• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Buyuk kelajak sizlarniki, aziz yoshlar!

21 Iyun 2024, 19:3 700

Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov kombinatda faoliyat yuritib kelayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

“Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda A.Xursanov yurtimizda yoshlar siyosati bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

- Kuni kecha Prezidentimiz raisligida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari bugungi murakkab vaziyatda barcha davlatlar ichki resurslarga tayanib, innovatsiyaga intilayotganini qayd etdi. Texnika oliygohlarida yo‘nalish va mutaxassisliklarni ishlab chiqaruvchilar talablariga mos ravishda o‘zgartirish zarurligi, “tannarx muhandisligi” (kost injiniring), yoki, “qiyoslash muhandisligi”, “Qayta muhandislik” (revers-injiniring) kabi yo‘nalishdarda kadrlar yetishtirish, yosh mutaxassislarga ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun sharoit yaratish, muhandislik oliy maktablarini barpo etish haqida gapirildi. Shuningdek, “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladigan bo‘ldi. Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual ta'limni yo‘lga qo‘yadigan bo‘lishdi.  E'tiborlisi, bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida  bir qator ishlar amalga oshirilgan, - deydi A. Xursanov. - Kombinatda yoshlar siyosatini olib borish, kadrlar zahirasini shakllantirish, yoshlarni qo‘llab quvvatlash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotir. Jumladan, kombinat yoshlarining malakasini doimiy oshirish va rahbarlik lavozimlarga tayyorlash maqsadida “Muhandislar maktabi” barpo etildi. Bundan tashqari, kombinat hozirda Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ayni paytda kombinatning 2 nafar yosh mutaxassisi doktorantura bosqichida ta'lim olishmoqda. Shuningdek, 2 nafar yosh mutaxassis ham Yaponiyaning Akita universitetida doktorantura bosqichida ta'limni davom ettirishayapti.

Shu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilib, kombinatning iqtidorli yoshlarini Germaniya va Xitoy davlatlarining yetakchi oliy dargohlarida o‘qitishni maqsad qilganmiz.

Tadbir davomida kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida iqtidorli, har tomonlama yetuk yoshlarning ham o‘rni borligi ta'kidlandi. Ayniqsa, dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda xorijiy tillarni bilish zarurligi aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida kombinat yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va o‘zlarining taklif hamda g‘oyalarini bildirishdi.

Tadbirda ishtirok etgan har bir yosh uchun turli xil badiiy adabiyotlar ham tuhfa etildi.

Shuningdek, tadbir doirasida Mis boyitish fabrikasi muzeyining ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Muzeyda fabrikadagi texnologik ishlab chiqarish jarayonini aks etgan maket, o‘tgan davrda fabrikada mehnat qilgan rahbarlar va faxriylar, erishilgan yutuqlar haqidagi ma'lumotlar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan turli tanlov va musobaqalarning g‘oliblariga diplomlar, qimmatbaho sovg‘alar, faol yoshlarning ota-onalariga tashakkurnomalar tuhfa etildi.

Jonibek Alijonov, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti yoshlar ittifoqi raisi: Bugungi kunda kombinatda yoshlarga barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yosh mutaxassislarni malakasini oshirish bo‘yicha kasb mahorat tanlovlari muntazam o‘ktazib kelinmoqda. Shuningdek, kombinatda “Yosh olimlar” kengashi ham tashkil etilib, kengash iqtidorli yoshlarni o‘z g‘oya va takliflarini ishlab chiqarishga tatbiq etishlariga ko‘mak beradi. Xorijiy tillarni o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlarga ham  nemis va ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha kurslar ham tashkil etilgan. Yana bir muhim jihat 40 mingdan oshiq qurilish bo‘yicha atamalardan iborat to‘plamning elektron platformasini yaratamiz. Ushbu qo‘llanma yoshlarga foydali bo‘ladi.

Ma'lumot uchun: bugungi kunda kombinatda yoshlar soni jami 10 871 nafarni tashkil qiladi. Ularning 2902 nafarini ayollar, 1432 nafarini oliy ma'lumotli yoshlar tashkil etadi. Rahbar va muhandis texnik xodimlar soni esa 600 nafardan ortiq.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech