• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Inson qadri ulug‘langan yurt

11 Noyabr 2022, 10:37 1177

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilishning yangi tizimi joriy etilishi pirovard natijada inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini tom ma'noda kafolatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham ayni yo‘nalishda aniq maqsadli chora-tadbirlar ro‘yobga chiqarilayotgani har bir ishchi-xodimning bugungi kundan rozi bo‘lib, farovon hayot kechirishini ta'minlamoqda.

Aytish o‘rinliki, Prezidentimizning o‘tgan yilda ikki marotaba (29-iyul va 22-dekabr kunlari) kombinatimizga tashrif buyurishi iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan qator loyiha va rejalarning muvaffaqiyatli amaliyotga yo‘naltirish barobarida ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasi qamrovini yanada oshirish sohasida ham ustuvor vazifalarni belgilab olishimizga turtki berdi.

Bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi 40 ta boshlang‘ich tashkilotlar va 46 464 nafar a'zolariga ega bo‘lgan holda mehnat muhofazasi, ijtimoiy himoya va huquqiy tarbiya, yoshlar va xotin-qizlar masalalari, madaniyat va ma'rifat, sport va sog‘lomlashtirish, tashkiliy-axborot hamda uy-joy masalalari bo‘yicha komissiyalar bilan hamkorlikda diqqatga molik ishlarni olib bormoqda.

Ta'kidlash joiz, mustaqil O‘zbekiston tarixida davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi ulkan o‘rni va ahamiyati e'tiborga olinib, Respublikamizda “11 noyabr - O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” deb e'tirof etildi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasida ushbu kun - O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni keng ko‘lamda nishonlanmoqda.

Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, kasaba uyushmasi a'zolarining sa'y-harakatlari, birdamligi va fidoyi mehnati jamiyatimiz ma'naviy va madaniy hamda ijtimoiy hayotida ko‘plab o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.

Ishchi-xodimlarning ijtimoiy huquqlarini muhofaza qilish haqida so‘z borar ekan, avvalo, Jamoa shartnomasiga to‘xtalish lozimdir. “Olmaliq KMK” AJning 2020-2022 yillar uchun tuzilgan Jamoa shartnomasi ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy, kasbiy va tashkiliy munosabatlarni tartibga solishda taraflarning teng huquqliligi, aniq moliyaviy va ishlab chiqarish imkoniyatlari asosida bajarilishi ustidan javobgarlik choralarini belgilaydi. Kombinat ma'muriyati tomonidan ushbu hujjatda ish va dam olish vaqtlari, mehnatga haq to‘lash, kafolatli va kompensatsiya to‘lovlari borasida imtiyozlar ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, xavfsiz ish sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish sohasida qator chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. Ish joylarida changlanish, gazlar bilan ifloslanishning oldini olish, me'yoriy harorat tartibi va yoritilish darajasini yo‘lga qo‘yish, buning uchun aspiratsiya, ventilyasiya, gaz va changlarni tutib qoluvchi uskunalarning tegishlicha ishlashini ta'minlash shular jumlasidandir.

Kombinat bo‘linmalaridagi oltmishga yaqin ishchilar oshxonalari va yuvinish xonalari zamon talablari darajasida qayta ta'mirlangani ham e'tiborga molik. Bundan tashqari, Jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlarga tegishli rasionlar asosida ovqatlanishlar tashkil etilgan. Shuningdek, kombinatda umumiy va kasbiy kasalliklarning oldini olish maqsadida zararli ish sharoitlarida mehnat qilayotganlar davolash-profilaktik oziq-ovqatlari va sut mahsulotlari, maxsus kiyim va poyabzal hamda shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlangan.

Kombinat bo‘linmalarida mehnat muhofazasi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini va xodimlar kasb mahoratini kuchaytirish maqsadida “O‘z kasbining mohir ustasi”, “Yilning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha eng yaxshi mutaxassisi” ko‘rik-tanlovlari har yili o‘tkazib kelinayotgani ham maqsadga muvofiq, albatta.

Kombinatda mehnat qilayotgan barcha xodimlar Olmaliq shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi va kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda mehnat shartnomasi tuzish vaqtida dastlabki tarzda va mehnat faoliyati davomida davriy vaqtida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib kelinmoqda. Kasaba uyushmasi tomonidan 2 ming 830 nafar ishchi-xodim, pensionerlarga o‘z sog‘liklarini tiklash uchun moddiy yordam ajratildi.

Qayd etish kerakki, kombinat tomonidan bu singari ijtimoiy aksiyalarning izchillik kasb etishi “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyaning amaliy isbotini topishida hal qiluvchi o‘rin tutmoqda. Misol uchun, “Kasaba uyushmasi - xotin-qizlarga” ijtimoiy aksiyasi doirasida 108 nafar bola parvarishi ta'tilida bo‘lgan onalarga moddiy yordam ko‘rsatildi. “Kasaba uyushmasi - bolalarga” aksiyasi doirasida esa ko‘p bolali, nogiron farzandi bor ishchi-xodimlarning 300 nafar farzandlari uchun o‘quv qurollari xarid qilish xarajatlari qoplab berilgan bo‘lsa, “Kasaba uyushmasi - faxriylarga” nomi ostida 847 nafar ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan - kombinatda uzoq yillar davomida mehnat faoliyatini olib borib, nafaqaga chiqqan faxriylar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat jamlanmalari taqdim etildi hamda uy yumushlariga yordam berish kabi bir qator xayrli ishlar tashkil qilindi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan Olmaliq shahridagi 80-sonli kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati, 6-sonli maxsus yordamchi maktab tarbiyalanuvchilari uchun xalqimizning eng ulug‘ va eng aziz bayramlarida madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etilib, har bir tarbiyalanuvchiga sovg‘a-salomlar taqdim etib kelinmoqda.

“Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi hamda faollari sa'y-harakatlari bilan kombinat korxonalarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar va ularning oila a'zolarining 5100 nafari O‘zbekiston Respublikasining so‘lim go‘shalarida joylashgan sihatgohlarda, kombinat sanatoriy-profilaktoriysida hamda Yalta, Kislovodsk shaharlarida joylashgan “O‘zbekiston” sanatoriylarida o‘z sog‘liklarini tiklab, dam olishlari uchun tashkiliy ishlar olib borildi. Yozgi ta'tillarini maroqli va mazmunli o‘tkazish maqsadida 4627 nafar mehnatkashlar farzandlarining bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridagi xordiqlari ta'minlandi.

Kombinatimiz ishchi-xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmushni qaror toptirish, sportni ommalashtirish ishlariga alohida yondashiladi. Ishdan bo‘sh vaqtda ommaviy sportga jalb etish maqsadida har bir sexda xodimlar ichidan sport targ‘ibotchilari tayinlangan. Joriy yilning 10 oyi davomida sport targ‘ibotchilari tomonidan 5 mingga yaqin ishtirokchi qamrab olingan 195 ta sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazildi.

OKMK kasaba uyushmasi Kengashi Jismoniy tarbiya va sport bo‘limida sportning 15 turi bo‘yicha mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda 600 dan ortiq bolalar va yoshlar o‘z mahoratini oshirib kelmoqda. Shu bilan birga har yili sportning 11 turi bo‘yicha “Olmaliq KMK” AJ spartakiadasi o‘tkazilishi yaxshi an'anaga aylangan. Jismoniy tarbiya-sport bo‘limi tomonidan bugungi kunga qadar 150 dan ortiq sport musobaqalari va sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazildiki, bularning bari ishchi-xodimlarimizda sog‘lom hayot ko‘nikmalarini shakllantirib, rivojlantirishda dadil qadam bo‘ldi.

Jismoniy barkamollik tabiiyki, ma'naviy-ruhiy yetuklikka yo‘l ochadi. Shu nuqtai nazardan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyatida madaniy-ma'rifiy tadbirlarga ham katta o‘rin ajratilishi ishchi-xodimlarimiz dunyoqarashini kengaytirishga, ularda Vatanga muhabbat va sadoqat hislarini mustahkamlashga, ma'naviy saviyasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda Aytish kerakki, madaniy-ma'rifiy tadbirlarimizning markazi “Metallurg” madaniyat saroyi hisoblanadi. Hozirda “Metallurg” madaniyat saroyida “Sitora” milliy badiiy raqs ansambli, “Gulg‘uncha”, “Syurpriz”, “Shodlik” bolalar raqs ansambllari, “Kaleydoskop”, “Edelveys” xalq raqs ansambli, “Raduga” sirk jamoasi, “Dutorchi qizlar” va “Zarb” doirachilar ansambli, “Nihol”, “Presstij” vokal jamoalari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda 24 yarim mingdan oshiq kitob fondiga ega kutubxonaning ham mavjudligi ayni muddaodir.

Yana bir muhim masala - OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!” shiori ostida bugungacha 1 ming 289 nafar kombinat ishchi-xodimlarining qadimiy va navqiron Farg‘ona, Xiva, Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohati tashkil etildi. Ichki turizmda ishtirok etgan mehnatkashlarimizdan 306 nafariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ko‘magi bilan unutilmas taassurotlarga boy sayohatda bo‘lish imkoniyati taqdim etildi.

Har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga muhtoj qatlam vakillari - xotin-qizlarimizning manfaatlari qay darajada ta'minlanayotgani xususida ham to‘xtalib o‘tish zarur. Avvalambor, ish beruvchi tomonidan homilador va farzand ko‘rgan ayollarga yillik ta'tillar ularning xohishiga ko‘ra, tegishlicha homiladorlik va tug‘ish ta'tilidan oldin yoki undan keyin yoxud bolani parvarishlash ta'tilidan keyin berish, o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ko‘p farzandlari yoki o‘n olti yoshgacha nogiron bolasi bo‘lgan ayollarga qo‘shimcha ravishda yillik haq to‘lanadigan uch ish kuni muddatli ta'til berish imtiyozlari qo‘llanib kelinayotganini qayd etish kerak. Korxona va tashkilotlarimizda faoliyat yuritib kelayotgan xotin-qizlarimiz uchun “OKMK” sanatoriy-profilaktoriysiga, “Oltin-olma”, “Avtomobilchi”, “Moviy tog‘lar” dam olish maskanlariga hamda O‘zbekiston Respublikasida joylashgan bir qator sanatoriylarga imtiyozli va bepul yo‘llanmalar ajratilishi ham ibratga loyiq. Opa-singillarimiz uchun ish jarayonida munosib sharoitni yaratish, ularni asrash va ayni chog‘da salohiyatini namoyon etishi uchun ko‘maklashish borasidagi bu kabi sa'y-harakatlar samarasi o‘laroq, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Gender tenglik faoli” tanlovida “Gender tenglikni ta'minlashda eng faol tashkilot” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgani bejizga emas.

Kasaba uyushmamiz tomonidan olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlarga uzoq to‘xtalish mumkin. Biroq, mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasi, mehnat muhofazasi va huquqiy tarbiyasi yo‘lida doimo kamarbasta bo‘lib kelgan jamoamiz sa'y-harakatlarda davom etaveradi. Qolaversa, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va uning rahbariyati inson manfaatini, uning qadr-qimmatini doimo ustuvor biladi va bu yo‘lda hamisha sobitdir.

Fursatdan foydalanib, barcha kasaba uyushmasi xodimlari va faollarini O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami bilan muborakbod etaman.

Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilangizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, mas'uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Abdurashid HAYDAROV,

“Olmaliq KMK”AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi

Bo`lishmoq:
Text to speech