• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

E'tirofga munosib uchastka

27 Oktyabr 2023, 15:52 493

O‘z faoliyatini yildan-yilga kengaytirib borish barobarida mahalliylashtirish davlat dasturi doirasida zavod sex va uchastkalarida ish koeffisentini oshib borib, diqqatga sazovor natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgan “Olmaliq KMK” AJ Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi faoliyatida ta'mir jamoalarining ulushi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, ta'mir korxonasining eng asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lgan Detallar ishlab chiqarish va qayta tiklash uchastkasining o‘ziga xos o‘rni bugun zavod imkoniyatlarini yanada takomillashishiga zamin yaratayapti. Bir vaqtlar MTMZning Avtotransport va maxsus texnikalarni ta'mirlash sexi tarkibida faoliyat olib borib, kombinat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda keyinchalik alohida uchastka sifatida o‘z ishini davom ettirgan mazkur jamoa bugungi kunda zavodning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan.

Foydalanishga topshirilganiga 42 yil bo‘lgan mazkur ilg‘or uchastkada yillar davomida eng mahoratli mutaxassislar mehnat qilib kelishgan va hozir ham bu an'ana davom etib kelmoqda. O‘lchov olish, kesish, payvandlash, frezerlash, yig‘ish, qayta ishlov berish, shuningdek ta'mir ishlari borasida bugun jamoada mustahkam tajriba maktabi yaratilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

4 smenali ish tartibi asosida faoliyat yuritayotgan uchastkada butlovchi qismlarni tayyorlash va tiklash, kombinat bo‘linmalari detallari va qismlarini ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, har oyda jamoa tomonidan 410 mln. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bu ko‘rsatkich sex umumiy ish hajmining 45 foizini tashkil etayotgani quvonarlidir.

- Uchastkamizda ayni damga kelib 201 nafar ishchi-ta'mirchilar mehnat qilib kelayotgan bo‘lsa, biz ular bilan hamjihatlikda mahalliylashtirish, raqamlashtirish borasida ham ildam qadamlarni tashlab kelmoqdamiz, - deydi uchastka boshlig‘i Aziz Aymatov. - Jumladan, mahalliylashtirish dasturiga asosan uchastkamizda kombinat korxonalari uchun bir necha xil detallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ishchi-ta'mirchilarimiz sa'yi-harakatlari bilan ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgan mahsulotlarga bo‘lgan talablar to‘laqonli qondirilmoqda. Ta'mirchilarimiz yangiliklarga o‘ch, bir joyda qotib qolishmaydi. Kombinat korxonalarida modernizasiya va rekonstruksiya dasturlari asosida xorijdan ko‘plab uskuna va jihozlar olib kelinadi. Bu o‘z-o‘zidan ularning yangi detallarini yasash va ta'mirlash ishlarida yangicha yondoshuv va jihatlarni talab etadi. Jamoamizning izlanuvchan, serg‘ayrat a'zolari bu borada o‘ta puxta bilimlar bilan mustahkamlangan malakalariga tayangan holda ish olib borishadi. Ular safidagi katta usta Zohid Xolboev, smena ustalari Abror Sodiqov, Abbos Jamoliddinov, Dilmurod Jalilov, tokar Dilmurod Haitov, frezerlovchi Otabek Tursunaliyev, yo‘nuvchi tokar Rustam Safarov, mexanik- yig‘uv chilangari Elyor Anorqulov kabi o‘z ishini puxta bajaradigan ishchi-xodimlarimiz nomlari alohida e'tirofga loyiq.

Ikki mingdan ziyod mehnat jamoasiga ega Markaziy t a'mirlash mexanika zavodi shaksiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mahalliylashtirish Dasturining bosh ijrochisi hisoblanadi.

Korxonada mahalliylashtirish Dasturi doirasida 2018-2023 yillar mobaynida jami 93 ta yangi mahsulot turlari o‘zlashtirilgan bo‘lsa, bunda biz so‘z yuritgan uchastkaning mehnati, ishlab chiqarishdagi jonbozligi va zahmati tilga olinadi, albatta.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech