Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Sir emas, yozning issiq kunlarida barchamiz choʻmilish havzalariga ehtiyoj sezamiz. OKMK rahbariyati tomonidan kombinat ishchi-xodimlarini issiq kunlarda munosib dam olishlarini tashkil qilish uchun bir qator sharoitlar yaratildi.
Jumladan, “Tuyaboʻgʻiz” suv omborining qirgʻogʻida joylashgan “Avtomobilchi” dam olish maskani mavsumga shay holatga keltirildi.
Ushbu dam olish maskani joriy yilning 10 iyun kuni rasman bu yilgi mavsumda oʻz faoliyatini boshladi. Ochilish marosimida ishtirok etgan OKMK Ijro apparati avtotransport va logistika boʻlimi boshligʻi Mashrab Xoliqov, Avtomobil transporti boshqarmasi boshligʻi Aziz Saidqodirov soʻz olib, ushbu maskanda kombinat ishchi-xodimlarining maroqli dam olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini, tabiat qoʻynidagi mazmunli hordiq ish unumdorligini oshirishini ta’kidlashdi.
Tadbir davomida “Metallurg” MS ijodiy guruhlarining musiqiy chiqishlari barchaga xushkayfiyat bagʻishladi. Ayniqsa, dam oluvchilar oʻrtasida tashkil etilgan sovrinli musobaqalar dam oluvchilarda katta taassurot qoldirdi.
“Avtomobilchi” dam olish maskani yoʻllanmalari kombinat ishchi-xodimlari uchun imtiyozli narxlarda belgilangan. Maskanga borib, kelish uchun transport xizmati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 3 mahal ovqat ham tashkil etilgan.
Maskanda kattalar va bolalar uchun choʻmilish basseynlari, tapchan hamda uychalar va mehmonxonalar mavjud boʻlib, dam oluvchilar uchun oʻzlari istagan ovqatlarini tayyorlashlariga ham sharoitlar muhayyo etilgan.
Shuningdek, dam oluvchilar sportning futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi kabi turlari bilan ham mashgʻul boʻlishlariga imkoniyatlar yaratilgan.
Xalq tilida “Toshkent dengizi” deya nomlanuvchi suv omborining qirgʻogʻida plyaj ham tashkil etilgan boʻlib, sohildan belgilangan chegarada dam oluvchilar choʻmilishlari mumkin boʻladi. Ularning xavfsizligi uchun Fuqaro muhofazasi otryadidan qutqaruvchilar hamda biriktirilgan. Salomatligimiz posbonlari boʻlgan shifokorlar esa doimo dam oluvchilarning sogʻligiga mas’ul.
Bir soʻz bilan aytganda, haftaning dushanba kunidan tashqari, har kuni dam olish maskani kombinat ishchi-xodimlari va ularning oila a’zolarini, ishlamaydigan pensionerlarni qabul qiladi.
Axborot xizmati