• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Eng muhim energetika korxonasi

15 Oktyabr 2024, 9:36 301

1958-yilda foydalanishga topshirilgan Issiqlik elektr markazi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati asoslarida sanoat shahri qad rostlanishida ham muhim o‘rin tutdi. Mazkur markaz ishga tushirilganidan to hozirgi kungacha nafaqat OKMK korxonalarining issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini, balki shahar turar-joylari, ijtimoiy va iqtisodiy tarmoqlarini issiq suv va issiqlik energiyasi bilan to‘liq ta'minlab kelmoqda.

“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan hamkorlikdagi energiya tizimiga ega bo‘lgan IEMning elektr energiya ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlari 36 MVt/soatni, bug‘ bo‘yicha quvvatlari 390 tn/soatni, issiq suv bo‘yicha esa 300 Gkal/ soatni tashkil qiladi.

OKMK bo‘linmalari va shahar iste'molchilarini issiqlik energiyasi bilan ta'minlanishi IEM-2-MBF, IEM-MBF va IEM- 5-TBKZ bug‘ uzatish quvur magistrallari orqali amalga oshirilib kelinadi. Iste'molchilarga issiq suv yetkazib berilishi IEM-shahar I navbati, IEM-shahar II navbati hamda IEM-MBF issiqlik tarmoq magistrallari orqali yo‘lga qo‘yilgan. Ichki ehtiyojlarni qondirish va tashqi iste'molchilarga yetkazib berish maqsadlarida har birining quvvati 12 MVt.ni tashkil qiluvchi 3 ta quvur generatorlari ekspluatatsiya qilib kelinadi. IEM Qozon-trubina, Elektr, Kimyo, issiqlik tarmoqlari va yer osti kommunikatsiyalari sexlari, binolar va inshootlarni ta'mirlash uchastkasi hamda bir qator bosimni oshirib berish nasos stansiyalariga tayangan holda o‘z faoliyatini tashkil etgan.

Ko‘rinib turibdiki, IEM nihoyatda ko‘p tarmoqli energetika manbalari ishlab chiqarish va uni taqsimlash xo‘jaligiga ega. Markazimiz o‘zining 70 yildan ziyod tarixi davomida shonli yo‘lni bosib o‘tdi. Ayniqsa, mamlakatimiz mustaqilligi yillarida korxonaning energetika uskuna va jihozlarini texnik va texnologik qayta qurollantirish borasida e'tiborga molik ishlar qilindi. Jismonan o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan APT-12 quvur generatori zamonaviy avtomatlashtirilgan PR12/3,4-1,0/0,1 1-sonli quvur generatoriga almashtirildi. Oradan uch yil o‘tib, yana bir quvur generatori yangilanishi hisobiga markazning elektr energiyasi bo‘yicha quvvatlarini 24 MVt.dan 36 MVt.gacha oshirishga muvaffaq bo‘lindi. 2011 yilda tarmoq suvlarini isitib berishga mo‘ljallangan 4 ta PSV-200-7-15 uskunalarining qo‘shimcha ravishda o‘rnatilishi va past samaradorlikdagi PTVM suv isitish qozonlari qisman foydalanishdan chiqarilishi ham korxona ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida o‘zining ijobiy aksini topdi. Bug‘ ishlab chiqarilishida amalda qo‘llanib kelinayotgan BKZ-75/39 FB qozon agregati o‘rniga yangi E75-3,9-440GM2 (E-90) 5-sonli uskunasining montaj qilinishi va joriy etilishi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari keskin o‘sishiga xizmat qildi. Jarayonlarni boshqarish va nazorat qilib borish to‘liq avtomatlashtirilganligi va yuqori texnik iqtisodiy ko‘rsatkichlarni ta'minlashi bilan keskin farqlanib turuvchi mazkur uskuna IEMning bug‘ bo‘yicha quvvatlarining 390 tonna/soatgacha yetkazilishiga turtki berdi.

1959-yildan beri foydalanishda bo‘lgan APT-12 quvur generatorini PT-12/13- 3,4/1,0-0,1 2-sonli generator qurilmasiga almashtirish ishlari 2012 yilda o‘z yakuniga yetkazildi va bu qayta qurollantirish ham markaz ishlab chiqarish tizimida muhim rol' o‘ynadi. 2015 yilda quvvati 31,5 MVa bo‘lgan transformatorning quvvati 40 MVa.ni tashkil qiladigan ORU 110 KV transformatoriga yangilanishi esa IEM Elektr sexi faoliyatida keskin burilish yasadi.

Iqtisodiy-ijtimoiy tarmoqlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash doimo Issiqlik elektr markazimiz rahbariyatining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Joriy yilda ham mazkur yo‘nalish korxonamiz faoliyatining asosiy e'tiborida bo‘ldi. Yozning so‘nggi uch oyi davomida eng muhim quvur agregatlarimizda joriy ta'mir ishlarini yakunlashga muvaffaq bo‘ldik. Qozon-trubina sexi, Elektr sexi, Elektr va Kimyo sexlari tomonidan PTVM-100 6-sonli qozon agregatida o‘zaro hamjihatlikda olib borilgan kapital ta'mir ishlari avgust oyining birinchi o‘n kunligida yakuniga yetkazildi. BKZ-75/39 FB 1-, 2-, 3-sonli qozon agregatlarida amalga oshirilgan joriy ta'mir ishlari kuni kecha tugatildi va bu ta'mirlar muhim energetika qurilmalarimiz mas'uliyatli mavsumda barqaror faoliyat yuritishini kafolatlaydi. BKZ-75/39 FB 4-sonli qozon agregatimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan kapital ta'mir ishlari ham 1 oktyabr' kuni yakunlanib, ta'mirda ko‘zda tutilgan barcha ishlar to‘liq bajarilishiga erishildi.

Kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish borasida kombinat koxonalari, “Issiqlik manbai” korxonasi, shahrimizdagi boshqaruv servis kompaniyalari va boshqa bir qator tashkilotlar bilan birgalikda tezkor yig‘ilishlar o‘tkazilib, aniq vazifalar belgilab borilayapti.

IEM tomonidan yilning o‘tgan 9 oyi davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 146 055 ming kVt. ni tashkil qilgan holda reja 105,1%ga ortig‘i bilan bajarildi. Issiq suv va bug‘ ko‘rinishida tashqi iste'molchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi miqdori 283 054 Gkal.ni tashkil etib, reja 100,3%ga uddalandi. Barcha texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarning uzluksiz bajarilib borilayotganligi, energetika manbalarini ishlab chiqarish va yo‘qotishlarsiz iste'molchilarga yetkazib berilishi borasida to‘plangan boy tajriba kuz-qish mavsumi ko‘ngilsiz favqulodda holatlarni keltirib chiqarmasligida muhim omil bo‘lib qolishiga va OKMKning 75 yillik yubileyiga munosib sovg‘a bo‘lishiga ishonchimiz komil.

Muxtor Eshmatov,

Issiqlik elektr markazi bosh muhandisi

Bo`lishmoq:
Text to speech