Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lgan Mis boyitish fabrikasida ishlab chiqarish jarayonlari uzluksiz ravishda davom etgani kabi modernizatsiyalash ham bardavomlik kasb etgan, deyish mumkin. So‘nggi yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash korxonaning ma'dan tayyorlov qamrovini 30 foizga oshirib, yiliga 40 million tonna rudani qayta ishlash darajasiga olib chiqqani alohida e'tirofga loyiq, albatta.
Prezidentning 2018-yil 30-sentyabrdagi qaroriga binoan “Olmaliq KMK” AJning asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish” dasturi hamda “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish” investitsiya loyihasining “Yo‘l xaritasi” yaratildi. Unga muvofiq, Mis boyitish fabrikasining ma'danlarni yanchish bosqichidagi 23 ta avtomatlashtirilgan nasos-gidrosiklon qurilmalarini almashtirish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda fabrikaning Yanchish va flotatsiyalash sexining VIII seksiyasida 24-sonli (23A) yanchish tegirmonlarida Weir Minerals kompaniyasining avtomatlashtirilgan nasos-gidrosiklon qurilmalarini o‘rnatish ishlari boshlandi.
Ushbu qurilmalar yanchilgan mahsulotning sinflanish jarayonini avtomatlashtirish hamda flotatsiya jarayoniga kiruvchi -0.074 mm sinf o‘lchami bo‘yicha mahsulot kattaligi tartib ko‘rsatkichlarining 5%ga yaxshilash(amaldagi 60-61%dan 65%dan kam bo‘lmagan o‘sish) barobarida mahsulotning texnologik jarayondagi aylanma harakatini qisqartirish evaziga ishlab chiqarish unumdorligiga erishishga zamin yaratadi. Tartib ko‘rsatkichlariga ega mahsulotning flotasiya jarayoniga berilishi ma'dandan metallarni ajratib olish ko‘rsatkichini rejadan og‘ishlarsiz bajarish imkonini beradi.
Rejalashtirilgan demontaj va montaj ishlari tufayli belgilangan rejaviy ko‘rsatkichlarda og‘ishlar vujudga kelmasligi uchun Yanchish va flotatsiyalash sexi hamda 2-sonli Maydalash va boyitish majmuasining har bir yanchish liniyasida ketma-ketlikda ta'mirlash ishlari belgilangan ta'mir jadvallari asosida amalga oshirilishi kutilmoqda.
- Montaj va demontaj ishlarida Kapital qurilish boshqarmasi, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi, Ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari boshqarmasi, shuningdek “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti va Mis boyitish fabrikamizning ilg‘or ta'mirchilari faol ishtirok etishmoqda.
24-tegirmondagi jarayonlar joriy yilning 5-iyul kuni tugatilib, sinov tariqasida ishga tushirildi. Keyingi bosqichda esa 23-tegirmonda almashtirish ishlari boshlanishi kutilmoqda, - deydi biz bilan muloqotda MBF bosh muhandisi Alisher Ahmadaliyev
O‘ylaymizki, ushbu modernizatsiyalash ishlari kombinat ishlab chiqarish quvvatlarining yanada oshishida yana bir muvaffaqiyatli qadam bo‘ladi.
Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA