Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Istanbul harakatlar rejasi korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarida muhim yo‘nalish sifatida xizmat qilmoqda

28 May 2025, 8:39 988

Joriy yilning 26-27 may kunlari “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Aksilkorrupsiya tarmog‘i Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi 5-raund Bazaviy hisoboti va O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi islohotlarini yana-da takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi taqdimotiga bag'ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, IHTT va xalqaro hamkor tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Henik hamda IHTT Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi rahbari Yuliya Fromgols (onlayn), shuningdek, masʼul vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etishdi.

Maʼlumot uchun: Istanbul Harakatlar rejasi Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari uchun IHTT Aksilkorrupsiya tarmog‘ining mintaqaviy dasturi bo‘lib, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Ukraina hamda O‘zbekiston davlatlarini qamrab oladi.

Uning doirasida aʼzo davlatlar tomonidan BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarning milliy amaliyotga joriy etilishi holati tahlil qilib boriladi.

Mazkur tadbirda "Olmaliq KMK" AJ Boshqaruv raisining iqtisodiyot, moliya va transformatsiya bo'yicha birinchi o'rinbosari Bexzod Mamatov va Komplayens xizmati boshligʻi v.b. Shuhrat Joʻrayev ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov quyidagi fikr-mulohazalarni bildirdi:

IHTT tomonidan taqdim etilgan Istanbul harakatlar rejasi bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarini amalga oshirishda muhim yo‘nalish sifatida xizmat qilmoqda. U faqat qo‘lga kiritilgan yutuqlarni baholabgina qolmasdan, balki eʼtibor berilishi lozim bo‘lgan ustuvor sohalarni aniqlab bermoqda.

Xususan, 5-raund Bazaviy hisoboti O‘zbekistondagi siyosat ishlab chiqish, institutsional qurilish va huquqiy tartibga solish sohalarida yetarlicha ilg‘or natijalarni tan oladi.

Bu muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi hamda mamlakat parlamenti va ijro hokimiyati idoralarining saʼy-harakatlari samarasi,  xalqaro hamkorlarimizning yaqin  ko‘magi va mustahkam hamkorligining amaliy natijasi deya baholanmoqda.

Biz uchun muhim maqsad

— 5-raund Bazaviy hisobotni muhokama qilish yoki “Yo‘l xaritasi”ni rasman tasdiqlash emas, amaliyotga yo‘naltirilgan, aniq va samarali fikr-mulohazalarni olishdir.

Bu hujjatlar faqat baholash natijasi bo‘lib qolmasligi, balki kundalik faoliyatimizda aniq yo‘naltiruvchi hujjatga aylanishi kerak.

Negaki, islohotlar faqat huquqiy hujjatlarni qabul qilish yoki yangi mexanizmlarni joriy etish bilan cheklanib qolmaydi.

Asosiy vazifa

 — qabul qilingan va joriy etilayotgan yangi normalarni amalda samarali tatbiq etishdir.

O‘zbekistonda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Aksilkorrupsiya tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi 5-bosqich monitoringi 2024 -yilda amalga oshirildi.

Monitoring va baholash tizimi to‘qqizta samaradorlik sohasi, yaʼni korrupsiyaga qarshi siyosat, manfaatlar to‘qnashuvi va mol-mulk deklaratsiyasi, xabar beruvchini himoya qilish, biznesning yaxlitligi, davlat xaridlarida halollik, sud hokimiyatining mustaqilligi, prokuraturaning mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalar, korrupsiya jinoyatlari uchun taʼqib qilishni qamrab oldi.

Yakunda O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yuqori baholanib, IHTT vakillari tomonidan mamlakatimizdagi so‘nggi islohotlar ijobiy tendensiyasi eʼtirof etildi.

Shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshganligi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, davlat xaridlari va biznesda halollik yo‘nalishlarida O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yaxshilangan.

Tadbirda monitoring natijalari bo‘yicha yuqorida qayd etilgan har bir yo‘nalish asosida IHTT tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar eʼtibor markazida bo‘lib, amaliyotga yo‘naltirilgan, aniq va samarali takliflar, ularni amalga oshirish choralari muhokama qilindi.

IHTTning Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi 5-raund monitoringi asosida ishlab chiqilgan tavsiyalarda O‘zbekistonda kelgusida korrupsiyaga qarshi kurashishni yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Jumladan:

- korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralarning mustaqilligi va samaradorligini oshirish;

- sudya va prokurorlarni tayinlash va hisobdorlik jarayonlarini oshkora qilish;

- xabar beruvchilarning himoyasi mexanizmlarini kuchaytirish;

- mol-mulk va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish tizimini takomillashtirish;

- davlat xaridlari va xususiy sektorda halollikni oshirish;

- korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash.

Tadbir doirasida har bir yo‘nalish bo‘yicha mahalliy va xorijiy  ekspertlar o‘rtasida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, IHTTning tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” taqdimot qilindi va uni samarali amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech