• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Eng so‘nggi ekskavator montaji yakunlandi

28 Iyul 2023, 13:57 718

“Olmaliq KMK” AJ tomonidan bugungi kunga kelib umumiy qiymati 5340,4 mln dollarlik 4 ta loyiha yuqori sur'atlarda amalga oshirilmoqda. 2017-yilda start berilgan “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish loyihasining birinchi bosqichi ana shu loyihalar ichida eng salmoqlisi hisoblanadi. Mazkur loyiha doirasida yilning birinchi yarmida 446,2 mln dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilishiga muvaffaq bo‘lindi.

Shu kunga qadar 593 ta kon texnikasi xaridi amalga oshirildi. Megaloyiha sifatida e'tirof etilayotgan mazkur konda ekskavatorlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kon texnikalari yordamida kon ustki qatlami hamda ma'danlar qazib olinadi. Ayni paytda konda 33 dona EKG-10(2ta), EKG-15M(15 dona), EKG-20KM(1dona), EKG- 20K(15) rusumli ekskavatorlar va 23 dona SBSh-250 MN rusumli burg‘ulash uskunalaridan foydalanilmoqda. Mazkur kon texnikalari Ixtisoslashgan ta'mir ishlari boshqarmasining eng yosh va istiqbolli uchastkalaridan hisoblanuvchi 8-Texnologik qurilmalarni yig‘ish va montaj qilish uchastkasi ta'mir-montajchilarining matonatli mehnati hisobiga barqaror faoliyat yuritib kelmoqda.

- Uchastkamiz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan ilk davrlardanoq murakkab kon texnikalari montaji hamda ta'miriga qat'iyat va ishonch bilan kirishishimizda kombinat rahbariyati, shu jumladan ITIB ma'muriyatining ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi bizga har tomonlama dalda bo‘ldi, - deydi Texnologik qurilmalarni yig‘ish va montaj qilish uchastkasi boshlig‘i Abduqodir Mirahmedov. - Gigant ekskavatorning yig‘ish ishlariga Qalmoqqir kon boshqarmasining 125 tonnalik temiryo‘l krani ham jalb etildi. Kon texnikalarining montaji “UZTM-KARTEKS” MChJ vakilining doimiy kuzatuvi ostida olib borildi. Yig‘ish ishlari 4 smenada tashkil etilib, har bir smenada 10 nafardan mahoratli ishchi-xodimlarning faoliyat olib borishlari ta'minlandi.

Uchastkamiz jamoasi kon texnikalarini yig‘ishga kirishgan 2017-yildan buyon 34 ta ekskavator yig‘ilgan, shuning 2 tasi 10 metr kublik, 16 tasi 15 metr kublik, 15 tasi esa 20 metr kublik va 1 tasi 25 metr kublik ekskavatorlardir. Bundan tashqari, uchastkamiz montajchilari tomonidan kombinat konchilari uchun shu kunga qadar 23 ta SBSh-250 MNA rusumli burg‘ulash uskunalari yig‘ilgan holda foydalanishga topshirildi. Shuningdek, ustki qatlam jinslarini olib chiqilishida muhim ahamiyat kasb etayotgan yuk ko‘tarish quvvati 220 tonna bo‘lgan 29 ta va yuk ko‘tarish quvvati 130 tonna bo‘lgan 74 ta BelAZ avtogigantlarining kuzov qismi konservasiyadan chiqarilib yig‘ilishi ham muvaffaqiyatli olib borildi.

Yuqorida sanab o‘tilgan turli yo‘nalishdagi va murakkab montaj texnologiyalarini o‘z ichiga olgan vazifalarning yorug‘ yuz bilan uddalanishiga Ulug‘bek Mullajonov, Faxriddin Hakimov, Alimardon Pardaboyev kabi ishlab chiqarish ustalari mohirona rahbarlik qilib kelishdi. Oxunjon A'zamov, Sherzod Ne'matov va Oxunjon Madaliyev singari montajchi-ta'mirchilarimiz kon texnikalarini yig‘ishga tayyorlash, qat'iy talablar asosida montaj qilib, foydalanishga topshirilishida zo‘r g‘ayrat va shijoat ko‘rsatishdi. Uchastkamiz zimmasiga yuklatilgan ta'mir- montaj ishlarida yuqori sifat ko‘rsatkichlariga erishishda elektrgazpayvandlovchilar Ilhombek Nurtaev, Husniddin Mamrayev, Dilshod Djumanazarovlarning mahoratlari alohida ahamiyat kasb etdi.

“Olmaliq KMK” AJning “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” megaloyihasi 3 bosqichda amalga oshiriladi. Mazkur loyiha yana shunisi bilan e'tirofga molikki, ushbu loyihalarga sarflangan kapital qo‘yilmalar birinchi bosqichning o‘zidayoq to‘liq o‘zini oqlashi kutilmoqda.

OKMKning joriy yil hisobidagi investitsiyaviy loyihalari ijrosi doirasidagi ko‘rsatkichlar iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizasiya qilish, sanoatga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda investisiya jarayonlarini jadallashtirish borasida mamlakatimiz hukumati tomonidan belgilangan vazifalarga hamohang ekanligidan dalolat beradi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech