• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

E'tirof

10 Noyabr 2022, 8:50 785

Joriy yilning 9-noyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali Konchilik ishi kafedrasi dotsenti, texnika fanlari nomzodi Mutalova Marhamat Akramovna Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 2-darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tadbirda ishtirok etgan OKMK mas'ullari Marhamat Mutalovaning ilm-fan hamda kombinat rivojiga qo‘shib kelayotgan hissasini e'tirof etishdi.

Oliygohning Olmaliq filiali “Konchilik ishi va metallurgiya” fakulteti “Konchilik ishi” kafedrasida faoliyat yuritib kelayotgan Marhamat Mutalova  ilm-fan  sohasidagi izlanishlari bilan chuqur bilimli olima, yuksak qadriyatlarga ega ustoz sifatida hurmatga sazovor inson ekanligi ta'kidlandi.

Bugungi kunda ustoz boy ilmiy tajribasi bilan konchilik sohasi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. M.Mutalova ko‘p yillik tajribaga ega salohiyatli pedagog sifatida zamonaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalangan holda yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish borasida samarali mehnat qilmoqda. Ustoz Olmaliq shahrida texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga va dotsent unvoniga ega bo‘lgan birinchi olima ayollardan hisoblanadi.

M.Mutalova rahbarligida kafedrada “OKMK Qattiq qotishmalar va nodir metallar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining texnogen chiqindilaridan 40%dan kam bo‘lmagan volfram angidridini olish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusida 1 ta xo‘jalik shartnomasi asosida izlanishlar olib borildi. Shuningdek, M.Mutalovaning ko‘plab uslubiy va metodik qo‘llanmalari, tezisi, o‘quv qo‘llanmalari hamda xalqaro nashrlarda ilmiy maqolalari chop etilgan.

Marhamat Akramovna olib borgan ilmiy tadqiqot ishlarining asosiy natijalari OKMK ishlab chiqarish jarayoniga joriy qilinib, katta sanoat samaradorligiga erishilgan. U o‘zining boy ilmiy tajribasi, chuqur bilimi hamda falsafiy mazmunli dunyoqarashi bilan ko‘plab insonlarning hayot yo‘lida maslahatdosh, madadkor bo‘lib kelmoqda.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech