• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Gerbimiz – milliy iftixorimiz

30 Iyun 2022, 9:46 1279

O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari — bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, tinchligi va barqarorligi timsoli bo‘lib, el-yurtimizning g‘ururi, iftixori bo‘lgan bu ramzlarda tariximiz, boy ma'naviy-madaniy merosimiz, milliy urf-odat va an'analarimiz o‘z ifodasini topgan.

Davlat gerbi mamlakatning siyosiy, milliy, geografik, etnik va boshqa o‘ziga xos xususiyatlari, boy tarixiy an'analarini ifodalaydi. Undagi har bir timsol esa milliy an'ana va qadriyatlarimizning boqiyligi, ma'naviyatimiz yuksakligi, iroda va e'tiqodimiz mustahkamligi ramzidir.

Ushbu ma'lumotlar 2022 yil 29 iyun kuni Markaziy ta'mirlash mexanika zavodining faollar zalida tashkil etilgan "Olamni mahliyo aylagan diyor" shiori ostidagi ma'naviy-ma'rifiy tadbirda bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi milliy gerbining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda kombinat ishchi-xodimlari, kasaba uyushmasi faollari ishtirok etishdi.

Tadbirda mas'ullar, ishtirokchilar barcha davlat ramzlari qatori gerb ham xalqimizning g‘ururi, or-nomusi, milliy o‘zligini anglashi va tarixiy xotirasi hamda orzu-umidlarini o‘zida mujassam etishini ta'kidlashdi. U oliy saodat — Istiqlolimiz ramzi, o‘zini shu yurt farzandi deb bilgan har bir inson uchun cheksiz faxru iftixor manbaidir. Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi 616-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

Davlat gerbi dumaloq ko‘rinishga ega bo‘lib, shaklning so‘l tomoni rizq-ro‘zimiz timsoli — bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa o‘zbekning dong‘ini dunyoga taratgan bebaho boyligimiz — chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan. Uzoqdagi tog‘lar va daryolar manzarasida gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi.

Gerbning yuqori qismida esa O‘zbekiston ozodligining ramzi sifatida sakkizburchak yulduz, uning ichki qismida yarimoy va yulduz ma'nosi mamlakat aholisining ko‘p qismi islom diniga etiqod qilishi, markazida — baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan.

Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar tasmasiga „O‘zbekiston“ deb yozib qo‘yilgan. Shuningdek, qonunchilikda milliy ramzlarga hurmatsizlik javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

Tadbir davomida “Metallurg” MS badiiy jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi ham namoyish etildi.

Tadbirda ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech