Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Faqat oldinga intilish, yangidan-yangi mehnat marralarini zabt etib borib, barqaror ishlab chiqarish tizimini yaratish har qanday korxona faoliyatining asosini tashkil qiladi. O‘z faoliyatining dastlabki o‘n yilliklaridagi tiklanishlar, 90-yillarning murakkab davridagi toblanishlar, 2000-yillar boshidagi rekonstruksiya bosqichliklari “Olmaliq KMK” AJ Sariq-cho‘qqi konining bugunga kelib o‘z tarixida yuqori cho‘qqilarga chiqishini ta'minladi.
Biz Sariq-cho‘qqi koni tashkil etilganligining 50 yilligini yuqori natijalar bilan qarshi olayapmiz, lekin bu barcha marralar zabt etilganini anglatmaydi. Aksincha, oldinda ulug‘ maqsadlar borligini va o‘tgan yillar davomida Sariq-cho‘qqida professionallar jamoasi to‘liq shakllangani hamda kon mutaxassislaridan tortib, barcha ishchi-xodimlar o‘zining kundalik shijoatli mehnatlari bilan kar'erimiz yutuqlariga o‘z hissalarini qo‘shishda davom etayotganidan dalolat beradi.
Mis-profir kon maydoni sifatida qaraluvchi Sariq-cho‘qqi koni OKMKning mis, oltin, kumush va molibdenga boy xom ashyo bazalaridan biri hisoblanadi. Foydalanishga topshirilgan 1974-yilning o‘zidayoq 1 million 375 ming tonnadan ortiq ruda qazib olinishiga muvaffaq bo‘linganining o‘zi Sariq-cho‘qqi konining istiqbollaridan darak bergan. Konni o‘zlashtirishning dastlabki bosqichlarida EKG-4, 6 ekskavatorlari va yuk ko‘tarish quvvati 25 tonnani tashkil etuvchi avtotransport vositalari qo‘llanib kelingan bo‘lsa, ayni kunga kelib tog‘-kon uskunalari parki EKG-4, 6, EKG-8, EKG-10 ekskavatorlari, SBSh-250 MN-32 burg‘ulash dastgohlari, yuk ko‘tarish quvvati 130 tonnani tashkil etadigan texnikalarni o‘z ichiga olgan.
Loyiha quvvati ustki qatlamlarni ochish bo‘yicha 3-3,5 mln m3, ruda qazib olish bo‘yicha 5 mln tonnani tashkil etuvchi kon 1992-yilda ustki qatlamlarni ochish bo‘yicha 9,1 mln m3lik maksimal ko‘rsatkichiga erishgan, rudalarni qazib olish bo‘yicha 7,034 mln tonnalik eng yuqori ko‘rsatkichni konimiz jamoasi 2020-yilda zabt etgan. Bugungi kunda Sariq-cho‘qqi konining ustki qatlamlarni ochish bo‘yicha 1,2 mln m3, ruda qazib olish bo‘yicha 7 mln tonnalik ishlab chiqarish quvvatiga ega ekanligi o‘tgan yarim asr davomida kon qazib olish yo‘nalishida eng yuqori professionalizmga erishilganligini ko‘rsatadi.
1973-yilda A.Shabanov, N.Aynaqulov kabi konchilar, mexanik V.Prixodko, energetik A.Avdeyev, geolog M.Xvostov, marksheyder N.Kaluninlar konni o‘zlashtirish ishlarini boshlab berishgan bo‘lishsa, konchilar A.Belichenko, V.Tokarev, O.Gzovskiy, A.Abdiraimov, V.Hakimov, A.Saparov, A.Zubankov, mexaniklar Yu.Aldiyarov, I.Shonazarov, energetiklar G.Muxnurov, K.Soliqulov, A.Arslanov, A.Muratov, geologlar Ye.Mostovshikova, V.Starojilov, X.Sohibov, Sh.Xusenov, marksheyderlar V.Popov, M.Fomichev, T.Xen, A.O‘ktamov va M.Alimqulovlar kon ishlab chiqarish tizimi shakllanishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelishdi.
O‘tgan 50 yil davomida 234 mln m3 dan ziyod tog‘ jinslari qazib olingani, 162 mln m3 dan ortiq ustki qatlamlar olib chiqilgani va 187 million tonnadan ortiq rudalar kombinat boyitish fabrikalariga jo‘natilgani Sariq-cho‘qqi konchilarining matonatli mehnatidan dalolat beradi.
Sariq-cho‘qqi konining bugungi faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, qariyb o‘n besh yildan beri karyer boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Abdumo‘min Saparovning konchilik ishidagi boy tajribasi va talabchanlik qirralarini alohida ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi. Kon tizimida salkam 45 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan Isaqul Shonazarov, katta usta Komiljon Po‘latov, uchastka marksheyderi Yelena Metlova singari muhandis- texnik xodimlar nomi kon tarixiga zarhal harflar bilan bitilishi shubhasiz.
2012-yilda Qalmoqqir koni va Sariq-cho‘qqi kar'erini kengaytirish va rekonstruksiya qilish loyihasi dasturida olib borilgan ishlar kon faoliyatini yangi asoslarga burdi. Buning natijasida konning ishlab chiqarish loyiha quvvatlari 5 mln tonnaga chiqarilishi hamda bu ko‘rsatkich o‘tgan yillar davomida tobora oshib borishida aynan ana shu rahbar-xodimlarning fidoyiligi muhim ahamiyat kasb etdi. Birgina o‘tgan hisobot yilining o‘zida konchilarimiz tomonidan 6 million 200 ming tonnadan ziyod ruda boyitish fabrikalariga jo‘natilishiga muvaffaq bo‘lindi. Qazib olingan rudalarni temiryo‘l transport vositalariga yuklab berishni amalga oshiruvchi yangi 25- va 42-sonli ekskavatorlar ham ishlab chiqarish tizimining yakuniy bosqichida muhim o‘rin tutib kelayotganini ta'kidlab o‘tish lozim. 25-ekskavator brigadasi yetakchisi Xurshid Abdurahmonov o‘z boshqaruvidagi ekskavator montajida ishtirok etish bilan birga o‘tgan yillar davomida yangi ekskavatorni qat'iy asoslarda ekspluatasiya qilib borilishiga boshchilik qilib keldi. Bahriddin Ibrohimov, O‘ktam Usmonov, Bunyod Berdiqulov kabi mashinistlarimiz qazilmalar qazib olinishi, zaboylarning ortishga tayyorlanishi, yuklash ishlarini o‘z vaqtida belgilangan tartiblar asosida amalga oshirilishini ta'minlab kelishmoqda.
Burg‘ulash uskunasi mashinisti Behzod Qosimov va uning yordamchisi Muhiddin Mamataliyevlar boshqaruvidagi 8-sonli burg‘ulash dastgohi yordamida kon quduqlarining o‘z vaqtida burg‘ulanib borilishi hisobiga portlatish ishlari barqarorligiga erishilmoqda. Marksheyderlik bo‘limining Yelena Soboleva, Feruza Boltayeva va Munisa Musurmonova kabi tog‘-kon ishchilari konchilik ishlari xaritalari ishlab chiqilishiga va kon qazib olish ishlariga yo‘nalishlarni belgilab borishmoqda. Texnologik transport boshqarmasining 2-Texnologik transport sexi hamda Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi bilan hamjihatlikda olib borilayotgan ishlar ham e'tirofga sazovordir. 2-TYS Sovuq-buloqsoy stansiyasi navbatchisi Marina Reyxning ovoz kuchaytirgich orqali yangragan topshirig‘i bilan navbatdagi temiryo‘l karvoni 2-Mis boyitish fabrikasi tomon yo‘l oladi.
Ayni kunlarda kar'erni rivojlantirish va kon maydonining zahiralarini oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan. Geologlarimiz tomonidan olib borilayotgan geologik qidiruvlar va o‘rganishlar kar'erimizning kelgusi faoliyati istiqbollariga xizmat qilishi muqarrar.
Yubiley yilining rudasini kombinat boyitish fabrikalariga yuklab jo‘natilishi amalga oshirilayotgan bayram kunlarida kar'erimiz tarixini yaratgan, uning bugungi mehnat yutuqlarini ta'minlab kelayotgan va ertangi iqboli loyihalari ustida ish olib borayotgan, Sariq-cho‘qqi koni uchun qalb ko‘ri va mehnatini baxsh etgan barcha konchilarni qutlug‘ shodiyona bilan muborakbod etaman. Mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirish yo‘lidagi ishlariga rivoj, oilalariga tinchlik va farovonlik tilab qolaman.
O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan insonlarni birlashtirgan, mehnatsevar konchilar, yuksak ilm, tajriba sohibi bo‘lgan muhandis-texnik xodimlarni o‘zida mujassam etgan Sariq-cho‘qqi kar'eri jamoasi murakkab va mashaqqatli yillarda toblandi, yillar davomida qo‘lga kiritilgan mehnat zafarlari mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirish, halqimiz farovon hayotini yuksaltirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Bu esa kishiga faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Xo‘janazar SOHIBOV,
Sariq-cho‘qqi koni geologi