Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Yordamchi sex maqomidagi Ohak zavodi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar “Olmaliq KMK” AJ korxonalarining texnologik ehtiyojlari uchun reagentlar va neytrallovchi vosita sifatida qo‘llanishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Korxonaning ishlab chiqarish tizimi karbonatli tog‘ jinslari ochiq usulda qazib olinishi amalga oshiriladigan Sovuq-buloqsoy ohaktoshlar karyeridan boshlanadi. Karyerdan tog‘ jinslarini qazib olishga tayyorlash va qazib olishda SBU-100 va SBU-100 AG burg‘ulash dastgohlari, ekskavator, transport texnikalari va yanchish uskunalari qo‘llanib kelinadi.
Tog‘-kon ishlari rejasiga asosan, burg‘ulangan quduqlar portlatilib, tog‘ jinslari olib chiqiladi. Sovuq-buloqsoy karyerining ish quvvati yiliga 67 ming metr kubdan ziyod ohaktosh qazib olinishini tashkil qiladi. Qazib olingan tog‘ jinslarini transport vositalariga yuklab berish ish kovshi 4,6 va 5 kubni tashkil qiladigan ekskavatorlarda amalga oshiriladi. Og‘irligi salkam 200 tonnadan iborat mahobatli kon texnikasi fidoyi konchilar izmida. Ekskavator mashinisti Mirahmat Boymatov 32 yildan beri o‘zining qadrdon EKS-5 texnikasi bilan birga. Oftob tig‘i yondirib turgan, kabina bo‘limida harorat undan ham yuqori bo‘lgan muhitda bu ishchi bilan suhbat yana ham qizg‘in kechadi.
- Har kimning e'tiborini birinchi navbatda ekskavatorning kovshi tortadi, bu tabiiy, - deydi biz bilan suhbatda Mirahmat Boymatov. - To‘g‘ri kurakli kovshning sig‘imi 5 kubni tashkil qiladi. Uning hovuchlab olishining maksimal balandligi 11,2 metrni, maksimal radiusi 14 metrni, yoyning uzunligi 11,5 metrni tashkil qiladi. Bularning barchasi kovsh va u bilan bog‘langan qurilmalarga doir ba'zi bir ma'lumotlar xolos. Kovshning sig‘imi, qazilmalarning xususiyatlari, burilish burchagining ish quvvati, ekskavatsiya siklining davomiyligi, zaboyning tayyorlanish sifati, yilning turli mavsumlarida kon texnikasini boshqarib borish, ekskavatorning elektr va mexanik qismlari ishini muvofiqlashtirib borishda mashinistning malakasi va mahorat ko‘nikmalari muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, faqat mehnatsevar, qiyinchiliklardan qochmaydigan, irodali va o‘z kasbiga sidqidildan mehrli bo‘lgan insonlargina salobatli texnikalar jilovini o‘z izmiga bo‘ysindirishga qodir bo‘lishadi. Jamoamiz yutuqlariga munosib hissa qo‘shib kelayotganlar qatorida birinchi bo‘lib hamkasbim Nuriddin Topilov nomini ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim. U EKG-4,6 rusumli ekskavatorni boshqarib kelayotganiga hademay 25 yil bo‘ladi. Bu hamkasbim bilan uzoq yillardan buyon 345 metr kublik smena vazifalarini oqilona uddalab kelmoqdamiz. Burg‘ulash, ekskavasiya va qazilmalarni o‘z vaqtida zavodga jo‘natish ishlariga oqilona rahbarliq qilib kelayotgan tog‘-kon ustasi Abduhakim Mamatqulov, burg‘ulash uskunasi mashinistlari Abdumo‘min Hotamov va Qahramon Eshonqulovlarning ham jamoamiz yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida o‘rni alohida.
Jonuzoq Sarimsoqov rahbarlik qilib kelayotgan karyer jamoasi tomonidan yilning o‘tgan 5 oyi davomida kon qazib olish rejasi amalda 44,170 ming tonnaga ortig‘i bilan bajarildi. Ohaktosh qazib olish esa 27 466 tonna o‘rniga 28 299 tonnaga uddalanib, salmoqli natija qo‘lga kiritildi. Bu esa ekskavator mashinisti Mirahmat Boymatovning fikrlari asosli ekanligini, Ohak zavodi jamoasi oylik, chorak va yillik rejalar bilan bir qatorda o‘zining istiqbollarini ham ishonch bilan belgilab borayotganidan dalolat beradi.
Yanchish-saralash bo‘limidagi texnologik uskunalardan unumdorlikda foydalangan holda quydirish bo‘limiga talab qilinadigan fraksiyalardagi materiallarning yo‘naltirib borilayotgani e'tirofga molikdir. Mavjud gorizontal aylanuvchi pech yonida yangi pech bunyod etilishiga kirishilgani esa Ohak zavodi jamoasi o‘z iqtisodiy ufqlari borasida aniq tasavvur va yechimlarga ega ekanligi ko‘rsatadi.
Hasan ABDULLAYEV