Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ma’lumki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy loyihalar doirasida kombinatga mamlakatimiz viloyatlari hamda xorijdan mehmonlar muntazam kelishmoqda.
Kelayotgan mehmonlarga shahrimizda vaqtinchalik yashashlarida qulay sharoitlar yaratish maqsadida OKMK rahbariyati tashabbusi bilan mavjud “Bahor” mehmonxonasi hududida yangi mehmonxona binosi barpo etildi.
Bugun ushbu mehmonxonaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda OKMK rahbariyati, faxriylar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
-Tadbirda soʻz olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov mazkur mehmonxona kombinatga tashrif buyurayotgan xorijlik hamkorlar uchun qulay sharoitlar yaratishini ta’kidlab oʻtdi. Oʻzbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni arafasida hamda joriy yilda bir qator obektlar qurilishi hamda rekonstruksiya qilinishi haqida ham ma’lum qildi. Amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi zamirida ishchi-xodimlar manfaati yotganini bildirdi.
Tadbirda obekt qurilishida ishtirok etgan Kapital qurilish boshqarmasi, Ijtimoiy obektlar boshqarmasi xodimlari hamda “Modern Building Firm” MCHJ pudrat tashkiloti bunyodkorlari esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi.
“Metallurg” MS badiiy dastalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi ham barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
2020 yil may-iyun oylarida qurilishi boshlangan mazkur mehmonxona bilan OKMK rahbariyati va tadbir ishtirokchilari yaqindan tanishishdi.
Zamonaviy, barcha jahon standartlariga javob bera oladigan mazkur mehmonxonaning qurilish ishlariga pudratchi tashkilot sifatida “Modern Building Firm” MCHJ jalb etildi. Loyiha ishlarini esa «Partners project» MCHJ amalga oshirgan.
Obekt qurilishining umumiy qiymati 31,442 mlrd. soʻm (QQSsiz)ni tashkil etadi.
Mehmonxona 51 ta xonadan iborat boʻlib, shulardan 9 tasi lyuks va 42 tasi yarimlyuks hisoblanadi. 102 nafar mehmonga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega mehmonxonada trenajer zallari ham mavjud. Bino 4 qavatdan iborat boʻlib, “Hi tech” aqlli tizimi bilan jihozlangan.
Bunyodkorlar tomonidan topshirilgan mazkur mehmonxona Oʻzbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuniga oʻziga xos bayram sovgʻasi boʻladi.
Zamonaviy, bejirim dizaynga ega, barcha sharoitlar muhayyo qilingan “Bahor” mehmonxonasi poytaxtimizdagi otellar bilan ham bemalol raqobatlasha oladi.
OKMK Axborot xizmati