• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
  • Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Oromgohlar mavsumga shaymi?

04 Iyun 2025, 8:20 395

Joriy yilning 29 may kuni Boʻstonliq tumanidan joylashgan, OKMK tasarrufidagi “Metallurg” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida yozgi mavsumni tashkil etish boʻyicha seminar tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent viloyati komissiya a’zolari, oromgohlar rahbarlari, tarbiyachilar, yetakchilar, oromgohlarda faoliyat yuritadigan tibbiyot, huquq-tartibot idoralari xodimlari, favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari,  sport yoʻriqchilari, hisobchilar, oshpazlar ishtirok etishdi.

Seminarda 2025 yil yoz mavsumiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada tashkil etishda kasaba uyushmalarining roli toʻgʻrisida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek seminarda oromgohlarda bolalarni dam olishlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan ta’lim-tarbiyaviy ishlar, sogʻlomlashtirish maydonchalarining faoliyatini takomillashtirish, toʻgaraklar faoliyati, malakali tibbiy profilaktik yordam koʻrsatish, oromgohlarda xavfsizlikni ta’minlash, sanitariya qoida va me’yorlari talablari, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jamoat tartibini saqlash, sport musobaqalarini tashkil etish kabi masalalar muhokama etildi. Mazkur mavzular yuzasidan mas’ullar ma’ruzalar qilishdi.

Seminar davomida oʻtgan yilgi mavsumda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklardan toʻgʻri xulosa qilgan holda, bu yilgi mavsumda bolalarni dam olishini mazmunli va sifatli tashkil etish boʻyicha mas’ullarga tegishli tarzda koʻrsatma va tavsiyalar berildi.

Ma’lumot uchun: Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida ham bu yilgi mavsumga qizgʻin tayyorgarlik koʻrildi.

Jumladan, Boʻstonliq tumanida joylashgan “Metallurg” BSO bu yilgi mavsumni rasman 11 iyun sanasidan boshlaydi.  Ushbu oromgoh 4ta smenada jami 800 nafar bolajonlarni oʻz bagʻriga qabul qiladi.

Boʻstonliq  tumanidagi yana bir oromgoh “Gulzor” esa  13 iyun sanasidan boshlab bolajonlarni qabul qiladi.  “Gulzor”da jami boʻlib bu yilgi mavsumda  1800 nafar bolajon miriqib dam olishi koʻzda tutilgan.

Jizzax viloyatining Zomin togʻlari orasida joylashgan  “Istiqlol” BSO 9 iyun sanasida boshlab oʻz faoliyatiga start beradi. Bu yerda 4 smenada 800 nafar bolajonlar dam olishi rejalashtirilgan.

Piskent tumanidagi “Tong” BSOda ham mavsumga qizgʻin tadorik koʻrildi. Bu yerda esa mavsum  14 iyundan ochilib, mavsum davomida 600 nafar oʻgʻil-qiz yozgi ta’tilni maroqli oʻtkazishadi.

Xondiza kon boshqarmasi ishchi-xodimlarining farzandlariga xizmat koʻrsatuvchi “Xondiza- Parvoz” bu yilgi mavsumda oʻz bagʻriga 200 nafar bolajonni qamrab olgan holda mavsumni 1 iyul sanasidan boshlaydi.

Bu yilgi yozgi ta’til davrida kombinat ishchi-xodimlarining 7-14 yoshdagi 4200 nafar  farzandlari bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida dam olishi rejalashtirilgan.

Bolajonlarning mazmunli dam olishlari uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech