• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Inson aziz... Ustoz aziz... Ijod aziz...

30 Sentyabr 2024, 10:16 653

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Ma'naviyat va ma'rifat kengashi tomonidan OKMKning 75 yilligi hamda 1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan 27-sentyabr kuni “Metallurg” MSda “Inson aziz... Ustoz aziz... Ijod aziz...” deb nomlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi.

Ushbu tadbir kombinat mehnatkashlari, hamshaharlarimiz va yoshlar xotirasida uzoq yillar saqlanadigan bo‘ldi. Ijodiy tadbir, ta'bir joiz bo‘lsa, tarixiy kun sifatida muhrlandi. Shu kuni adabiyot, bayrami, ijod bayrami, ma'rifat bayrami bo‘lib o‘tdi va unda yuz yilda bir tug‘iladigan O‘zbekning zabardast ijodkorlari va olimlari bilan diydorlashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy akademigi, xalq ta'limi a'lochisi Nurislom To‘xliyev nafaqat ilm odami, shu bilan birga qalami o‘tkir ijodkor hamdir. U qator esselar muallifi bo‘lish bilan birga O‘zbekiston ensiklopediyasining ijodkori hamdir. Bugungi kunda mamlakatimiz rahbarining tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan Islom ensiklopediyasi ustida ish olib borayotgan Nurislom To‘xliyev “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi hamdir.

Tadbirda O‘zbekisonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi va kinossenarist Erkin A'zam ham ishtirok etdi. So‘zni zargarona ishlatish hadisini olgan Erkin A'zamning «Chiroqlar o‘chmagan kecha», «Otoyining tug‘ilgan yili», «Bayramdan boshqa kunlar», «Kechikayotgan odam» kabi qissa va hikoyalari kirib bormagan o‘zbek xonadoni bo‘lmasa kerak. Uning hammuallifligida yozilgan kinossenariylar - «Chantrimore», Dilxiroj» kabi badiiy filmlar o‘zbekning klassik kinosiga aylanib ulgurdi. Erkin A'zamning qissa va hikoyalari dunyoning ko‘plab mamlakatlari tillariga tarjima qilingan.

Tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston xalq shoiri, dramaturg Usmon Azimning she'rlari OKMK telekanali ijodkorlari tomonidan ijro etildi.

Usmon Azim nafaqat xalq shoiri, shu bilan birga dramaturg hamdir. U yilning eng yaxshi she'riy asarlari nominasiyasi bo‘yicha «Ofarin» mukofoti, Gruziyaning “V.Mayakovskiy” nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Milliy teatrimiz sahnasida qo‘yilgan «Kunduzsiz kechalar» spektakli «Eng yaxshi spektakl» deya e'tirof etilgan. Usmon Azim XX asr o‘zbek adabiyotining eng yorqin iste'dodlaridan biri bo‘ldi. Shoirning «Kuz» she'riy kitobi esa she'riyatimizning so‘nggi yillardagi yuksakliklaridan biri deb baholanmoqda. Shoirning she'rlari dunyo xalqlarining tillariga tarjima qilingan.  Shu kuni “Do‘stlik” ordeni sohibi bo‘lgan Usmon Azimning zalvorli ovozi, betakror she'rlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Ijodiy kechada so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov elimiz suygan adiblarga, olimga o‘z minnatdorchiligini bildirib, ularning yaratgan asarlari, izlanishlari jamiyat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

Tadbir davomida kombinat mehnatkashlari, talaba va o‘quvchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan qator savollarga javob olishdi.

Tadbir yakunida kombinat va kasaba uyushmasi tomonidan elimizning taniqli adabiyot va fan namoyandalariga esdalik sovg‘alar tuhfa etildi.

Kombinat rahbariyatining tashabbusi bilan tashkil etilayotgan bu kabi ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar kombinat mehnatkashlari va yoshlar onggu shuuriga ma'rifat yog‘dusini sochaveradi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech