Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Har qanday sharoitda barqaror va uzluksiz ishlash faoliyatining asosini tashkil etuvchi Neft mahsulotlari ta'minoti boshqarmasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati sex va uchastkalarini zarur yoqilg‘i-moylash materiallari bilan uzluksiz ravishda ta'minlab kelmoqda.
Bugungi kunga kelib 160 nafar ishchi-xodimni o‘zida jamlagan boshqarma kombinatning Toshkent, Namangan, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida va bevosita shahrimizda joylashgan barcha obyektlarga xizmat ko‘rsatishda davom etmoqda.
Bu borada raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, korxona so‘nggi 8 oylik reja topshiriqlarini quyidagicha yakunladi: NMTB smeta xarajatlarini kamaytirish ko‘rsatkichi bo‘yicha rejadagi 10 990 282 mlrd so‘m o‘rniga 9 829 361 mlrd so‘m sarflangan holda 1 160 921 mlrd so‘m tejalishiga erishildi. Yoqilg‘i energetika resurslari ko‘rsatkichi bo‘yicha esa rejadagi 864 456 mln so‘mdan amalda 406 644 mln so‘m sarflanib, tejalgan summa 457 812 mln so‘mni tashkil etdi.
Boshqarma tomonidan joriy yilning 8 oyi mobaynida kombinat korxonalari 50 141 tonna dizel yoqilg‘isi va 363 tonna benzin yoqilg‘isi bilan ta'minlandi.
Ta'minot korxonasiga tashrif buyurar ekanmiz, bu yerda Mashrab Xoliqov rahbarligida raqamlashtirishga doir bir qator ishlar amalga oshirilayotganligiga guvoh bo‘ldik. Xususan, NMTBga qarashli avtotransport vositalariga elektron raqamlashtirish uskunasi - kvota o‘rnatilgan. Buning natijasida barcha ishlar ID kartalar orqali amalga oshirilib, ortiqcha qog‘ozbozlik, hujjatbozlik ishlari barham topgan. Shuningdek, ishchilarga beriladigan kunlik topshiriqlar ham elektron shaklga o‘tkazilganligini ham aytib o‘tish joiz.
- Mega loyiha sifatida e'tirof etilayotgan “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi amalga oshirilishi hisobiga boshqarmamiz faoliyati ham kengaytirilmoqda. Xususan, o‘tgan yillar davomida mazkur karyerda og‘ir o‘zi ag‘daruvchi transport vositalari va boshqa tog‘-kon texnikalariga yoqilg‘i quyish uchun mo‘ljallangan, har birining hajmi 30 kub metr bo‘lgan ikkita konteynerga yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘rnatildi. Ushbu konteynerlar ishga tushirilgach, kecha-yu kunduz uzluksiz yoqilg‘i quyish ta'minlandi. Bu esa o‘z navbatida kombinat korxonalarida ishlab chiqarish jarayonida samaradorlik va unumdorlikka xizmat qilmoqda. Shuningdek, “Yoshlik I” koniga ikkita 30 kubli KAZS o‘rnatilgan bo‘lib, ular BelAZlarning yoqilg‘i olish vaqtida kutib qolishlarini kamaytirmoqda. Joriy yil oxirigacha 1 dona ana shunday 30 kubli KAZSni Qalmoqqir koniga o‘rnatish rejalashtirilgan. Natijada BelAZlarni yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bilan ta'minlash yanada tezlashadi, - deydi boshqarma boshlig‘i Mashrab Xoliqov.
Transport - iqtisodiyot uchastkasi boshqarmaning asosiy bo‘linmalaridan biri sanaladi. Bo‘linmaning vazifasi butun kombinat korxonalari bo‘ylab yoqilg‘i-moylash materiallarini avtotransport vositalariga o‘z vaqtida uzluksiz yetkazib berishdan iborat.
Mazkur jabhada, ya'ni seksiya balansida 31 ta avtotransport, 4 tonnadan 18 tonnagacha sig‘imli sisternalar va yonilg‘i tashuvchi avtomashinalar mavjud. Ularning barchasi GPS navigatsiya tizimlari, yoqilg‘i darajasi sensorlari va signallarni qabul qilish moslamalari bilan jihozlangan. Ushbu avtotransport vositalari haydovchilari bo‘lgan Abdujalil Ahmedov, Abdurazzoq Mambetov, Baxtiyor Xoljigitov, Alimardon Matmusayev, elektrchilangar Eldor Qarshiboyev, yoqilg‘i quyish shoxobchasi operatorlari - Nozima Uzakova, Shahnoza Karimova, Abdusattor Abduhamidov, Nigora Dostova, Charos Nurmuhammedova kabi o‘z ishini sidqildan bajarib, mehnati bilan ibrat bo‘lib kelayotgan ishchi-xodimlarning fidoyiliklari bois bugun Neft mahsulotlari ta'minoti boshqarmasi ravnaq va marralar sari dadil odimlab bormoqda, deyish mumkin.
Ishlab chiqarish bamisoli bir zanjirdir. Mana shu zanjirning mukammal va og‘ishmasdan harakatlanishi uchun Neft mahsulotlari ta'minoti boshqarmasining faoliyati muhim ahamiyatga ega ekan, soha vakillarining ushbu mas'uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA