Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33...Qalmoqqir kon boshqarmasi Yoshlik-1 konida bir necha ishchi-xodimlar tomonidan o‘g‘rilik jinoyati sodir etildi. Nafsining quliga aylangan bu kimsalar bu hatti-harakatlari bilan o‘z mehnat jamoasiga xiyonat qilishdi. Ular konda asosiy ish faoliyatini olib boradigan ekskavatorning 4 dona drossel ehtiyot qismlarini o‘g‘irlab, o‘z ehtiyojlari yo‘lida sotib yuborishadi. Natijada esa kon ishlab chiqarish jarayonida muhim o‘rin tutuvchi ekskovator nosoz holga kelib, kon boshqarmasi tomonidan belgilangan ko‘rsatkichlarni bajarishga to‘sqinlik qilmoqda.
Hozirgi kunda mazkur jinoyat yuzasidan tergov surishtiruv jarayonlari olib borilmoqda va ushbu holat yuzasidan gumonlanuvchilar guvoh sifatida so‘roq qilinmoqda.
Sodir etilgan noxush holat bo‘yicha joriy yilning 17-yanvar kuni Qalmoqqir kon boshqarmasi ishchi-xodimlari ishtirokida profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston qahramoni, mehnat faxriysi Saydali Rahmonov, “Olmaliq KMK” AJ qoshidagi IIB tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Ixtiyor Jo‘raqulov, OKMK boshqaruv raisining maslahatchilari Umida Qarshiboyeva, Kamola Umaraliyeva, “Qalmoqqir” KB tovar moddiy boyliklarini butligini saqlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jamshid Hakimov, kon boshqarmasi mas'ullari ishtirok etishdi.
Tadbirda sodir etilgan jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, ularni bartaraf etish masalalari muhokama etildi. Mazkur jinoyatga oddiy e'tiborsizlik, beparvolik sabab bo‘lgani ta'kidlandi. O‘g‘rilik sodir etilganidan so‘ng ham ehtiyot qismlarning yo‘qligi haqida yuqori tashkilotlarning rahbarlariga yoki huquq-tartibot idoralari xodimlariga vaqtida xabar berilmagan.
- Yuqori mehnat marralarini zabt etib kelayotgan jamoada bunday holatning ro‘y berishi juda afsuslanarli, - deydi O‘zbekiston qahramoni Saydali Rahmanov. – Nima uchun o‘g‘rilik sodir etganlarning atrofidagi hamkasblari ularni to‘xtatib qolmadi yoki rahbariyatga bu haqda zudlik bilan xabar berishmadi? Axir bu ishingiz peshona teringiz bilan halol pul topib mehnat qilayotgan ish joyingizga nisbatan bu katta xoinlikku. Nafsiga qul bo‘lgan o‘sha kimsalar bugun hamkasblarining va oila a'zolaridan oldidan nima degan odam bo‘ldi? Sizlarga nima yetmaydi? O‘z vaqtida oylik maoshingizni olsangiz. Barcha sharoitlarga ega zamonaviy texnikalarda ishlasangiz. Bizga bu sharoitlar avval orzu bo‘lgan. Bu holat mehnat jamoasiga judayam katta dog‘ bo‘ldi. O‘ylaymanki, ushbu holatdan hamma ishchi-xodimlar, yosh mutaxassislar o‘zlariga kerak bo‘lgan xulosani chiqarib olishadi.
Muhokamalar jarayonida mas'ullar tomonidan har bir ishchi-xodimning qanday muammo va takliflari bo‘lsa kombinat rahbariyati ularni tinglashga tayyor ekanligi, buning uchun bemalol murojaat qilishlari mumkinligi bildirildi.
Axborot xizmati