Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Xabaringiz bor, OKMK boshqaruvi raisi A.Xursanovning 2022-yilning 31-avgustdagi buyrug‘iga ko‘ra, kombinat tarkibiy bo‘linmalarida ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ana shunday o‘rganish ishlari Mis boyitish fabrikasida tashkil etilib, o‘rganish jarayonida fabrikaning chiqindilar to‘plash sexining birlashgan chiqit to‘plash omborida dala sharoitida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlarni boshqa tashkilotlarga namuna sifatida ko‘rsatish tashabbusi bildirildi.
OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan bildirilgan tashabbus rahbariyat tomonidan ma'qullanib, joriy yilning 22-avgust kuni Mis boyitish fabrikasida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Viloyat Davletovaning ma'lum qilishicha, ochiq eshiklar kunida aynan dala sharoitida mehnat qiladigan bo‘linmalari mavjud Angren kon boshqarmasi, Avtomobil transport boshqarmasi, Texnologik transport boshqarmalarining umumiy masalalar bo‘yicha boshliq o‘rinbosarlari, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislari, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha mas'ullar ishtirok etishdi.
Ishtirokchilar dastlab, birlashgan chiqindi to‘plash ombori sexining bo‘tana nasos stansiyasida bo‘lishdi. U yerda ishchi-xodimlarga barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, yuvinish xonasi, oshxona, ish taqsimlash xonalari barcha zarur jihozlar bilan ta'minlangan.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari bo‘tanani mo‘ljallangan joyga uzatib turuvchi quvurlarni ta'mirlash va almashtirish ishlari bilan shug‘ullanadigan 100-piket uchastkasi va bazasida bo‘lishdi. Ushbu uchastkalarda ham dala sharoiti bo‘lishiga qaramay, oshxona, yuvinish va ish taqsimlash xonalari havas qilgudek darajada. Ishchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun sport jihozlari ham o‘rnatilgan.
Sex boshlig‘i Zohid Qosimovning ta'kidlashicha, MBF rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi natijasida ishchilarga barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Ishchilarning o‘z kuchlari evaziga maxsus brigada tuzilib, barcha ta'mirlash ishlari bajarilgan. Hatto ishchi-xodimlarning o‘zlari tomonidan poliz ekinlari va mevalar ham yetishtirilmoqda. Yetishtirilgan meva va sabzavotlar ishchilar dasturxoniga tortilmoqda.
Fabrika kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Alimovning ta'kidlashicha korxona rahbariyati muntazam ravishda ishchi-xodimlar holidan xabar olib turadi.
Xalqimizning “Qalovini topsa qor ham yonadi” degan maqolining amaldagi ifodasiga mazkur sexda guvohi bo‘ldik.
Ushbu sexdagi ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlarni bemalol boshqa korxonalarga namunasi sifatida ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.
Axborot xizmati