• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Asosiy sexning muhim ko‘rsatkichlari

16 Fevral 2024, 10:28 276

2-MBFning 70 yilligi oldidan

Foydali qazilmalarni boyitish - bu mineral xom-ashyoni birlamchi qayta ishlash usullari va jarayonlari to‘plami bo‘lib, chiqindi jinslarni chiqarib tashlash va minerallarni ajratish maqsadida qimmatli tarkibiy komponentlarni konditsion mahsulotlarga jamlash jarayonlaridir. O‘z davrida aynan mana shu jarayonlarning asosi OKMKning Qo‘rg‘oshin-rux boyitish fabrikasida qo‘yilgan.

Kombinatning eng yirik Mis boyitish fabrikasi ishga tushirilishi va uning texnologik tizimi yo‘lga qo‘yilishida mazkur korxonaning tajriba maktabiga tayanilganligini ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi. 2-Mis boyitish fabrikasi ishlab chiqarish tizimining markaziy va eng muhim bo‘g‘ini hisoblanuvchi Yanchish va flotatsiyalash bo‘limi oltita texnologik seksiyalardan tashkil topgan. Sexga birinchi bosqich yanchish jarayonlarini amalga oshirish uchun 2 ta MShR 3.2x3.1, 5ta MShR 3.7x3.1, 2 ta MShR 3.2x3.8 va 1 ta MShR 3.6x5.0 tegirmonlari hamda MShS 3.7x3.1 - 2ta, MShS 3.2x3.8 - 5ta, MShS 3.6x5.0 - 1ta yanchgichi o‘rnatilgan. Ikkinchi bosqichdagi yanchish jarayonlari 2 ta MShS 3.7x3.1, 5 ta MShS 3.2x3.8 va 1 ta MShS 3.6x5.0 tegirmonlarda amalga oshirib boriladi. Fabrika tomonidan mis rudalari va mis eritish ishlab chiqarishlarining shlaklari qayta ishlanadi.

O‘ktam Abdurahmonov rahbarlik qilib kelayotgan texnologik smenaning Bahodir Jumanazarov va Akrom Aynaqulov kabi tegirmon-mashinistlari barcha tegirmonlar va ular bilan muvofiqlikda ishlovchi tasniflagich, nasos, gidrosiklon qurilmalari izchil va reglamentlarga muvofiq ekspluatatsiya qilinishini ta'minlab kelishmoqda. Bo‘limning flotatsiya bo‘linmasida jamoaviy flotatsiyalash sxemasi bo‘yicha konsentratlarning saralanishi ish hajmi 3.2 m3 bo‘lgan 35 qatorli flotatsiya mashinalarida olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Flotatsiyalash asosiy, nazorat va jamoaviy konsentratlarni ikki karra qayta tozalash bosqichlarini o‘z ichiga olgan. Boyitish mahsuloti va rudaga nisbatan foydali komponentning yuqori miqdoriga ega bo‘lgan konsentratlar olinishida Feruza Tursunaliyeva, Luiza Nazarenko va Malika Bahromova kabi flotatorlarning mahorat hamda tajribalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu hamkasb dugonalar asosiy foydali komponent, aralashmalar, namlik va granulometrik tarkibiga ko‘ra, konsentratlar tegishli davlat standartlari, texnik shartlar talablariga javob berishini ta'minlab kelishmoqda.

Sifat ko‘rsatkichlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etuvchi reagent eritmalarini tayyorlash uchastkasi ham bo‘limning tarkibiy qismi hisoblanadi. Tajribali muhandis- texnik xodim Gulchehra Kolbekova rahbarligi ostida mehnat qilib kelayotgan Zokir Rustamov va Sohib Ismatullaev kabi reagent erituvchilar reagentlarni tayyorlash, dozirovkalash, ularni sig‘imlarga to‘plash va texnologik jarayonlarga uzluksiz ravishda uzatib borishning o‘ziga xos uslubini yaratishgan. Mavjud texnologik uskunalarning doimiy sozligini ta'minlab borish ta'mir guruhi zimmasiga yuklatilgan. Sex mexanigi Ruslan Turabekov va energetik Tolib Mirsoatovlar hamjihatligida so‘nggi yillarda bo‘limning texnologik hamda energetika jihozlarida bir qator e'tiborga molik qayta jihozlash, qurollantirish ishlari olib borildi. Jumladan, flotatsiya mashinalari sig‘im idishlarini to‘liq qayta ta'mirlash, boyitmalarni tashuvchi quvur o‘tkazgich magistrallarini yemirilishlarga bardoshli plastmassali quvurlarga almashtirish kabi ishlar olib borildi. Jumatoy Jonizaqov va Abdurasul Tadjiboyev kabi chilangar-ta'mirchilar ayni kunlarda texnologik uskunalarda ekspluatasion ta'mir xizmatlarini o‘z vaqtida amalga oshirib borishmoqda. Energetika qurilmalarini bir maromida ishga tushishi, elektr dvigatellari tezligini va boshqa parametrlarini muvofiqlashtirib borishda ahamiyatli bo‘lgan chastotali qayta muvofiqlashtiruvchilarni joriy etish, yangi energiya samarador elektr dvigatellarini yangilash borasida ham ishlar keng miqyosda olib borilayapti. Hisobot yilining birinchi oyida Muzaffar Ashurov rahbarlik qilib kelayotgan Yanchish va flotasiyalash bo‘limi tomonidan rudalarni qayta ishlash ko‘rsatkichi 104,1%ga, metallarning konsentratga saralanib olinishi 128,3% ga bajarilishiga muvaffaq bo‘lindi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech