Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Fabrikaning yopiq suv aylanma tizimlari raqamlashtirilmoqda

04 Fevral 2026, 8:15 230

Suv – yer yuzidagi hayot manbai. Mazkur tabiiy resurs ishlab chiqarish jarayonlarida ham asosan texnologik ehtiyojlar, sovitish, yuvish, eritish hamda energetika yo‘nalishlarida keng qo‘llaniladi. Sanoatda suv nafaqat hayot manbai, balki ishlab chiqarishning ajralmas texnik komponenti hisoblanadi. Global miqyosda jami suv iste’molining taxminan 20 foizi sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘rsatkichlar esa yildan-yilga ko‘tarilyapti. Shu bois suvdan oqilona va samarali foydalanish masalasi sanoat rivoji bilan bir qatorda ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Vazirlar Mahkamasining yerosti suv olish inshootlarini hisoblash vositalari bilan jihozlashga doir tegishli qaroriga asosan, OKMKning Mis boyitish fabrikasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, fabrikadagi mavjud 23 ta yer osti quvurlarining 12 tasiga nasos uskunalari o‘rnatilib, “Ultramer” hisoblagichlari bilan jihozlandi, qolgan 11 tasi esa zahira sifatida foydalaniladi.

MBF Bosh energetigi o‘rinbosari Jahongir Abdunazarovning ma’lum qilishicha, fabrikadagi yer osti suvlari sarfini aniq nazorat qiluvchi “Ultramer” hisoblagichlarini o‘rnatish ishlari 2025-yilning iyun oyida boshlangan bo‘lib, hozirgi kunda ulardan olinayotgan ma’lumotlarni bevosita markazlashtirilgan tizimga uzatuvchi simsiz qurilmalar bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda.

Yer osti suv qurilmalarining qo‘llanilishining asosiy maqsadi MBF bino inshoatlarining yer ostidan yer osti suvlarning sizib chiqish holatini tekshirish hamda tegirmon nasos uskunalarining moylash tizimini sovutish, nazorat qilish va kamchiliklarni oldini olishga qaratilgan.

Bundan avval suv sarfi nasosni ishlash soatiga ko‘ra, hisob-kitob qilinar edi. Bu esa ularning aniq ko‘rsatkichlarni bermas, shu bilan  bir qatorda samarali ishlashni ta’minlanmasdi.

Mazkur hisoblagichlar raqamli texnologiyalar bilan jihozlanganligi, yuqori aniqlikka egaligi, hisoblash usullarining sodda va qulayligi kabi afzalliklarga ega. Bu esa o‘z navbatida qimmatli suv resursidan oqilona foydalanish, ishchi kuchi va ortiqcha vaqt sarfini tejashga xizmat qilmoqda.

Ma’lumot uchun Mis boyitish fabrikasi va Sanoat suv ta’minoti boshqarmasi hamkorligida suv sig‘imlari sathini nazorat qilishning vizual dasturi ishlab chiqilib, bugungi kunda tabiiy resursning me’yoridan ko‘p isrof bo‘lishini oldi olinmoqda.

Xulosa qilib aytganda, har bir sanoat korxonasi suvni asrashga mas’ul ekanligini chuqur anglab, zamonaviy va ekologik samarador texnologiyalarni joriy etishi zarur. Zero, suvni asrash — kelajak avlodlar oldidagi eng muhim burchimizdir.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech