Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Ishlab chiqarish ustasi - bu butun bir jamoaning tayanchi, u o‘z smenasidagi barcha jarayonlar uchun mas'ul. Texnologik jarayonlar, olinayotgan mahsulotlar sifat ko‘rsatkichlari uchun javobgarlik aynan ana shu rahbarlar zimmasiga yuklanadi.
Ishlarni tashkil etishdan boshlab jamoadagi ishchan muhit, topshiriqlarning xavfsizlik va texnologik talablarga muvofiq holda olib borilishi, eng muhimi, smenaviy topshiriqlarni barqaror bajarib borish borasida “Olmaliq KMK” AJ 2-Mis boyitish fabrikasining 3-texnologik smenasi ustasi Ulug‘bek Joniqulovning o‘z ish uslubi bor.
Ma'lumki, 2-MBFda ma'danlar yanchilib qayta ishlanadi va bu jarayonlar uch bosqichli maydalash hamda u bilan birgalikda ishlovchi yopiq g‘alvirlash texnologik bosqichliklarda amalga oshiriladi. Shuningdek, Mis eritish zavodining toshqollarini qabul qilish, maydalash va qayta ishlash vazifalari bo‘limda yillar davomida shakllangan bosqichliklarda bajariladi. Mazkur jarayonlarning barqaror olib borilishi va belgilangan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga erishishda Ulug‘bek Joniqulov rahbarligidagi texnologik smena jamoasining o‘rni alohida bo‘lmoqda. Xususan, boyituvchilar tomonidan bir ish smenasi davomida 5000 tonna miqdorida ruda va 700 tonna miqdorida shlaklarni qabul qilish topshiriqlari izchil uddalanmoqda. Ko‘rinib turibdiki, smenaviy majburiyatlarni bajarish nihoyatda mashaqqatli va irodali mehnatni talab qiladi. Belgilangan vazifalar samaradorlikda ado etilishi uchun jamoada yaratilgan sog‘lom ishchan muhit darhol ko‘zga tashlanadi. Har ish smenasi arafasida avvalgi smena ishi tahlil qilinib, vazifalarni taqsimlab borar ekan, Ulug‘bek Joniqulov ham ishlab chiqarish intizomi, ham boyituvchilar o‘rtasidagi samimiy do‘stona munosabatlarni bir maromda yo‘naltirishga harakat qiladi. Kezi kelganda talabchanlik, zarur holatlarda kamchiliklar ko‘rsatib beriladigan “achchiq” yuzma-yuz muloqotlar ham uning ish amaliyotidan o‘rin olgan.
Sex ishlab chiqarish jarayonlari bosh nuqtasi bo‘lgan jag‘li yanchgichlarni ekspluatasiya qilish topshirilgan Mahkam G‘ozibekov va Sohib Nishonboyevlar o‘z ish uchastkalarida o‘zaro hamjihatlikda ishlovchi juftlikni tashkil etishgan. Ali Negmatov, Baxtiyor Abdurahmonov, Akmal Imomnazarov, Hamid Kazanov, Madiyor Abdimo‘minov kabi texnolog-ishchilar jarayonlarning belgilangan ishlab chiqarish parametrlariga muvofiq holda olib borilishini ta'minlab kelishmoqda. Boshqaruv pulьti operatori Lobar Jo‘rayeva smena davomida yuzaga keladigan masalalarning tezkorlikda o‘z yechimini topib borishida smena ustasining eng yaqin yordamchisi hisoblanadi.
Ishlab chiqarish ustalari o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lishi bilan birga ishlab chiqarishning barcha past-balandliklaridan xabardor bo‘lgan va o‘z smenasida hurmat-ehtirom qozona olgan, ishchilar va rahbariyat o‘rtasidagi muloqot vositachilari hamdir. 2-MBFda mehnat faoliyatini dastlab konveyer mashinistligidan boshlagan qahramonimiz dastlabki besh yil davomida sex texnologik jarayonlarining barcha bosqichlarida mehnat qilib, nazariy va amaliy bilim-tajribasini oshirib bordi. So‘nggi o‘n bir yil davomida ishlab chiqarish smenasi ustasi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, shu davr ichida u bir qator smenalarni ilg‘orlar safiga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Smenalar ustalari qanday bo‘lishsa, korxonadagi mehnat ko‘rsatkichlari ham shunga monand bo‘ladi.
Ulug‘bek Joniqulovning faoliyati bilan tanishar ekanmiz, u sexning yuzi bo‘lishi barobarida o‘z jamoadoshlariga ibrat namunasi bo‘lishi zarurligiga ham ishonch hosil qildik. Ishda, jamoasida hamda oilasida yetakchi va ibrat bo‘lish kishidan katta kuch, zakovat va sabr-bardoshni talab qiladi. Jamoa yo‘lboshchisida esa bu jihatlar bir birini to‘ldirib bormoqda. Turmush o‘rtog‘i - Olmaliq shahar markaziy shifoxonasi hamshirasi Fotima Joniqulova bilan birgalikda bir qiz, ikki o‘g‘il farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan Ulug‘bek Joniqulovning to‘ng‘ich farzandi o‘z izidan borib, sanoat sahasini tanlagani hamda MEZ Metallurgiya sexida erituvchi sifatida mehnat qilish bilan birga Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universitetida ta'lim olayotganidan cheksiz faxrlanadi.
Bugungi kunimiz kechagi kunimizdan xayrli, fayzli, manfaatli va barakaliroq bo‘lishi faqat va faqat o‘z oldimizda qanday maqsadlarni qo‘yganimizga bog‘liq. Oddiy smena ustasining faoliyati bilan qisman tanishar ekanmiz, yakuniy xulosamiz shu bo‘ldi - butun umr baxtli bo‘lishni istasang, qilayotgan ishingni sev.
Hasan ABDULLAYEV
Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:
Matn xato bilan:
Sizning izohingiz yoki to`gri versiya: