• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Inson manfaatlari hamma narsadan ustun!

15 Fevral 2023, 9:3 845

Ma’lumki, ayni kunlarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining tarkibiy bo‘linmalarida Jamoa shartnomasining 2022-yil yakuni bo‘yicha bajarilishiga bag‘ishlangan konferensiyalar bo‘lib o‘tmoqda. Kuni kecha navbatdagi hisobot konferensiyasi Avtomobil transporti boshqarmasida o‘tkazildi. 

Bugungi kunda boshqarmada 2200 nafar ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda. Shuningdek, ishlamayotgan nafaqaxo‘rlar 403 nafarni tashkil etadi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘z faoliyatini 8 yo‘nalishdagi komissiyalar bilan chambarchas holda olib boradi. Bular - mehnat muhofazasi, ijtimoiy himoya va huquqiy tarbiya, madaniy-ma'rifiy va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash, turar-joy va maishiy soha bilan ishlash, shuningdek, tashkiliy ishlar hamda axborot va ma'lumotlar bilan ta'minlash komissiyalaridir.

Ushbu komissiyalar bilan hamkorlikda hisobot yili davomida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, ishchi-xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlagan holda ularni sog‘lomlashtirish, O‘zbekistondagi bir qator pansionat va dam olish maskanlariga tashriflarini tashkil etish, ishchi-xodimlar farzandlariga yozgi oromgohlarga yo‘llanmalar ajratish hamda moddiy yordam ko‘rsatish kabi masalalar ta'minlangan.

Jumladan, hisobot davrida jamoa shartnomasining 9.28 bandiga asosan, 143 nafar ishchi-xodim, pensionerlarga, 9.29 bandi ijrosini ta'minlash maqsadida 21 nafar “Diabet” kasalligi bilan dispanser hisobida turgan xodimlarga moddiy yordamlar ajratildi, deydi - ATB kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Olimjon Ahmedov. -Xodimlar yubiley sanalari  munosabati bilan  pul mukofoti yoki esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, davlat dasturi doirasida kasaba uyushmasi tomonidan bir qator ijtimoiy aksiyalar tashkil etildi.

Xususan, “Kasaba uyushmasi – xotin-qizlarga” ijtimoiy aksiyasi doirasida 2 nafar ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi uchun ta'tilda bo‘lgan onalarga  moddiy yordam ko‘rsatildi.

“Kasaba uyushmasi - bolalarga” ijtimoiy aksiyasi doirasida ko‘p bolali, nogiron farzandi bor ishchi-xodimlarning 16 nafar farzandlari uchun o‘quv qurollari xarid qilish  harajatlari qisman qoplandi.

“Kasaba uyushmasi - faxriylarga” ijtimoiy aksiyasi doirasida ikkinchi jaxon urushi va mehnat fronti qatnashchilari, baynalminal jangchilar, Chernobil fojiasi qatnashchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj pensionerlar va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga Navro‘z bayrami, Xotira va qadrlash kuni, Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni, Mustaqillik kuni, Ro‘za va Qurbon hayitlari va Yangi yil bayrami munosabatlari bilan oziq-ovqat jamlanmasi manzilli yordam tariqasida yetkazildi.

Jamoa shartnomasi asosida ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish bilan birga, xodimlar va ularning oila a'zolarini dam oldirish va sifatli sog‘lomlashtirish yo‘nalishida ham samarali faoliyat olib borildi. Xususan, kombinat sanatoriy-profilaktoriysiga 276 nafar Avtomobil transporti boshqarmasi ishchi-xodimlari va ularning oila a'zolarini sog‘lomlashtirish uchun yo‘llanmalar berildi. ularning 52 nafariga imtiyozli yo‘llanmalar ajratildi. Kombinat korxona va sexlarida bo‘lib o‘tgan jamoa shartnomasining muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish va konferensiyalarda mehnatkashlar tomonidan sanatoriy-profilaktoriyda dam olish kuni uzaytirilishi bo‘yicha bildirilgan taklif ish beruvchi hamda kasaba uyushmasi tomonidan ko‘rib chiqilib, sanatoriy-profilaktoriy dam olish kuni 10 kundan 14 kunga uzaytirildi.

Shuningdek hisobot davrida respublikamiz sanatoriylarida 106 nafar xodimlar sog‘lomlashtirildi.

Ishchi-xodimlarning farzandlari ham yaxshi ta'lim-tarbiya olishi yoz mavsumida miriqib  sifatli dam olishi doimo e'tiborda. Ishchi-xodimlarning 180 nafar farzandlari kombinatning “Istiqlol”, “Metallurg”, “Gulzor” va “Tong” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida sog‘lomlashtirildi. Asosiy e’tibor, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali xodimlar farzandlarini sog‘lomlashtirishga  qaratildi.

Xodimlarning ma'naviy dunyoqarashini kengaytirish, ularda vatanga sadoqat hissini singdirish maqsadida kombinat kasaba uyushmasi tomonidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!” shiori ostida 200 nafar kombinat ishchi-xodimlarini yurtimizning Farg‘ona, Xiva, Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohatlari tashkil etildi.

Shuningdek, tadbirda Mehna Kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar bo‘yicha ham ma'lumotlar berildi.

Delegatlar hisobotlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishib, ishchi-xodimlar korxona rahbarlariga yaratib berilgan mukammal ijtimoiy hamda mehnat sharoitlari uchun o‘z tashakkurlarini bildirishdi.

Konferensiya delegatlari tomonidan 2022-yil davomida Jamoa shartnomasining bajarilishi bir ovozdan qoniqarli deb baholanib, tegishli qaror qabul qilindi.

Aziz Narimonov,

ATB kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Bo`lishmoq:
Text to speech