anodlarni shlamlardan tozalash, tarnov(jelob), sifon hamda shtuserlarni tozalash va shlamlarni haydash vazifalarini bajarib kelayotgan suvli eritmalar elektrolizchisi Faxriddin Qo‘chqorov o‘ziga ishonib topshirilgan uskuna va jihozlardan samarali foydalanib kelmoqda.

Elektroliz zali sex ishlab chiqarish jarayonlarining markazi hisoblanadi. 720 dan ziyod elektroliz vannalari o‘rnatilgan mazkur majmuaning har bir seriyasiga 240 tadan vannalar montaj qilingan. Bugungi kunga kelib sexning ikkita seriyasi to‘liq yuklangan holda katodli rux olinishiga muvaffaq bo‘linmoqda.

Abdimo‘min Useinov, Sadir Oynazarov, Dilshod Samatov, Bobomurod Raxmatullaev va O‘tkir Mamatqulov kabi katodchilar katodlarni tayyorlash, ularni vannalarga joylashtirish, qamralgan cho‘kkan asoslari bilan vannalardan chiqarib olish, ulardan katodli ruxni sidirib olish, shinalar, katod va anodlardagi shlamlarni suv bilan yuvish, qisqa tutashuvlarni aniqlashda o‘ziga xos uslubni yaratgan holda yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelishmoqda. Ishlatilgan elektrolitlarning elektrolit vannalaridan tarnovlar bo‘ylab kollektorlarga tushishi va u yerdan nasoslar yordamida vakkum- bug‘lantirish bo‘limi hamda Tanlab eritish sexiga yuborilishini suvli eritmalar erituvchisi Rina Xalak nazorat qilib boradi. Kombinat mehnat faxriysi bo‘lgan Rina Raisovna har bir seriya va har bir vannaning eritmalar bilan uzluksiz ta'minlab borilishini mukammal tarzda uddalab kelayotgani tahsinga sazovordir. Sexda ko‘p yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan Abdiqul Norboev va Andrey Bakulinlar elektroliz vannasidagi jarayonlar, katod asoslariga qo‘yiladigan talablarni juda yaxshi bilishadi. Shu sababli ham bu ikki hamkasbga katodlarni tozalash mashinasida katodlarni tozalab borish vazifasi yuklatilgan.

Sex ishchi-xizmatchilari va muhandis- texnik xodimlarining bahamjihat harakatlari evaziga ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari barqaror bajarib borilishiga erishilmoqda. Shu o‘rinda korxonadagi qisqa faoliyati davomida yetakchilik va yuqori tashkilotchilik qirralarini namoyon etib, bugun sexning ishonchiga aylangan uchastka boshlig‘i Bunyod Boirov nomini alohida e'tirof etish zarur bo‘ladi. Elektroliz zalidagi 32 ta qatorning har birining holatini mukammal baholagan holda tezkor ko‘rsatmalarni berib kelayotgan bu iqtidorli muhandisga korxonaning umid ertasi sifatida qaralishi bejiz emas.

Elektrolit vannalarida rux sulfati eritmalaridan elektroliz usulida rux ajratib olinib, rux katodi ishlab chiqarilishi bilan sex texnologik jarayonlarining dastlabki bosqichi yakunlansa, keyingi bosqichda rux katodi qayta eritilib, rux metallini quyma shaklda ishlab chiqarish amalga oshiriladi. Bunday ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish va murakkab texnologik jarayonlarni hammaslaklikda amalga oshirib borayotgan Elektrolit sexi jamoasi yangi marralar sari dadil odimlab bormoqda.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech