• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Insonlar mamnun maskan

17 Aprel 2024, 9:3 487

Mamlakatimizda 50 dan ortiq sanatoriy, kurort va pansionatlar mavjud bo‘lib, kuchli o‘ntalikdan joy olgan “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi sanatoriy-profilaktoriy ham bugungi kunda bir mavsumda 170 nafar dam oluvchilarga o‘z xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. 210 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur sihatgoh yiliga 6000 nafar kombinat ishchi-xodimlari va ularning oila a'zolarini sog‘lomlashtirish imkoniyatiga ega.

2020-2021 yillarda qiymati 72 milliard so‘mlik loyiha asosida qayta rekonstruksiya qilingan mazkur maskanda 2 ta yotoqxona binolari, 1 ta davolash-sog‘lomlashtirish binolari mavjud bo‘lib, sihatgohda ishchi-xodimlar uchun barcha shart-sharoitlar va qulayliklar yaratilgan. Loyiha doirasida kutubxona, 30 o‘rinli konferens zal, basseyn, sauna va hammom, fitobar, soatiga 30 kishi shug‘ullanish imkoniyatiga ega sport va trenajyor zali hamda 200 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona bunyod etilganligining o‘zi fikrimiz isbotidir.

Hozirgi kunga kelib davolash maskanimizda suv bilan davolash muolajasi (marvarid vannalari, vishi dushi va gidroaeroionizatsiya), loy bilan davolash muolajasi(balchiq), tuz bilan davolash muolajasi(galoterapiya), tokli muolajalar(limfodrenaj, pressoterapiya, magnitoterapiya, UVCh, UZT, traksion tortish), har xil turdagi massaj (nugabest va qo‘l massajlari), parafin va ozokerit kabi tibbiy va dam oluvchilar uchun juda ham samarali bo‘lgan muolajalar muntazam ravishda olib borilmoqda. Mana shunday muolajalardan keyin o‘zini ancha tetik his etayotgan chodaklik Roziya opa Hunarova shunday deydi:

- Turmush o‘rtog‘im Chodak kon boshqarmasida konchi bo‘lib ishlaydi. Ayni damda ular bilan sanatoriyda birgalikda sog‘ligimizni tiklamoqdamiz. Hozir parafin, sirkulyar dush va boshqa davo muolajalarini olib chiqyapmiz. Shu o‘rinda davolanuvchilarga birinchi galda samarali tibbiy maslahatlarini berib kelayotgan sanatoriy-profilaktoriy bosh shifokori Marina Suxenkoga, o‘z ishini sidqidildan bajarayotgan shifokor-terapevt Umida Umarova hamda davo muolajalari bilan xizmat ko‘rsatayotgan barcha hamshiralarga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

- 30 yildan buyon kombinat Avtomobil transporti boshqarmasining 1-Avtobazasida haydovchi sifatida mehnat qilib kelaman. Bo‘g‘indagi og‘riqlar tufayli mazkur davolash sanatoriysida davo muolajalarini olib kelaman. Yangi ta'mirdan chiqqan maskanda sog‘ligini tiklovchilar uchun yanada ko‘proq sharoitlar, qulayliklar yaratilganligini ko‘rib xursand bo‘ldim, - deydi biz bilan suhbatda yana bir davolanuvchi Erkin Samandarov

Dam oluvchilar va bemorlarning minnatdorchilik so‘zlari har bir tibbiy personal, shifokoru hamshiralar ishiga berilgan asl bahodir aslida. Shifokorlar - Muhabbat Kimsanova, Shuhrat Abdiyev, Svetlana Fomova, Nozminiso Abduvaliyeva, Dilrabo Amanqulova hamda hamshiralar - Nargiza Nuraliyeva, Olga Osmanova, Mahliyo Yusupova, Nozima Sobirovalarning ishidan dam oluvchilar behad mamnundirlar.

Bundan tashqari, kun davomida 3 mahal issiq ovqat, turli salatlar, mazasi xush yoqadigan shirinliklar pishirib, davolanuvchilarning ko‘nglini olayotgan oshxona oshpazlari, konditerlarning beminnat mehnatlari tahsinga sazovor bo‘lmoqda. Bu borada bosh oshpaz Tatyana Odinayeva, oshpazlar Mavjuda Ahmedova, Lyudmila Gumirovalarning nomlari alohida maqtovga loyiq.

Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistondagi eng namunali sihatgoh sifatida e'tirof etiladigan OKMK sanatoriy-profilaktoriysi o‘tgan yilning o‘zida 2500 nafardan ziyod ishchi-xodimlar va ularning oila a'zolarini qabul qilib, umumiy hisobda 4,5 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech