Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Yosh iqtisodchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, kasbga bo‘lgan qiziqishini va uning nufuzini yanada oshirish, shaxsiy intilishini qo‘llab-quvvatlash, intelektual rivojlanishi rag‘batlantirish hamda kombinat kadrlar zahirasi uchun yetuk va istiqbolli mutaxassislarni saralab olish maqsadida kombinat tarkibiy bo‘linmalari yoshlari o‘rtasida “Eng yaxshi yosh iqtisodchi-2022” kasb-mahorat tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan "Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" shiori ostida tashkil etildi.
Unda 30 yoshdan oshmagan, egallab turgan lavozimidan qat'iy nazar iqtisodiyot mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma'lumotga ega bo‘lgan ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Kasb-mahorat tanlovi 2-bosqichda iborat bo‘ldi.
Birinchi bosqichda ishtirokchilarning nazariy bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Bunda ularga 30 ta test savollari taqdim etildi va javob berish uchun 30 daqiqa vaqt ajratildi. Mazkur bosqichda eng yuqori natija ko‘rsatgan 10 nafar yoshlar tanlovning 2-bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ikkinchi bosqichda ishtirokchilarga iqtisodiyot yo‘nalishiga oid masalalar berildi va yozma tarzda javob berishlari talab etildi.
Tanlov natijalariga ko‘ra 3-o‘rin Neft ta'minoti boshqarmasi operatori Sayriddin Nurmanovga nasib etdi. 2-o‘ringa Markaziy ta'mirlash mexanika zavodining 1-toifali rejalashtirish bo‘yicha mutaxassisi Tat'yana Neretina munosib topildi. “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti 1-toifali iqtisodchisi Temur Solihov “Eng yaxshi yosh iqtisodchi” deya e'tirof etildi.
G‘oliblar kombinat yoshlar ittifoqi kengashi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.
Yana bir muhim jihat , tanlov g‘oliblari iqtisodiyot yo‘nalishida malakasini oshirishlari uchun tajribali mutaxassislarga biriktiriladi hamda rahbar kadrlar zahirasiga kiritiladi.
Axborot xizmati