Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Hozirgi davrda har qanday qurilish puxta asoslangan loyiha hujjatlariga tayanilgan holda olib boriladi. Loyiha ishlari qurilishning bosh bo‘g‘ini hisoblanib, texnik ma'lumotlarni to‘plash, umumlashtirish, ishlovdan o‘tkazish va ma'lum bir inshootni bunyod etish uchun yakuniy asoslangan qarorni qabul qilishdek murakkab jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Ko‘z oldimizda qad rostlagan binoning viqorli ko‘rinishi nafaqat quruvchining, balki loyihalovchi-arxitektorning mashaqqatli mehnatiga chambarchas bog‘liq. “Olmaliq KMK” AJ Loyiha ishlari boshqarmasining shonli tarixi, bugungi vazifalari va istiqbolli loyihalari xususida boshqarma boshlig‘i Anvar Uraimov o‘z fikrlarini bildiradi.
- Loyiha ishlari boshqarmasi 1958 yilda loyiha va konstruktorlik byurosi sifatida tashkil etilgan, 2003 yildan esa Loyiha ishlari boshqarmasi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining 2008 yildagi “Loyiha-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, OKMK Loyiha ishlari boshqarmasi respublikamizning yetakchi loyiha- tadqiqot tashkilotlari qatoridan o‘rin oldi. Hozirgi kunda boshqarmamiz 5 ta bo‘lim, 3 ta sektor, bosh muhandislar byurosi va arxivdan iborat.
So‘nggi yillarda LIB tomonidan kombinat zavod va fabrikalarini yangi zamonaviy texnik ishlab chiqarish uskunalariga almashtirish va uning natijasida ish unumdorligini oshirish, mahsulotlar tannarxini tushirish va mahsulotlar sifatini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada 3954-sonli Prezident qarori ijrosi doirasida Rux zavodi, Mis eritish zavodi va Mis boyitish fabrikalarida katta rekonstruksiya ishlari olib borilayapti. Bu ishlarning barchasi boshqarmamiz xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida bajarib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 martdagi “Yoshlik I” koni negizida “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash yo‘lida ham LIB bir qator loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqmoqda. Xususan, “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investision loyihasi doirasida Mis eritish zavodida sig‘imlari quvvati 40 ming tonnani tashkil etadigan
sul'fat kislotasi ombori loyihasi, elektrofil'tr loyihasi, MEZ hududidagi butun muhandislik tarmoqlarini yangilash, Markaziy ta'mirlash mexanika zavodini kengaytirish va qayta ta'mirlash sexi, Qalmoqqir kon boshqarmasi, Texnologik transport boshqarmasi, texnologik temiryo‘l transporti ob'ektlari loyihalari shular jumlasidandir. Bundan tashqari, kombinat tasarrufidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari, bolalar oromgohlarini rekonstruksiya qilish, qayta ta'mirlash ishlari uchun loyihalar ham LIB tomonidan amalga oshiriladi.
Hozirgi kunga kelib Loyiha ishlari boshqarmasi asosan yosh iqtidorli muhandislardan tashkil topgan. Jamoa tarkibiga kelib qo‘shilgan yoshlarning aks ariyati xorijiy va mahalliy oliy ta'lim muassasalarining bitiruvchilaridir. MISiS, Tomsk politexnika instituti, Donessk va Dnepropetrovsk politexnika institutlari, Toshkent arxitektura va qurilish instituti hamda Toshkent davdat texnika universiteti bitiruvchilari bo‘lgan yoshlarimizning o‘z sohasi sirlarini dadil o‘zlashtirib borishayotgani quvonchlidir. A.Mavlyanov, N.Timshina, N.Lukashonok, N.Kozlova, I.Kudryavseva va G.Polgorskaya kabi ko‘p yillik boy tajribaga ega bo‘lgan xodimlarimiz, yosh mutaxassislarimiz jamoamizda har taraflama o‘rnak bo‘lib kelishmoqda.
Hasan ABDULLAYEV yozib oldi