Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33MUNOSABAT
Prezident tashrifi har safar katta o‘zgarishlarni boshlab keladi va bu tabiiy albatta. Davlat rahbarining sanoat shahri Olmaliqqa bo‘lgan navbatdagi tashrifida yana bir ulkan loyihaga start berildi - “Olmaliq KMK” AJ 4-Mis boyitish fabrikasining qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Men kombinatda bir necha yillardan beri ishlab kelayotgan metallurg sifatida, shuningdek, shu shaharda yashayotgan oddiy fuqaro sifatida bu keng ko‘lamdagi islohotlardan quvonaman. O‘zining 75 yillik shonli sanasini nishonlayotgan kombinat tarixida bu kabi katta o‘zgarishlar hali bo‘lmagan. Mutaxassis sifatida ayta olamanki, sanoatni ravnaq toptirish yo‘lidagi bu islohotlar jabhada yaxshi ma'nodagi inqilobga turtki bo‘lishi mumkin.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rangli, nodir va qimmatbaho metallar qazib chiqarishda yetakchi. Mamlakatimiz yalpi sanoat mahsulotining 5 foizi, sanoat mahsulotlari eksportining 6 foizi uning hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ham sanoat gullab-yashnayotganidan dalolat, deb bilaman.
O‘tgan yili kombinatda 1 milliard 100 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 662 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Bugun dunyodagi eng yirik konlar Janubiy Amerikada, Chilida joylashgan. OKMK tarkibidagi kon quvvatlari ishga tushsa, birinchilikni biz olishimiz shubhasiz. Bizda mana shu birinchilik sari tashlangan qadamlar bor: “Yoshlik I” investitsiyaviy loyihasi doirasida qurilayotgan 3-MBF, 4-MBF so‘zsiz bunga misoldir. Mazkur boyitish korxonalari konsentratlaridan qimmatbaho metallarni ajratib olish uchun yangi metallurgiya obyektlarining barpo etilishi esa yanada yangi marralarga yo‘l ochadi. Yangi metallurgiya majmuasida yiliga 300 ming tonna mis va 1,8 mln. tonna sulfat kislotasi ishlab chiqariladi. Sulfat kislotasi kimyo, uran sanoati, yangi sanoat korxonalari ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirishga zamin yaratadi. Bu loyiha shubhasiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini jahondagi eng yirik mis eritish korxonalaridan biriga aylantiradi.
Ushbu tarmoqlarni munosib kadrlar bilan ta'minlash maqsadida shahrimizda Muhandislik maktabi o‘z faoliyatini boshladi. Yurtboshimizning bu galgi tashrifi aynan ana shu Muhandislik maktabidan boshlandi. Bunda ham o‘ziga xos ramziy ma'no bor.
Loyiha yirik, megaloyiha. Bu yana bir kombinat demakdir. Katta ish o‘rinlari demakdir, loyiha doirasida 10 mingdan ortiq ish o‘rinlari kutilmoqda. Mana shu ulug‘vor yo‘lda mening ham xizmatim, hissam bo‘lishini istagan holda o‘z bilim va tajribamni safarbar etish yo‘lidaman.
Alisher Shanasirov,
Metallurgiya majmuasi obyektlarini qurish
Direksiyasi direktori