"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33OKMK Neft mahsulotlari ta’minoti boshqarmasi tasarrufidagi 21-avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida yonilg‘i mahsulotlari bilan ishlashda xavfsizlik va texnika xavfsizligi talablari o‘rganildi. Ushbu o‘rganishlar davomida AYOQSh hududida favqulodda vaziyatlar, yong‘inlar va baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan qat’iy qoidalar hamda me’yorlarga amal qilinishi lozimligi ta’kidlandi.
Neft mahsulotlari bilan ishlashda xavfsizlikni ta’minlash uchun belgilangan qoidalar quyidagi bir necha muhim yo‘nalishni qamrab oladi.
Birinchi navbatda, Rezervuarlar texnik pasportda ko‘rsatilgan sathgacha, biroq umumiy sig‘imining 85 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘ldirilishi kerak. Texnologik uskunalar statik elektrdan himoyalangan bo‘lishi shart. Lyuklar, eshiklar va texnologik quduqlarning qopqoqlari uchqun hosil qilmaydigan materiallardan tayyorlanishi yoki maxsus himoya qistirmalari bilan ta’minlanishi lozim. Rezervuarlarni yonilg‘i bilan to‘ldirish faqat yopiq usulda amalga oshiriladi.
Yonilg‘i bug‘larini chiqarishga mo‘ljallangan deaeratsiya quvurlarini berkitish mumkin emas.
Ikkinchi muhim bosqich — benzinni avtosisternalardan qabul qilib olish jarayonidir.
Avtosisternadan benzinni rezervuarga to‘kish jarayoni shoxobcha xodimlari va avtotsisterna haydovchisi tomonidan uzluksiz nazorat qilinishi kerak. Har bir avtotsisterna to‘kish jarayoni boshlanishidan oldin alohida yerga ulanadi. Yerga ulash moslamasini faqat yonilg‘ini to‘kish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin uzishga ruxsat etiladi. AYQSH hududida bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq avtotsisterna bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Sisterna qopqog‘i va tiqinlarini bolg‘a, keskich yoki uchqun chiqarishi mumkin bo‘lgan boshqa vositalar bilan ochish taqiqlanadi. Buning uchun maxsus kalitlardan foydalanish kerak.
Uchinchidan, AYOQSh hududida avtomobillarga yonilg‘i quyish vaqtidagi masofa va qat’iy tartibga rioya qilinishi kerak. Yonilg‘i quyilayotgan avtomobil bilan undan keyingi transport vositasi orasida kamida 3 metr masofa saqlanishi kerak. Navbatdagi boshqa avtomobillar orasidagi masofa kamida 1 metr bo‘lishi lozim. Har bir avtomobil shoxobcha hududidan mustaqil chiqib ketish imkoniyatiga ega bo‘lishi shart. Mototexnika dvigateli o‘chirilgan holda kolonkaga olib kelinadi. Uning dvigatelini ishga tushirish yoki o‘chirish kolonkadan kamida 15 metr uzoqlikda amalga oshiriladi. Yonilg‘ini avtomobil bakiga quyish jarayonida haydovchi bevosita ishtirok etishi kerak. Benzinni shisha idishlarga yoki antistatik himoyasiz polietilen idishlarga quyish taqiqlanadi.
To‘rtinchidan, AYOQSh hududida baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida quyidagi harakatlar qat’iyan taqiqlanadi:
Dvigateli ishlab turgan transport vositalariga yonilg‘i quyish;
Momaqaldiroq vaqtida yoki atmosferada elektr zaryadlanishi (yashin chaqishi) xavfi mavjud bo‘lgan paytda rezervuarlarga yonilg‘i to‘kish va avtomobillarga benzin quyish;
Belgilangan maxsus holatlardan tashqari, transport vositalarining yer osti rezervuarlari ustidan harakatlanishi;
Yonilg‘i va moy bilan ifloslangan yoki statik zaryad hosil qiluvchi kiyimda ish olib borish;
Yo‘lovchilari ichidan tushirilmagan avtobus, mikroavtobus va boshqa jamoat transport vositalariga yonilg‘i quyish (engil avtomobillar bundan mustasno);
Xavfli yuk ortilgan maxsus transport vositalariga buning uchun mo‘ljallanmagan oddiy shoxobchalarda yonilg‘i quyish;
Yonilg‘i quyish va to‘kish joylaridan 20 metr radius masofada ta’mirlash, payvandlash (svarka) va boshqa yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan ishlarni bajarish.
Agar kutilmaganda benzin to‘kilib ketish holati kuzatilsa, zudlik bilan xavfsizlik choralarini ko‘rish lozim.
Yonilg‘i to‘kilgan joyda transport vositalari dvigatelini ishga tushirish mumkin emas. To‘kilgan neft mahsuloti ustiga qum sepiladi yoki maxsus shimdiruvchi vosita — adsorbent bilan tozalanadi. Ifloslangan qum, adsorbent va moyli matolar og‘zi mahkam yopiladigan metall idishga yig‘iladi va shoxobcha hududidan olib chiqiladi. Katta miqdordagi avariyaviy to‘kilishda hudud xodimlar tomonidan havo-ko‘pigi bilan qoplanadi.
Yong‘in xavfi yuzaga kelganda shoxobcha faoliyati darhol to‘xtatiladi, texnologik tizimlarning elektr ta’minoti o‘chiriladi, odamlar va transport vositalari xavfsiz hududga chiqariladi.
Yong‘in sodir bo‘lsa, zudlik bilan yong‘in-qutqaruv bo‘linmalariga xabar berish zarur.
Har bir xodim va mijoz yodda tutishi lozimki, benzin shoxobchasida xavfsizlikni ta’minlash faqatgina operatorning vazifasi emas. Shoxobcha rahbari, ishchi-xodimlar, avtosisterna haydovchilari va har bir keluvchi mijoz belgilangan ushbu qat’iy talablarga og‘ishmay rioya etishi shart.
Shuhrat Eshmatov,
Olmaliq sanoat xavfsizligi inspeksiyasi davlat inspektori