• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi

30 Iyul 2021, 14:22 1586

“Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2021-yil 1-noyabrdan:

➖“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishda davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlar boʻyicha 50 foiz miqdorida chegirma qoʻllaniladi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno);

➖Davlat xizmatlari markazlari, “Litsenziya” axborot tizimi hamda YAIDXP orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari belgilangan muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun toʻlangan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning 50 foizi ularga 1 ish kunida qaytariladi. Bunda ariza beruvchiga tegishli davlat xizmati bepul koʻrsatiladi.

2022-yil 1-yanvardan ayrim davlat xizmatlarini (8 ta) koʻrsatishda undiriladigan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar miqdorlari kamaytiriladi.

2021-yil 1-dekabrdan:

chet elda doimiy yashovchi Oʻzbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi;

Oʻzbekistonda doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi;

litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun milliy valyutada belgilangan toʻlovlar BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilanadi (qonunchilik hujjatlarida toʻlovlar belgilanmagan yoki bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizidan kam miqdorda belgilangan hollar bundan mustasno).

Bo`lishmoq:
Text to speech