Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Elektrotexnika quyilmalari, mashinasozlik va atom energetikasi sanoatida keng qo‘llaniladigan kadmiy metallini olish Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Rux zavodida bundan 52 yil oldin yo‘lga qo‘yilgan. Yuqori tozalikdagi kadmiy metallini olish bir nechta murakkab bosqichlarni o‘z ichiga olgan.
Ushbu mahsulot olinuvchi Yashin Qoraboyev rahbarlik qilib kelayotgan Kadmiy sexi jamoasi bugun mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalangan holda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining barqaror bajarib borilishiga muvaffaq bo‘lmoqda. Mazkur sex mis va mis-kadmiy keklarini tanlab eritish, kadmiy quyqasini sementlashtirish va eritish, kadmiyni elektroliz qilish, kadmiy katodini quyish bo‘limlari va texnik rux sulfatini olish uchastkalaridan tashkil topgan.
Mazkur sexning ishlab chiqarish tizimi Tanlab-eritish sexidan olingan mis-kadmiy keklarini qayta ishlagan holda metalli kadmiy va mis kekini olishga asoslangan. Yana bir muhim jihat - mo‘'jaz sexning uskuna va texnologiyasi kadmiy, mis, indiy ajratib olish bilan bir qatorda gidrometallurgiya jarayonidagi unsurlardan tozalash asosida rux kuporosini ishlab chiqarish imkonini beradi.
“Olmaliq KMK” AJ asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturi”iga muvofiq, 2019-2022 yillarda Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish va Rux zavodlari quvvatlarini modernizasiya qilish va yangilash ishlari doirasida sex texnologik qurilmalarida ham diqqatga molik ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, sex elektroliz zalida olib borilgan qayta jihozlash ishlari natijasida elektroliz vannalari ishlab berish koeffisyentini oshirish, katod va anodlar talofatlanishlarini qisqartirish, elektroliz eritmalari isrof bo‘lishining oldini olish bilan birga kadmiy katodini olish sifat ko‘rsatkichlari keskin o‘sishiga xizmat qildi.
Bugungi kunda kadmiyning sementlanishi, agitatorlarga eritma to‘ldirish, eritmaning filtrlanishi, kadmiy quyqasining maxsus sig‘imlarga olinishi va eritmalarning navbatdagi jarayonlarga jo‘natilishi kabi vazifalar katta apparatchi Marhabo Holiqulova tomonidan amalga oshirib kelinadi. Boy kadmiy quyqalarini eritish bo‘limida esa barcha operatsiyalar apparatchi Hakim Alievning nazorati ostida kechadi. Tanlab-eritish bo‘linmasi apparatchisi Liliya G‘ulomovaning ham jarayonlarda o‘z o‘rni bor. Elektroliz bo‘limi katodchilari Shuhrat Jumanov, Ruslan Mustafoyev va Saidakmal Sobirjonovlar mehnat qilayotgan elektroliz zalida tartib va texnologik jarayonlarning qat'iy talabi ta'minlab kelinadi. Erituvchilar Umid Abduvaliyev va Umid Abduraimovlar sex ishlab chiqarish tizimining yakuniy bosqichida kadmiy quymasini quyish vazifalarini bajarib borishadi. Sex boshlig‘i o‘rinbosari v.b. Burhon Xojimetov, katta usta Sirojiddin Nishonov, texnologik smena ustasi Nodir Yuldoshevlarning oqilona rahbarligi ostida barcha ishlab chiqarish jarayonlarida barqaror natijalar qo‘lga kiritib borilmoqda, deyish mumkin. Jumladan, yilning o‘tgan 10 oyi davomida rejada belgilangan 374 tonna o‘rniga 390 tonnadan ziyod kadmiy metalli ishlab chiqarilgani e'tirofga molikdir. Ushbu natijalar esa sex jamoasi tomonidan kadmiy ishlab chiqarish bo‘yicha yillik ko‘rsatkichlar bajarilishiga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Hasan ABDULLAYEV