Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Flotatsiyalash uchastkasi - zamonaviy texnologiyalar va yuqori samaradorlikka erishishdagi innovatsion yondashuvlar

18 Iyul 2025, 10:40 913

O‘zbekistonning yirik sanoat loyihalaridan biri bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasi mamlakat kon-metallurgiya sanoatida tub burilish yasashga qodir ulkan korxona sifatida shakllanmoqda. Fabrika butun ishlab chiqarish zanjiri bo‘ylab zamonaviy texnologiyalarni o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, xususan, flotatsiyalash uchastkasi — uning texnologik yuragi, asosiy boyitish jarayonlari amalga oshiriladigan markaziy bo‘g‘indir. Ushbu uchastkada amalga oshirilayotgan innovatsion yondashuvlar, ilg‘or uskunalar va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari orqali yuqori sifatli mis va molibden boyitmalarini ajratib olish ko‘zda tutilgan.

Flotatsiyalash uchastkasining faoliyati mayin yanchilgan va bo‘tana holatiga keltirilgan mahsulotni qabul qilishdan boshlanadi va ma’dan tarkibidagi minerallarni fizik-kimyoviy xossalari asosida ajratib olish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Metso Outotec kompaniyasi tomonidan to‘liq loyiha asosida ta’minlangan va zamonaviy muhandislik yondashuvi bilan jihozlangan flotatsiya tizimi o‘zining ishonchliligi va ishlab chiqarish samaradorligi bilan ajralib turadi. Flotatsiya jarayonida 300 m³, 50 m³ va 20 m³ hajmdagi pnevmomexanik tipdagi flotatsion mashinalar qo‘llanilib, birlamchi, ikkilamchi flotatsiya, tozalovchi va qayta boyitish bosqichlari uzviy integratsiya qilingan. Ushbu kompleks tizimlar avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari orqali bir butun sifatida boshqariladi.

Flotatsiya samaradorligining muhim omillaridan biri — reagentlar tizimidir. Fabrikada yigʻuvchi, ko‘pik hosil qiluvchilar, depressantlar va boshqa kimyoviy moddalarning aniq va me’yoriy dozalarda uzatilishini ta’minlaydigan avtomatik nasos tizimlari joriy etilgan. Har bir reagent texnologik xarita asosida belgilangan nuqtalarga yetkaziladi. Bu esa mahsulot sifatini yuqori darajada ta’minlash bilan birga, resurslarning tejamli sarflanishini ham kafolatlaydi.

3-MBF Ishlab chiqarish texnik boʻlimi boshligʻi Oybek Ismatovning maʻlum qilishicha, hozirgi kunda fabrikada qurilish-montaj ishlari yakunlanib, flotatsiyalash uchastkasida yuklama ostida sinov ishlari olib borilmoqda. Metso Outotec kompaniyasi uskunalarining ishlab chiqarish sharoitida sinovdan o‘tkazilishi butun texnologik zanjirning o‘zaro uyg‘unlashuvi va barqaror ishlash imkoniyatlarini baholashda muhim bosqich hisoblanadi. Ushbu sinovlar fabrikaning kelajakdagi ishlab chiqarish quvvatlarini maksimal darajada samarali ishga solish uchun tayyorgarlik bosqichidir.

Flotatsiyalash jarayonida mahsulot sifatini aniq vaqt rejimida kuzatish va tezkor boshqaruv choralarini ko‘rish uchun Metso kompaniyasi tomonidan o‘rnatilgan zamonaviy tahlil uskunalari va sun’iy intellekt asosidagi nazorat tizimi joriy etilgan. Ushbu tizim flotatsiya kamerasidagi muhitlar — ko‘pik va havo o‘rtasidagi interfeys chegaralarini aniqlaydi va ko‘pik qalinligini aniq o‘lchaydi. Olingan ma’lumotlar boshqaruv platformalariga yuborilib, jarayonni avtomatik tarzda optimallashtirish imkonini beradi. Natijada flotatsiya kameralari barqaror rejimda ishlaydi, boyitma sifati oshadi va ajratib olish darajasi yuqori natijalarga erishishga xizmat qiladi.

Bunday ilg‘or texnologiyalarning samarali ishlashi bevosita inson omiliga ham bog‘liq. Flotatsiyalash uchastkasida malakali flotatorlar, elektromontyorlar, mexaniklar va boshqa texnik xodimlar navbatchilik asosida faoliyat yuritadi. Har bir smenada uskunalar holati, reagent sarfi, mahsulot ko‘rsatkichlari va bajarilgan texnik xizmatlar bo‘yicha navbatchilik hisobotlari tuziladi. Bu jarayonlar uzluksiz ishlab chiqarishni ta’minlash, nosozliklarning oldini olish va tezkor texnik xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.

Xulosa qilib aytganda, 3-Mis boyitish fabrikasining flotatsiyalash uchastkasi — bu nafaqat ishlab chiqarishning markaziy bo‘g‘ini, balki zamonaviy texnologik yondashuvlar, sun’iy intellekt asosidagi nazorat tizimlari va yuqori malakali inson resurslarini o‘zida mujassamlashtirgan ilg‘or innovatsion muhitdir. Bu yerdagi texnologik yechimlar, avtomatlashtirish darajasi va sifat nazorati tizimlari orqali 3-MBF O‘zbekiston sanoatining yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim rol o‘ynamoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech