E’tirof
30 Avgust 2022, 14:38
2338
Xabaringiz bor, 2022 yil 29 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farmoniga koʻra, mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan turli soha vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Mukofotlanganlar orasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari hamda hamshaharlarimizning borligi barchamizni quvontiradi.
Bugun OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan kombinat ishchi-xodimlari hamda hamshaharlarimiz bilan uchrashib, ularni samimiy muborakbod etdi.
- Siz azizlarni mehnatingiz davlatimizning yuksak e’tirofiga loyiq koʻrilgani barchamizni faxrlantirdi, - deydi A.Xursanov. – Ushbu mukofotlar sizlarga bejizga berilmadi. Mamlakatimiz olib borilayotgan islohotlarga oʻz hissalaringizni qoʻshishlaringiz, yoshlarga har tomonlama oʻrnak boʻlayotganingiz sabab mana shunday mukofotlarga sazovor boʻldingiz. Bundan keyin ham oʻz mehnatlaringiz bilan jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshasizlar. Yuksak mukofot muborak boʻlsin. Yana bir bor barcha kombinat mehnat ahli va hamshaharlarimiz nomidan siz azizlarni qutlab qolaman.
- Oʻzbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar yangi davrni boshlab berdi. Jadal oʻzgarishlar sanoat sohasida ham yuz berdi, - deydi “Doʻstlik” ordeni sohibi, Mis eritish zavodi metallurgiya sexi boshlig’i Olimjon Shodmonov. - Soʻnggi besh yil ichida kombinatimizda misli koʻrilmagan oʻzgarishlar boʻldi. Oʻzim kombinatda 40 yildan buyon ishlayman. Mehnat faoliyatimni oddiy ishchi boʻlib boshlaganman. Shu davr mobaynida koʻp voqealarni guvohi boʻlganman. Mustaqillik yillarida zavodimizda keng koʻlamli rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Prezidentimiz sanoat sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratayaptilar. “Yoshlik 1" konini oʻzlashtirish ishlari boshlandi. Yangi kon, yangi Misni boytish fabrikasi qurilayapti. Loyiha doirasida yangi metallurgiya kompleksi qurilishi boshlandi. Qurilayotgan yirik ob’ektlar minglab yangi ish oʻrinlarini yaratadi. Demak bizdan keyingi avlod ham ishimizni davom ettiradi. Meni davlat mukofotiga munosib deb topishibdi. Buning uchun Prezidentimizga, jamoamizga, kombinat rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman. Ushbu mukofotni barcha metallurglarniki deb bilaman.
- Kombinat nafaqat ishlab chiqarishda balki sport sohasida ham peshqadamlar safida,- deydi “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni sohibi OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining jismoniy tarbiya va sport boʻlimi, gandbol boʻyicha AGMK ayollar jamoasi murabbiysi Muminov Vladimir Murzanovich. – Gandbol boʻyicha ayollar jamoamiz mana bir necha yillardan buyon Oʻzbekiston chempioni va kuboklarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Prezidentimizning sportga boʻlgan e’tibori sabab bugun sportchilarimiz jahon arenalarini ham zabt etishmoqda. 50 yildan oshiq umrimni sportga bag’ishladim. Bu davrda AGMK va Oʻzbekiston milliy terma jamoasi qoʻl ostimda mamlakat va xalqaro turnirlar g’olibi boʻldi. Kamtarona mehnatimni yuksak qadrlagan yurtboshimiga kombinat sportchilari nomidan oʻz minnatdorchiligimni bildirib qolaman. AGMK ayollar gandbol jamoasi jahon sporti arenalarida ham yurtimiz bayrog’ini baland koʻtarishiga va’da beraman.
Kombinat rahbariyati va OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan barcha mukofotlanganlarga esdalik sovg’alari tuhfa etildi.
Axborot xizmati