Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Boyituvchilar uchun foydali kitob

17 Aprel 2025, 10:44 977

Har qanday kitob insoniyat rivojlanishiga xizmat qilishi kerak.

Texnika fanlari nomzodi To‘lqin Shakarov va texnika fanlari doktori Abdurashid Hasanovlar hammuallifligida chop etilgan “Foydali qazilmalarni boyitish va qayta ishlash asoslari” nomli yangi kitobni haqiqatdan ham bilimlar xazinasi sifatida baholasak xato qilmagan bo‘lamiz.

Yangi kitobni varaqlar ekanmiz, bu bitik boyitish sohasi mutaxassislarining eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilimlar qo‘rg‘oni, u - fikrlash quroli, tafakkur manbai ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Foydali qazilmalarni qayta ishlash va boyitish texnologiyalari asoslarini o‘rganish kon-metallurgiya sohasi mutaxassislari uchun muhim zaruriyatdir.

Tan olish kerak, ayni kunga kelib mazkur yo‘nalishlarda ilmiy va texnik adabiyotlar, risolalar nihoyatda sanoqli. Ushbu darslik esa konchilik va metallurgiya sohasining barcha mutaxassislari, tadqiqotchilar, magistrlar, talaba va o‘qituvchilar uchun ishonchli qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Mazkur darslik to‘rt bo‘limdan iborat bo‘lib, 16 ta bobni o‘z ichiga oladi. Kitobning birinchi bo‘limida foydali qazilmalarga doir asosiy ma'lumotlar, ularning boyitishning maqsadi va vazifalari, boyitish usullari va jarayonlarini tasniflash, mineral xom ashyolarni qayta ishlashning texnologik ko‘rsatkichlari o‘z ifodasini topgan. Xom ashyolarni boyitishga tayyorlash: maydalash, g‘alvirlash, yanchish, gidravlik tasniflash jarayonlari kitobning ikkinchi bo‘limida batafsil ko‘rib chiqilgan. Foydali qazilmalarni boyitishning flotatsiyalash, gravitatsiya, magnit, elektrik, radiometrik, kimyoviy va fizik-mexanik usullari kabi asosiy jarayonlari navbatdagi uchinchi bobda yoritib berilgan. Shuningdek, ushbu bo‘limda minerallarni fizik va kimyoviy xususiyatlariga ko‘ra ajratish jarayonlarining nazariy asoslari, qo‘llaniladigan asosiy uskunalar va ularning texnologik omillari, prinsipial boyitish sxemalari va boyitishning texnologik ko‘rsatkichlari ham ushbu bo‘limda bayon qilingan.

Quyuqlashtirish, filtrlash, termik quritish kabi yordamchi jarayonlarida mahsulotlarni suvsizlantirish, changsizlantirish, oqova suvlarini tozalash, aglomeratsiya, qumoqlash va briketlash bosqichliklari orqali mayda zarrachalarga nisbatan yirik bo‘lgan bo‘lakchalarni olish jarayonlari ko‘rib chiqilgan. Shunisi diqqatga sazovorki, mazkur bo‘limda boyitish fabrikalarida mehnat muhofazasi masalalariga ham to‘xtalib o‘tilgan.

Fan-texnika taraqqiy etgan, axborot almashinuvi tobora taraqqiylashib borayotgan davrda mamlakatimizning barcha sohalarida bo‘lgani kabi rangli metallurgiya sanoatida ham qator islohotlar, xususan, “Olmaliq KMK” AJ tomonidan bir qator mega loyihalar amalga oshirilmoqda. “Foydali qazilma larni boyitish va qayt a ishlash asoslari” kitobi texnik o‘quv adabiyotlarining yangi avlodi sifatida oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirishga xizmat qilishi bilan birga soha mutaxassislarining nazariy bilimlarini orttirishlarida muhim manba bo‘lishi muqarrar.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech