Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Dunyoda yangi konlarni ishga tushirish taklif etilayotganiga qaramay, ruda zahiralarining koʻpayishi sanoatning oʻsib borayotgan ehtiyojlaridan orqada qoladi. Buning natijasida nafaqat kontinental konlardan foydalanish darajasini maksimal darajada oshirishga, balki ikkilamchi xom ashyo, texnogen konlarni, shuningdek, ruda zahiralarini oʻzlashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston metallurgiya sanoatini rivojlantirish konsepsiyasida rangli metallurgiyani – ham birlamchi ishlab chiqarishda, ham boyitishda, ham texnogen ikkilamchi xom ashyolardan qimmatli mahsulotlarni qazib olish imkonini beruvchi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish orqali rivojlantirishning vazifalari va ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-fevraldagi 06/1-1682-son topshirigʻi 3-bandiga asosan, Samarqand viloyati hokimligi va Davlat geologiya qoʻmitasiga “Ingichka” konining volfram tarkibli chiqindilarni qayta ishlash va boyitish uchun tanlangan yer maydonlarini belgilangan tartibda «Olmaliq KMK»AJ tasarrufiga oʻtkazish topshirilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-apreldagi 198-F sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash borasida “Ingichka” volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash, volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qoʻshilgan qiymatli eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish ishlari boʻyicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda sanoat korxonalari oldida turgan dolzarb vazifalardan biri, yillar davomida toʻplanib qolgan texnogen chiqindilarni qayta ishlash hisoblanadi.
Jumladan, “Ingichka” konining volfram tarkibli texnogen chiqindilarini qayta ishlash uchun texnologik uskunalarni ishga tushirish, ishlab chiqarish qoldiqlari havzasidagi texnologik uskunalarni joriy ta’minlash maqsadida «Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi ishchi-xodimlari xizmat safariga yuborilgan.
Ushbu uchastkada volfram texnogen chiqindilari qayta ishlanib, volfram konsentratini olish koʻzda tutilgan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad volfram ishlab chiqarish quvvatini bir necha barobarga oshirishdan iborat.
Qayta ishlashdan ajratib olingan volfram konsentrati «Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha» IICHBga yetkazib beriladi. Natijada esa mahalliy mahsulotlar asosida volfram ishlab chiqarishni tiklash imkoniyati yaratiladi.
Yangi texnologiya 80-83% gacha volfram (III) oksidini oʻz ichiga olgan sof konsentrat olish imkonini beradi. Joylarda ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash yoʻlga qoʻyilib, 100-150 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Ingichka konining oʻzida yangi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi bilan koʻplab ijtimoiy muammolar hal boʻladi.
«Olmaliq KMK» AJ «Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi»ning rivojlanish dasturiga asosan Ingichka konining qoldiqlaridan yillik quvvati 150 tonnaga teng volfram konsentratini 35 %lik volfram (III) oksidi (WO3) bilan boyitish rejalashtirilgan. Keyinchalik, Ingichka konining qoldiqlari ishlab chiqarishga jalb qilinganda yiliga 100 tonna atrofidagi volfram metali ishlab chiqariladi.
Bu yoʻnalishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati AJ «Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha» IICHB mutaxassislari tomonidan bir necha yillardan buyon samarali ishlar olib borilmoqda.
Ulugʻbek Roʻziev,
Nodir metallar va qattiq qotishmalar
ishlab chiqarish boʻyicha IICHB direktorining
ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari