"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33“Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasining birinchi bosqichi mamlakatimiz sanoat salohiyatini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Mazkur bosqich doirasida barpo etilgan 3-Mis boyitish fabrikasi texnologik jihozlanish darajasi bo‘yicha nafaqat respublikada, balki mintaqada ham yirik loyihalardan biri sanaladi. Ayniqsa, korxonada o‘rnatilayotgan NCF-72724712-FL3 markali zamonaviy aylanma suv sovutish inshooti ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va resurslardan tejamkor foydalanish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur inshoot boshqa fabrikalarda qo‘llanilmagan bo‘lib, yuqori issiqlik yuklamalarida ishlaydigan uskunalar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. U Maydalash sexidagi 6 dona HPGR 24/19-9 yuqori bosimli valokli maydalagichlar, o‘rta maydalash binosidagi 8 dona KSD 3000/1500 markali maydalagichlar hamda Yanchish va flotatsiyalash sexidagi 12 dona МShTs 13000/7300 sharli tegirmonlarning moyli tizimlarini sovitish uchun mo‘ljallangan. Sovutish tizimi uchta minoradan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi ishchi, bittasi esa zahira sifatida xizmat qiladi. Har bir minoraning quvvati 700 m³/soat bo‘lib, umumiy samaradorlik 1400 m³/soatni tashkil etadi. Jarayon davomida moyli tizimdagi issiqlik suvga o‘tkazilib, 40 °C gacha qizigan suv purkagichlar yordamida 2–3 millimetr o‘lchamdagi tomchilarga bo‘linadi va ventilyator yordamida bug‘lanish hisobiga 30 °C gacha sovutiladi. Bug‘lanish jarayonida yo‘qotilgan suv miqdori soatiga 31 m³ qo‘shimcha suv bilan qoplanadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, an’anaviy sovutish tizimlarida bitta yirik maydalagich yoki tegirmonning moyli tizimini samarali sovutish uchun o‘rtacha 100–120 m³/soat suv sarflanadi. 3-Mis boyitish fabrikasida esa aylanma suv sovutish minorasi hisobiga umumiy suv sarfi 30–35 foizgacha kamayadi, bu yiliga 12–13 million m³ gacha suv resurslarini tejash imkonini beradi. Taqqoslash uchun, bunday hajmdagi suv yirik sanoat korxonasi uchun bir necha oylik iste’molni qoplashga qodir. Shuningdek, tizimning to‘liq avtomatlashtirilgani inson omilini 70–80 foizga qisqartirib, ekspluatatsiya xavfsizligini oshiradi va texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytiradi.
Mazkur sovutish inshootining joriy etilishi 3-Mis boyitish fabrikasiga bir vaqtning o‘zida ekologik va iqtisodiy ustunliklarni beradi. Soatiga 1400 m³ suvni tejash imkoniyati nafaqat ishlab chiqarish tannarxini pasaytiradi, balki ekologik barqarorlikni ham ta’minlaydi. Shu jihatdan, aylanma suv sovutish minorasi jahon tajribasida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalarga mos keluvchi, resurs tejamkor va samaradorlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan yechim sifatida e’tirof etilishi mumkin.
Natijada, 3-Mis boyitish fabrikasida o‘rnatilgan ushbu inshoot “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish loyihasining global miqyosda zamonaviy kon-metallurgiya majmuasi sifatida shakllanishiga xizmat qiluvchi muhim omil bo‘lib, ishlab chiqarish barqarorligi va iqtisodiy samaradorligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Axborot xizmati