Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Fabrikada yuqori texnologiyali laboratoriya qad rostlamoqda

02 Sentyabr 2026, 12:55 376

3-Mis boyitish fabrikasining texnologik zanjirida muhim o'rin tutuvchi yangi tahliliy laboratoriya binosi qurilishi yakuniy pallaga kirdi. Fabrikaning flotatsiya korpusi yaqinida qad rostlagan ikki qavatli zamonaviy majmuada ayni kunlarda muhandislik kommunikasiyalarini tekshirish, ventilyatsiya tizimlari va elektr tarmoqlarini sozlash hamda xonalarga mustahkam metall eshiklarni o'rnatish ishlari jadal olib borilmoqda.

Bunyod etilayotgan ushbu tahliliy laboratoriya o'zining texnologik imkoniyatlariga ko'ra nafaqat mamlakatimizda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida ham noyob va yagona majmuaga aylanadi.

Markaziy analitik laboratoriyasi mutaxassisi Azizbek Mehmonovning ma'lum qilishicha, laboratoriyaning asosiy o'ziga xosligi shundaki, bu yerdagi tahlil va nazorat jarayonlari rudani tayyorlash, maydalash hamda flotasiya qilish sifatini boshqaruvchi yagona avtomatlashtirilgan tizimga to'liq integratsiya qilinadi.  Majmua boyitish jarayonining barcha zarur ko'rsatkichlarini real vaqt rejimida uzluksiz kuzatib borish uchun eng zamonaviy raqamli va tahliliy vositalar bilan ta'minlanadi.

Mazkur yuqori texnologik markazni jihozlash maqsadida dunyo tan olgan eng so'nggi rusumdagi texnik uskunalar xarid qilindi. Ular qatoridan atom-absorbsion va atom-emission spektrometrlar, yuqori aniqlikda ishlovchi gaz tahlil qilgichlar hamda ekologik tadqiqotlar o'tkazishga mo'ljallangan maxsus qurilmalar o'rin olgan. Ushbu zamonaviy jihozlarning ishga tushirilishi olib borilayotgan kimyoviy tahlil natijalarining yuqori darajadagi aniqligi va ishonchliligini kafolatlaydi. Shuningdek, tadqiqotlarning tezkorligini bir necha barobarga oshiradi.

E'tiborli jihati, yangi laboratoriyada namunalarni qabul qilish va ro'yxatdan o'tkazishdan tortib, yakuniy natijalarni tayyorlashgacha bo'lgan barcha jarayonlar LIMS (laboratoriya ma'lumotlarini boshqarish tizimi) maxsus dasturiy ta'minoti orqali to'liq avtomatlashtiriladi. Ushbu raqamli tizim namunalarning qat'iy hisob-kitobini yuritish, priborlarni masofadan nazorat qilish va tayyor hisobotlarni soniyalar ichida shakllantirish imkonini beradi. Eng muhimi, ushbu innovasion yondashuv natijasida texnologik jarayonlarda inson omilining ta'siri sezilarli darajada kamayadi. Loyihaviy quvvati yiliga 60 ming namunani tahlil qilishni tashkil etuvchi ushbu majmua imkoniyatlarini kelajakda 100 minggacha yetkazish ko'zda tutilgan.

Laboratoriyaning yangi tashkil etilayotgan tahliliy nazorat bo'limida jami 51 nafar yuqori malakali mutaxassis faoliyat yuritadi. Jamoaning asosiy negizini sohaviy oliy ma'lumotga ega bo'lgan iqtidorli yoshlar — MISiS Milliy tadqiqot texnologik universitetining Olmaliq filiali hamda Toshkent davlat texnika universiteti bitiruvchilari tashkil etadi.

Ayni paytda 18 nafar laborant va muhandis-texnik xodimlar Markaziy tahliliy laboratoriyasida qat'iy amaliy tayyorgarlikdan o'tmoqdalar. Yangi bo'lim xodimlarining bosh vazifasi ruda tarkibidagi kimyoviy elementlar miqdorini dastlabki bosqichdan boshlab, to tayyor mis konsentrati olingunga qadar bo'lgan barcha jarayonlarda aniq nazorat qilib borishdan iborat bo'lib, bu fabrikaning xavfsiz va sifatli ishlashini ta'minlashda bosh omil bo'ladi

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech