• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Hisobot-saylovlar oldidan muhim seminar

21 Yanvar 2025, 8:48 81

Ma'lumki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida so‘nggi hisobot-saylov kampaniyasi 2020-yilda o‘tkazilgan edi. Federatsiya Ustavida, shuningdek “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasining Ustavida barcha darajadagi kasaba uyushmalari organlarining vakolat muddatlari 5 yil etib belgilangandan kelib chiqib, 2025-yilda navbatdagi hisobot-saylovlar o‘tkaziladi.

Hisobot-saylovlar har qanday, u kichik yoki kattami, kasaba uyushmasi tashkilotining faoliyatida muhim voqelik bo‘lib, ushba jarayonda hisobot davrida kasaba uyushmasi tashkilotining erishgan natijalari, shu bilan bir qatorda faoliyatni tashkil etishda mavjud muammolar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar chuqur tahlil qilinadi, kelgusidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi.

Bu esa, kasaba uyushmalari tashkilotlari rahbarlaridan hisobot-saylov yig‘ilishlari (konferensiyalari)ga puxta tayyorgarlik ko‘rishni, ushbu masalaga mas'uliyat bilan yondoshishni, hisobot-saylovlar O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuniga, Federatsiya va “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasining Ustavlariga, tizimda amalda bo‘lgan me'yoriy hujjatlarga qat'iy rioya etgan holda o‘tkazilishini ta'minlashni, hisobot-saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarni o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirishni talab etadi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashining 2024-yil 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida”gi IX-3-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomlar kombinat kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan atroflicha o‘rganilib, joriy yilning 16-yanvar kuni kombinat kasaba uyushmasi tizimida faoliyat yuritayotgan sex tashkilotlari rahbarlari, jumladan kasaba uyushma guruhlari tashkilotchilarini muhim hujjatlar bilan tanishtirish maqsadida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar dasturi doirasida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomning har bir bandi bo‘yicha sharhlar berilib, sex tashkilotida hisobot-saylov yig‘ilishini, korxona miqyosida esa hisobot-saylov konferensiyasini o‘tkazish tartiblari yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Seminar jarayonida kasaba uyushma xodimlari va faollari  tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.

Ma'lumot o‘rnida aytish lozimki, kombinatning olis hududlarda, ya'ni Surxondaryo, Namangan, Jizzax viloyatlarida joylashgan tashkilotlarida, shu jumladan Toshkent viloyatining Angren hududida va Chirchiq shahridagi “O‘zTMK” AJ kasaba uyushmalari tashkilotlarida hududiy seminarlar o‘tkazish bilan bir vaqtda, sex tashkilotida hisobot-saylov yig‘ilishini va korxona kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasini yuqori saviyada o‘tkazish hamda amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan tegishlicha hujjatlar loyihalari to‘plamlari ishlab chiqildi, hisobot-saylov kampaniyasini o‘tkazish yuzasidan ishchi guruhlar tasdiqlandi.

Umida Djalilova

“Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi

Kengashi apparatining tashkiliy ishlar bo‘yicha yetakchi mutaxassisi

Bo`lishmoq:
Text to speech