Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Inson qadri uchun” tamoyili asosida faoliyat yuritib kelayotgan OKMKda ishchi-xodimlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning salomatligi haqida qayg‘urish an'anaga aylangan.
So‘zlarimizning amaldagi ifodasini kuni kecha foydalanishga topshirilgan Mis boyitish fabrikasida ishchi-xodimlar uchun qayta ta'mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etayotgan yuvinish va kiyim almashtirish xonalari misolida ko‘rish mumkin.
Mazkur obyektning foydalanishga topshirilish sanasi 1 oktabr “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ga to‘g‘ri keldi. Ochilish marosimi qo‘shaloq bayramga ulanib ketdi.
Unda so‘z olgan fabrika direktori Ravshan Sidikov fabrikada uzoq yillardan beri faoliyat yuritib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini kelajak avlodga o‘rgatib kelayotgan ustozlarni bayram bilan tabrikladi hamda korxonadagi qilinayotgan ezgu ishlar, albatta, ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat ekanligini takidladi. Bundan tashqari, endilikda asosiy binoning yuvinish xonasi kapital ta'mirdan chiqarilishini bildirdi.
Marosim davomida bir guruh faxriy ustozlarga va yuvinish xonasining ta'mirlanishida ishtirok etgan xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng, ramziy lentalar qirqilib, ushbu obyekt rasman foydalanishga topshirildi.
Yuvinish xonasi zamon talablariga mos tarzda jihozlangan. 500 dan ortiq javonlar, sanuzellar yangisiga almashtirilgan. Dush kabinalari 16 tadan 33 taga ko‘paytirildi. 3 ta quritish xonalari qo‘shilgan. Eshiklar va derazalar plastik romlarga almashtirilgan. Yoritish va ventilyasiya tizimi ham yangilangan.
Qayd etib o‘tish joizki, ta'mirlash ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti mehnat jamoasi tomonidan amalga oshirilgan. Quruvchilar ta'mir ishlarini joriy yilning aprel oyida boshlashgan bo‘lsa qisqa vaqt ichida fabrikai mehnatkashlari uchun barcha imkoniyatlarni hozirlashdi.
OKMK uchun har bir ishchining ijtimoiy himoyasi ustuvor vazifa sanaladi. Mehnatkashlarni rozi qilish yo‘lidagi bunday ezgu amallar mubolag‘asiz, korxona faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Axborot xizmati