Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“ElSewedy Electric Group” kompaniyasi vakillari OKMKda bo‘lishdi

16 Yanvar 2026, 9:26 219

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi eng yirik va istiqbolli sanoat korxonalaridan biri sifatida jahonning yetakchi kompaniyalari va investorlari e’tiborini tortmoqda.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda dunyodagi ko‘plab davlatlarning kompaniyalari OKMK bilan hamkorlik aloqalarni o‘rnatishga katta qiziqish bildirishayapti.

Joriy yilning 15-yanvar kuni OKMKga tashrif buyurgan Misrning “ElSewedy Electric Group” kompaniyasi vakillari ham kelgusida kombinat bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish istagini bildirishdi.

“ElSewedy Electric Group” kompaniyasining MDH davlatlari bo‘yicha bosh biznes menejeri Abdulaziz Bashandi boshchiligidagi kompaniya vakillari dastlab, dunyodagi eng yirik konlardan biri bo‘lgan Qalmoqqir konida bo‘lib, kondagi jarayonni kuzatishdi.

Mehmonlarning navbatdagi manzili mega loyiha doirasida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Yoshlik I” koni bo‘ldi. “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish loyihasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va  O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan imkoniyatlarni taqdim etadi. Ushbu mega loyiha natijasida kombinat jahondagi eng yirik kon-metallurgiya majmualaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Mazkur loyiha OKMKning kelgusida barqaror rivojlanishining asosi bo‘lib, O‘zbekistonning jahon kon-metallurgiya sanoatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

Mehmonlar shuningdek, tashrif davomida Mis eritish zavodining Emallangan mis simlar ishlab chiqarish sexiga hamda Muhandislik maktabiga ham borishdi.

Tomonlar o‘rtasida tashkil etilgan muzokaralar davomida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

OKMKning xalqaro aloqalari uning jahon kon-metallurgiya sanoatiga integratsiyalashuvida va O‘zbekiston iqtisodiyotining eksport salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Ma’lumot uchun: “ElSewedy Electric Group” Misrning yirik transmilliy korporatsiyasi bo‘lib, energetika, infratuzilma va raqamli yechimlar sohasidagi jahondagi yetakchi kompaniyalardan biridir. 1938-yilda tashkil etilgan kompaniya, elektr mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonadan integratsiyalashgan infratuzilma yechimlarini taqdim etuvchi global gigantga aylangan.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech