Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Delfin” akvabogʻi – yozgi hordiq uchun eng maqbul maskan

24 Iyul 2026, 10:54 149

Yozning jazirama kunlarida salqin suv havzalarida hordiq chiqarish nafaqat maroqli dam olish, balki salomatlikni mustahkamlashning ham eng samarali usullaridan biridir. Suv muolajalari tanani chiniqtiradi, jismoniy faollikni oshiradi, issiqning salbiy ta’sirini kamaytiradi hamda kayfiyatni ko‘taradi. Ana shunday zamonaviy va barcha qulayliklarga ega maskanlardan biri — OKMK Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi tasarrufidagi “Delfin” akvabog‘idir.

2013-yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bayrami munosabati bilan foydalanishga topshirilgan ushbu dam olish majmuasi bugungi kunda kombinat ishchi-xodimlarining va hamshaharlarimizning sevimli hordiq maskaniga aylangan.

Maydoni 2,2 gektarni tashkil etuvchi akvabog‘ hududida bolalar va kattalarning mazmunli dam olishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Kattalar basseyni qulay va xavfsiz chuqurlikka ega bo‘lib, mehmonlarga bemalol suzish imkonini beradi.

Kichik yoshdagi bolajonlar uchun esa alohida havza barpo etilgan. Bu yerda o‘g‘il-qizlar suvda bemalol suzib, turli o‘yinlar orqali yozgi ta’tilni quvonchli va mazmunli o‘tkazishlari mumkin.

Adrenalin ishqibozlari uchun balandligi 7 metr bo‘lgan “Rafting”, shuningdek, 13 metrlik “Kamikadze” va “Oilaviy” attraksionlari xizmat ko‘rsatmoqda.
Majmuadagi suv zamonaviy ko‘p bosqichli tozalash tizimi orqali muntazam yangilanib turadi. Mexanik filtrlash va zararsizlantirish bosqichlari suvning musaffoligi hamda sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob berishini ta’minlaydi.

Akvabog‘ hududidagi ko‘p yillik daraxtlar, soyabonlar va shinam ayvonlar jazirama kunlarda salqin maskan yaratib, mehmonlarning qulay dam olishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, kiyinish xonalari va shaxsiy buyumlarni saqlash kameralarining mavjudligi tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

“Delfin” akvabog‘ining uzluksiz faoliyati OKMK Ijtimoiy obyektlar boshqarmasining malakali jamoasi tomonidan ta’minlangan. Obodonlashtirish xodimlari, texnik mutaxassislar, nazoratchilar, qutqaruvchilar, instruktorlar va kassirlar mehmonlarga yuqori saviyada xizmat ko‘rsatmoqda.

“Delfin” akvabog‘i direktori Sanjar Mamayusupovning ma’lum qilishicha, dam olish maskani har kuni soat 11:00 dan 21:00 ga qadar o‘z faoliyatini olib boradi. Joriy yilda akvabog‘dagi barcha attraksionlar kombinat tomonidan to‘liq ta’mirdan chiqarildi va tashrif buyuruvchilar xavfsizligi hamda qulayligi uchun sharoitlar yana-da yaxshilandi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, suv muolajalari yurak-qon tomir tizimi faoliyatini mustahkamlaydi, qon aylanishini yaxshilaydi, nafas olish a’zolari imkoniyatlarini kengaytiradi hamda organizmning turli kasalliklarga qarshi chidamliligini oshiradi. Bundan tashqari, suvning mayin shovqini, yengillik hissi va quvnoq muhit kundalik tashvishlardan chalg‘ishga yordam beradi. Faol dam olish jarayonida ajralib chiqadigan endorfin gormonlari esa kayfiyatni ko‘tarib, stressni kamaytiradi va uyqu sifatini yaxshilaydi.

Yozning har bir kunini mazmunli va unutilmas lahzalarga boy o‘tkazishni istasangiz, oila a’zolaringiz va yaqinlaringiz bilan “Delfin” akvabog‘iga tashrif buyuring. Bu yerda sizni musaffo suv, qulay sharoit va unutilmas hordiq kutmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech