• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Iqtisodiy samaraga hissa qo‘shayotganlar

23 Dekabr 2022, 9:30 805

Har qanday ishlab chiqarish tizimi va sanoat korxonalarini energiya ta'minotisiz tasavvur qilish qiyin. “Olmaliq KMK” AJ Mis eritish zavodining yordamchi sexlaridan hisoblanuvchi Energetika sexi zimmasidagi vazifalar barcha texnologik jarayonlarning yuqori energiya iste'moli va energiya manbalarining turli maqsadlarga yo‘naltirilishi bilan farqlanadi.

Qoraqiya-soy va Adolat podstansiyalaridan uzatiluvchi elektr energiyasini qabul qilib olish va korxona sexlariga taqsimlash maqsadida to‘rtta bosh podstansiyalar faoliyat yuritadi. Aynan ana shu podstansiyalarga yirik gabaritli 16.000 kV.dan 32 kV.gacha kuchlanishli, 110 kV kuchlanishdagi tokni 6 kV tokka aylantirib beruvchi 9 ta podstansiyalar va 76 ta sexlar transformatorlari ulangan. Zavod asosiy va qo‘shimcha sexlariga elektr energiyasi yetkazib beruvchi kuchlanishli kabellarning umumiy uzunligi 40 km.dan oshadi, bundan tashqari, 300 ga yaqin yuqori vol'tli o‘chirgichlar, o‘nlab yuqori kuchlanishli elektr dvigatellar ekspluatasiyasi ham Energiya sexi zimmasiga yuklatilgan.

Zavodning operativ tarmoq tizimlari ishini takomillashtirish maqsadida 2 ta akkumulyatorlar kompleksida olib borilgan modernizasiyalash ishlari bugun o‘z samarasini bermoqda. 21 ta yog‘li o‘chirgichlarning vakkumli o‘chirgichlarga almashtirilishi ham zavod energetiklari tomonidan maqsadli ishlar olib borilayotganidan dalolat beradi.

Dilshod Poltaev rahbarlik qilib kelayotgan Energiya sexida katta energetik Doniyor Abdug‘aniev, yuqori kuchlanishli elektr uskunalari energetigi Bobur Jo‘rayev, past kuchlanishli elektr uskunalari energetigi Azmiddin Abdullayev, smena ustasi Temur Ernazov kabi muhandis-texnik xodimlar yo‘lboshchiligida bir necha o‘n yillardan buyon korxona energiya tizimi faoliyati boshqarilib kelinmoqda. Abrorjon Navro‘zov, Bobur Rasulov, Adham Otajonov, Azmiddin Mazakirov, Muhammad Abduraimov singari elektromontyorlar va aylanma suvlar nasos stansiyasi mashinisti Farida Mamatqulovalar esa zavodning barcha ishlab chiqarish sexlari, yordamchi uchastkalarining mavjud quvvatlar va tasdiqlangan iste'mol rejalariga muvofiq barcha turdagi energiya va energiya tashuvchilarning belgilangan parametrlarda uzluksiz yetkazib berilishini ta'minlab kelishmoqda. Sexning eng tajribali xodimlaridan biri bo‘lgan Yuliya Malisheva va uning yosh serg‘ayrat hamkasbi Al'bina Plotnikova juftligi bosh kamaytirib berish podstansiyasida tezkor qayta yoqish va o‘chirish operatsiyalarini qat'iy talablar asosida amalga oshirib borishi evaziga energetika uskunalarining ekspluatasiyaviy samaradorligi oshirilishiga erishilmoqda.

Kuzgi-qishki mavsumning maksimal yuklamalariga o‘tish davriga energetika ob'ektlarini tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida ham zavod energetiklari tomonidan e'tiborga molik vazifalar bajarildi. Barcha kuchlanishlardagi ochiq taqsimot qurilmalari, transformator punktlari, shu jumladan ORU-110 kV GPP-1, ORU-110 kV GPP-2, ORU-110 kV TP-Yujnaya, TP-SRV qurilmalarida tasdiqlangan jadval asosida ta'mir ishlari olib borildi. Suvlarni shoxoblovchi va tashlash kanallari, zumpflar va nasoslar quduqlarida tozalash ishlari amalga oshirildi. Mis eritish zavodi o‘tkazish tonneli drenaj nasoslarida o‘tkazilgan ta'mir ishlari ham barcha qurilmalarning barqaror va avariyasiz ishlashini ta'minlaydi.

Bundan tashqari, zavod energetiklari tomonidan energiya sarfini qisqartirishga qaratilgan tadbirlar ishlab chiqilganligi amalda o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Jumladan, Sul'fat kislotasi sexida tayyor mahsulotlarni to‘xtovsiz yuklab borish hajmlarini oshirish evaziga elektr energiyasi sarfi solishtirma normalarini 2 850,0 ming kV/soatgacha tushirishga erishildi. Eng ko‘p energetika manbalari ishlab chiqaruvchi Havo taqsimlash sexida siqilgan havo ishlab chiqarilishiga elektr energiyasi sarfini kamaytirish evaziga 4 160,0 ming kV/soat elektr energiyasini iqtisod qilish imkoni yaratildi. Energetika sexi mutaxassislari tomonidan forsunkalar joylashuvi o‘zgartirilishi bilan gradirenlarda suv sepilishi sxemasi modernizasiya qilinishi 2 850,0 ming kV/soatgacha elektr energiyasi tejalishiga xizmat qildi. Energetika uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatishning ishonchliligi, bo‘limlar bilan birgalikda ishlab chiqarish, texnik, rejalashtirish va iqtisodiy balanslar hamda energiyaning barcha turlarini iste'mol qilish rejalari, elektr energiyasi va boshqa energiya tashuvchilarni iste'mol qilish normalari va limitlariga qat'iy rioya qilib borilishi, shuningdek, energiya ob'ektlarida avtomatlashtirilgan tizimlar va qurilmalarni joriy etish hisobiga MEZda yil boshidan beri 38593,7 ming kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinishiga muvaffaq bo‘lindi. Tabiiy gaz borasida esa 12191,0 ming m3 miqdorida zangori olov tejamkorligi qo‘lga kiritildi. Texnologik jarayonlarda keng qo‘llaniluvchi issiqlik energiyasi esa 30619,0 Gkal miqdorida tejalgani e'tiborga molikdir.

Xulosa qilib aytish mumkinki, energiya va issiqlik ta'minotini takomillashtirish, aholi xonadonlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi energiya sarfini hisobga oladigan, nazorat qiladigan, issiqlik yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymaslik va energiya sarfini kamaytirish, ikkilamchi energiya resurslaridan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan keng foydalanish borasida “Olmaliq KMK” AJ energetiklari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar so‘nggi yillarda e'tirof etib kelinmoqda. Ushbu mashaqqatli va mas'uliyatli vazifalarni sabot bilan bajarib kelayotgan barcha energetiklarni kasb bayramlari bilan samimiy muborakbod etib, ishlarida omad va zafarlar tilaymiz.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech