Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-332007-yilning mart oyida “Olmaliq KMK” AJ “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti bazasida ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari uchastkasi tashkil etildi. Oradan ikki yil o‘tmasdan bu uchastka mustaqil ishlab chiqarish boshqarmasi sifatida qayta tashkil etildi.
Texnologik uskunalar va texnologik quvurlarda kapital va joriy ta'mir ishlarini, binolar va inshootlarda kapital ta'mir va kimyoviy himoya ishlarini olib boruvchi, gazlardan tozalash, ventilyatsiya qurilmalarini tayyorlash va ta'mirlash, temir-beton qurilmalarini ishlab chiqarish, issiqlik energetika uskunalari ta'miri hamda OKMK sexlari uchun sanoat ventilyatorlarini tayyorlash va montaj qilish vazifasini amalga oshiruvchi Ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari boshqarmasi faoliyati ko‘lami yildan yilga ortib bordi.
Kapital qurilish boshqarmasi obyektlarida qurilish-montaj ishlarini olib borish maqsadida 2012-yilning iyulida ITIB tarkibida yangi 7-sonli uchastka tashkil etildi. Yosh, serg‘ayrat va umidli muhandis-texnik xodimlardan biri bo‘lgan Ixtiyor Galiyev yangi uchastkaga rahbar etib tayinlandi. Qisqa vaqt ichida uchastka boshqarmaning eng ilg‘or uchastkalaridan biriga aylana oldi.
Yangi 4-Sulfat kislotasi sexini qurish, Angren mustaqil iqtisodiy zonasida Mis quvurlari zavodi, MBFda yuqori tezlikli quyuqlashtirgich uskunasi, 12 ming o‘rinli “OKMK” sport majmuasi qurilishi, 2-MBF Yanchish va flotasiyalash sexiga yangi MShR tegirmoni o‘rnatishni o‘z ichiga olgan rekonstruksiya ishlari 7-uchastka jamoasi tomonidan sharaf bilan uddalandi.
Uchastka quruvchi-ta'mirchilari shu kunlarda OKMKning eng muhim investitsiya dasturlari ijrosi hamda asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini texnik va texnologik qayta qurollantirish ishlarida faol ishtirok etib kelishmoqda.
Joriy yilning boshida boshlangan 2-MBF asosiy texnologik uskunalaridan hisoblanuvchi 5- va 5-a- transportyor konveyerlarida to‘liq demontaj ishlari, mazkur uskunalarning asoslari, yo‘naltiruvchi va yakuniy barabanlari, konveyer roliklari va rezinali tasmalarini to‘liq almashtirish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Bundan tashqari, “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investisiyaviy loyihasi doirasida Texnologik transport boshqarmasiga keltirilgan yuqori quvvatli BelAZ avtogigantlari kuzovlarini yig‘ish ishlari ham uchastka jamoasi tomonidan belgilangan muddatlarda yakunlandi. Ayni vaqtga kelib Ixtiyor Galiev yo‘lboshchiligidagi uchastka ta'mirchilari MBFning Yanchish va flotatsiyalash sexi 6-monoseksiyasiga o‘rnatilgan flotatsiya mashinalarining 1-, 2-, 3- va 4-bo‘lmalarida joriy ta'mir ishlarini jadallikda olib borishmoqda. Yildan-yilga ishlab chiqarish quvvatlari oshirib borilayotgan fabrikaning 2-Maydalash va boyitish majmuasidagi 6-tegirmon ichki zirh qoplamalarini almashtirish ishlari ham o‘zining yakuniy pallasiga kirdi.
Joriy hisobot yilining o‘tgan sakkiz oyi davomida 11 671 mln. so‘m kapital-qurilish va ta'mir montaj ishlari bajarilib, belgilangan reja 113%ga bajarilgani 7-uchastka jamoasining g‘ayrat va shijoatidan dalolat beradi.
Hasan ABDULLAYEV