"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Yil sayin ishlab chiqarish salohiyati oshib borayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ko‘plab innovatsion g‘oyalar hamda ratsionalizatorlik takliflariga hammualliflik qilmoqda.
Innovatsiya, yangi texnik ishlanmalar, ratsionalizatorlik ishlari bilan shug‘ullanish uchun istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan bo‘lib, bunday ilmiy loyihalar tufayli so‘nggi 6 oy ichida 65,5 milliard so‘m miqdorida iqtisodiy samaradorlikka erishildi. Ushbu ilmiy ishlar va ratsionalizatorlik takliflari uchun jami 665,7 mln so‘m mualliflik mukofotlari to‘landi.
Bugun gigant korxonada yaratilayotgan ilmiy ishlanmalar, loyihalar kombinat uchun qay darajada manfaatli, ularning istiqboli qanday, umuman bu boradagi iqtisodiy tejamkorlik natijalari bilan qiziqdik. Va mavzu yuzasidan OKMK Ilm-fan innovatsiyalari departamentining ixtirochilik va ratsionalizatorlik takliflar bo‘yicha yetakchi muhandisi Nargiza Bekbo‘tayeva bilan hamsuhbat bo‘ldik.
- Innovatsiya va texnik ishlanmalarning aksariyati ishlab chiqarishning bosh bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan Qalmoqqir kon boshqarmasi, shuningdek, Mis boyitish fabrikasi, Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi, Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu korxonalar iqtisodiy samaradorlik keltiradigan ko‘plab ratsionalizatorlik takliflari bo‘yicha peshqadamlik qilmoqda, deyish mumkin.
Agar tahlillarga tayanadigan bo‘lsak, kelib tushayotgan ratsionalizatorlik takliflari asosan portlatish ishlari va portlatish materiallari, mashinasozlik va mexanika, metallurgiya va rudani boyitish, transport va logistika sohalari bilan bog‘liq ekanligini qayd etish mumkin.
Bugungi kunda amalda bo‘lgan ana shunday loyihalardan biri Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasida amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihaning e'tiborga molik jihatlaridan biri - zaruriy ehtiyot qismlar mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilmoqda. Xususan, 2BC-105 rusumli vagon-samosvallarning pastki ramasi to‘liq mahalliy sharoitda ishlab chiqarilib, foydalanishga topshirilayapti. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan ushbu ehtiyot qism hozirda jadal sur'atlarda tayyorlanmoqda. Solishtirma tahlil shuni ko‘rsatadiki, 1 dona pastki ramani xorijdan xarid qilish 850 million so‘mga tushsa, mahalliy ishlab chiqarish evaziga bu raqam 150-170 million so‘mni tashkil qilmoqda. Natijada, to‘rtta pastki rama ishlab chiqarilib, 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejab qolindi.
Iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lgan yana bir ilmiy loyihalarimiz - FAP 02434 “Kuydirilgan konditsion bo‘lmagan molibdenli yarim mahsulotdan sodali-sorbsion texnologiya bilan yuqori tozalikdagi molibden tuzlarini olish usuli” talabnomasiga patent olindi. Hozirda Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” DMda ekspertizada bo‘lgan talabnomalarimiz sifatida quyidagilarni aytishimiz mumkin:
“Gamma - aktivatsion tahlil spektrometri tormozlash nishoni uchun volfram - misli plastina tayyorlash usuli”, “Sulfatli eritmalarda nikelni misdan ajratish usuli”, “110G13L marganesli po‘latni alyuminiy metali bilan modikasiyalash”, “110G13L marganesli po‘latni modifikatorlar kompleksi bilan modikasiyalash”, “Rux zavodi klinkerini konvertor shlaklari va metallurgiya ishlab chiqarish aylanma materiallari bilan birgalikda qayta ishlash usuli”.
Bundan tashqari, “Olmaliq KMK” AJning tovar belgisini Madrid protokoliga asosan, Butun jahon intellektual mulk tashkilotida(WIPO) rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Benilyuks (Belgiya-Niderlandiya-Lyuksemburg) davlatlari, Avstraliya, Polsha, Xitoy, Qozog‘iston, Bolgariya, Belarus, Germaniya, Tojikiston, Turkiya, Ukraina (jami 20 ta) kombinat tovar belgisiga huquqiy muhofaza berildi. Qolgan 6 davlatda ekspertiza davom etmoqda.
- Aytingchi, yaratilayotgan ilmiy loyihalarning mualliflarini rag‘batlantirishda kombinat qanday tashabbus ko‘rsatayapti?
- Ishlab chiqarishda yuqori samaradorlik keltirayotgan loyihalarning mualliflari, ixtirochilari har chorakda 30 million so‘m pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi. Kombinat bu borada o‘z tashabbuslarini munosib ravishda ko‘rsatib kelmoqda. Har bir loyiha uchun rag‘bat davri uch yilgacha davom etadi.
Ishlab chiqarish quvvatlari takomillashib boraverarkan, bunda sanoat jabhasida tatbiq etilayotgan texnik ishlanmalar va innovasion g‘oyalar, rasionalizatorlik takliflarining ahamiyati yuqoriligacha qolaveradi. Kombinat miqyosida yaratilayotgan ilmiy izlanishlar, istiqbolli loyihalar korxona ravnaqi yo‘lida sobit qadamlardan bo‘lishi shubhasizdir!
Dilafro‘z Egambyerdiyeva