Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Olmaliq kon-metallurgiya kombinati O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim bir bosqichida turuvchi sanoat korxonasidir. “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv Kengashi ma'muriyati hamda OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi har besh yilda bir marta ko‘rib chiqib tasdiqlanuvchi Jamoa shartnomasi asosida hamjihatlikda faoliyat olib boradi.
Ikki tomonlama hamkorlik namunali yo‘lga qo‘yilganligini mehnatkashlar va kombinat faxriylarining ijtimoiy muhofazasi yo‘lida tahsinga loyiq ishlar amalga oshirilayotgani hamda ijtimoiy ob'ektlarda yaratilgan shart-sharoitlar, qo‘lga kiritilayotgan natijalarda ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, kombinat 35 dan ziyod millat va elatlar vakillari ahil mehnat qilib kelayotgan va o‘z safida 40 mingdan ziyod ishchi-xodimlarni birlashtirgan korxona hamdir. Mazkur mehnat jamoasi kombinatning sanoat salohiyatini yuksaltirish, yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga erishish, matonatli mehnati evaziga munosib ish haqi olish, farzandlarini kamolga yetkazish, tili, dini, e'tiqodidan qat'iy nazar do‘stlik va hamjihatlikda yashashdek bir maqsad yo‘lida birlashgan.
Kasaba uyushmasi oldida esa jamoadagi ijtimoiy barqarorlik, millatlararo totuvlik, O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilib kelayotgan millatlar an'analari va urf-odatlarini hurmat qilish, jamoada barqaror ma'naviy-ruhiiy iqlimni shakllantirish vazifasi turadi. Bu kabi ishlarni bizning xodimlarimiz nafaqat o‘z jamoalarida, balki qadrdon shahrimizda ham amalga oshirib borib, shaharda istiqomat qilib kelayotgan barcha xalqlar va millatlar o‘rtasida do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik an'analarini mustahkamlash yo‘nalishida samarali natijalarga erishib kelmoqda.
Kombinat Ijro apparati Ofis-menedjer xizmati tarjimoni Shahnoza Isayeva shahrimiz rus milliy madaniyati tadbirlarining tashkillashtirilishi va o‘tkazilishida faollik ko‘rsatib boradi. U joriy yilning 10 aprelida Milliy tadqiqotlar texnologik universiteti “MISiS” Olmaliq filiali maydonida TruD total diktant testi o‘tkazilishining tashkilotchilaridan biri bo‘ldi. Yosh avlodni insonparvarlik, internasionalizm g‘oyalariga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan hissasi uchun Shahnoza Tolipovna fuqarolar til madaniyati “Total diktant” jamg‘armasining direktori, RF Prezidenti huzuridagi rus tili bo‘yicha Kengash a'zosi O.Rebkovesdan tashakkurnoma xatini oldi.
Chistopolova Tatyana Valeryevna - Ijro apparati Korporativ munosabatlar xizmat i registatori lavozimida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga u Respublika Ukrain madaniyati “Slavutich” markazi Olmaliq bo‘limi rahbari ham hisoblanadi. Ukrain xalqi vakillari shahrimiz va mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida o‘tkazib kelinadigan davlat va xalq bayramlarining doimiy hamda faol ishtirokchisi hamdir. Olmaliq Ukrain markazi tavsiyasiga ko‘ra, 32 nafar yoshlarimiz Donessk va Dnepropetrovskdagi oliy o‘quv yurtlarida ta'lim olishib, ularning 31 nafari qadron shaharlariga qaytishib, kombinatga doimiy ishga joylashishdi.
Kombinat bosh hisobchisi - Ten Natalya Konstantinovna Olmaliq Koreys milliy markazining faol a'zo si sifatida ham tanilgan. Mazkur markaz shahrimizning kam ta'minlangan aholisi va yoshi ulug‘ keksalarini qo‘llab-quvvatlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish borasida e'tirofga molik ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, oziq- ovqatlar jamlamalari, ehtiyojmandlarga nogironlik aravachalarini ajratib keladi. Shu bilan birga markaz O‘zbekiston xalqlari bayrami, milliy liboslari va taomlari festivallarini o‘tkazishni yaxshi an'anaga aylantirgan. Eng asosiysi, koreys xalqining tili va an'analarini saqlab qolish va avlodlarga yetkazishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.
Bularning barchasi har bir inson uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki o‘zaro hurmat, hamjihatlik, shukronalik, baxtli hayotning va tolerantlikning muhim shartlari hamda jamoa va jamiyatda totuvlik, bag‘ri kenglikni ta'minlashning yo‘lidir.
Abduvohid ShODIYEV,
OKMK Ijro apparati kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari