• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ishonchli o‘yin va yirik g‘alaba

28 Aprel 2022, 10:15 1483

AGMK jamoasi nihoyat Superliga doirasida joriy mavsumda ilk bor jonajon Olmaliq shahridagi OKMK sport majmuasida maydonga tushdi.

Raqib Qo‘qonning "Qo‘qon-1912" jamoasi bo‘ldi. AGMK mavsum boshidagi muvaffaqiyatsiz start o‘rnini to‘ldirishi uchun ham faqat va faqat g‘alaba ilinjida maydonga tushdi. O‘yin teng kurashlar ostida boshlandi. Dastlabki xavfli vaziyat mehmonlarda qarshi hujumda yuzaga keldi. Biroq bu vaziyatdan Hasanovning urinishini Rahimov o‘z vaqtida barataraf etdi. Xavfni qaytarish chog‘ida Valijon raqib bilan qattiq to‘qnashib ketdi va yakunda tanaffusda o‘yinni davom ettira olmasligi oydinlashib, o‘rnini Botirali Ergashevga bo‘shatdi. Rahimovning seyvi jamoa joniga oro kirgach, AGMK o‘yinni o‘z nazoratiga olishni boshlab, qator hujumlar sodir etdi.

Uchrashuvning 22-daqiqasida Sanjar Tursunov o‘tkir burchak oldidan belgilangan jarima zarbasini qoyilmaqom tarzda golga aylantirib, jamoasizni hisobda oldinga olib chiqdi - 1:0.

Birinchi bo‘limda shuningdek Alisher Jalilov va Shohruh Gadoevda qator vaziyatlar yuzaga keldi, biroq futbolchilarimiz yakuniy zarbani yo‘llashda mo‘ljalni aniq poylay olishmadi. Qo‘shimchasiga, birinchi bo‘lim o‘rtalarida Dilshod Rahmatullayev Abdulla Abdullayevga ishlatgan qo‘polligi uchun maydondan chetlatildi. Bu esa o‘yinda jamoamiz ustunligi yanada oshirdi.

Ikkinchi taym startida hujumakor ruhda o‘yinni boshlagan jamoamiz yana Tursunovning faolligi evaziga gol kiritdi. Gadoevning Tursunovga uzatgan to‘pini keskinlashtirishni mo‘ljallagan Sanjarning oshirmasi yo‘l-yo‘lakay Shixovga tegib darvoza to‘ridan joy oldi - 2:0.

Tablodagi va maydondagi ustunlikdan biroz bo‘shash futbolchilar ikkinchi taymda bir kishi kam bo‘lib qolgan raqibni ortiqcha qiynashmadi va o‘yinni nazorat ostida davom ettirishdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan futbolchilar bahs yakuniga yaqin uchrashuvdagi yakuniy hisobni o‘rnatishda jonbozlik ko‘rsatishdi. Haqnazariy-Ahmadaliyev kominatsiyasini Siya aniq va kuchli zarbasi orqali golga aylantirib, AGMKning mavsumdagi ikkinchi g‘alabasini ta'minladi - 3:0.

Superliga, 5-tur.

27 aprel', chorshanba

AGMK — «Qo‘qon-1912» 3:0

Olmaliq, «OKMK sport majmuasi».

Gollar: Tursunov (22), Shixov (o‘z darvozasiga (49), Haqnazariy (90)

Hakamlar: Asker Najafaliyev, Rasuljon Fozilov, Maksim Nexochin, Ravshan Abdivohidov

VAR hakami: Rustam Lutfullin

VAR assistenti: Aleksandr Sidorov

Nazoratchi: Baxtiyor Namozov

Komissar: Abbos Axrorov

AGMK — 35.Valijon Rahimov (1.Botirali Ergashev, 46), - 70.Mirg‘iyos Sulaymonov ( 7.Dilshod Ahmadaliyev, 46), 3.Sardor Rahmonov, 5.Anzur Ismoilov, 2.Akrom Komilov - 8.Abdulla Abdullayev, 17.Sanjar Tursunov (4.Mirjamol Qosimov, 78), 63.Alisher Jalilov (88.Siyavush Haqnazariy, 68) - 22.Shohruh Gadoyev, 23.Aleksandr Kasyan (27.Martin Boake, 73), 10.Xurshid G‘iyosov.

Zaxira: - 9.Zafar Polvonov, 11.Murod Toshmatov, 31.Ahmadullo Muqimjonov, 77.Nodir Abdurazzoqov

"Qo‘qon-1912" — 1. Muzaffar Abdullayev, 5. Slavko Lukich, 6. Dilshod Raxmatullayev, 7. Jamshid Xasanov, 8.San'at Shixov, 14. Avazxon Mamatxo‘jayev, 15.Oybek Rustamov, 17.Quvondiq Ro‘ziyev ( 22. Sardor Yetovqo‘ziyev, 75), 18.Shaxzod Nurmatov ( 11.Mo‘min Meliyev, 66), 33.Ivan Yosovich, 70. Bilolxon Toshmirzayev ( 13. Sardor Azimov, 66)

Zaxira: 12. Islom Abdullayev, 4. Ilhom Vahobov, Murodjon Komilov, 27. Anvar Xojimirzayev, 77.Murod Xolmuhammedov, 99. Abdulla Yunusov.

Ogohlantirishlar: Akrom Komilov (40), Abdulla Abdullayev (85) - San'at Shixov (27), Sardor Azimov (89)

Chetlatish: Dilshod Rahmatullayev (30)

Uchrashuvdan so‘ng AGMK FK bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi: "Hech bir bahs oson o‘tayotgani yo‘q. Chempionatda kurashlarga boy o‘yinlar ko‘p bo‘lmoqda. O‘z imkoniyatlardan foydalana olgan omadli jamoa g‘alabaga erishmoqda. Bugun ham shu kabi o‘yin bo‘ldi, garchi bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagan bo‘lsakda uchrashuv oson o‘tgani yo‘q. Mavsum startini yaxshi boshlay olmadik, hozirda bizga ochkolar juda zarur. Har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga chiqishimiz, muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun harakat qilishimiz zarur.

Bugungi o‘yin teng kurashlar ostida boshlandi. Birinchi golni urganimizdan so‘ng bir oz yengil tortdik va ustunlik biz tomonga o‘tdi. Rahmatullaevning qizil kartochkasi bizga as qotdi va o‘yinni nazorat qilishimizga xizmat qildi. Lekin "Qo‘qon-1912" oxirigacha kurash olib boradigan yaxshi jamoa ekanini bilardik. Ular 10 kishi bo‘lib qolganliklariga qaramay bizga qiyinchilik tug‘dira olishdi. Eng muhimi, 3 ochkoni qo‘lga kiritdik. Endilikda navbatdagi tur uchrashuvlariga tayyorgarlikka kirishamiz. Oldinda bizni "Paxtakor"ga qarshi o‘yin kutib turibdi. May oyidagi o‘yinlar taqvimi ancha zich, futbolchilar o‘yin va tiklanish va yana o‘yin rejimida bo‘lishadi. Buyog‘iga iloji boricha ko‘proq ochko jamg‘arishimiz zarur. Shu o‘rinda bugun bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman".

AGMK — «Qo‘qon-1912» uchrashuvining mehmoniga aylanib, stadionga yig‘ilgan muxlislarga ko‘tarinki kayfiyat ulashgan o‘zbek estradasining yorqin yulduzi — Xamdam Sobirovga AGMK bosh murabbiyi — Mirjalol Qosimov jamoamiz libosini sovg‘a qildi.

Xamdam Sobirov endilikda AGMK jamoasining ramziy ma'nodagi elchisi va muxlisiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, AGMK navbatdagi o‘yinni «Paxtakor»ga qarshi o‘tkazadi.

Uchrashuv 2 may kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida soat 18:30da boshlanadi.

AGMK FK matbuot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech