• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Istiqbolli sexning yangi pechlari

11 Noyabr 2022, 10:52 1432

Boshlang‘ich xom ashyolar murakkab tuzilishga ega ekanligi tufayli sanoatda nodir metallar tarkibiga nihoyatda qat'iy talablar qo‘yiladi. Shu sababli ham asosiy ma'danlar qayta ishlanishi asnosida xom ashyolarni tozalashdan boshlab yuqori tozalikdagi nodir metallar olinishigacha bo‘lgan texnologiyalar muhim ahamiyat kasb etadi. Mavjud xom ashyolarni qayta ishlash konsentratlarni tarkiblash, toza kimyoviy birikmalarni hamda nodir metallarni olish kabi uchta asosiy bosqichlardan tashkil topgan.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tizimida nodir metallarni olish texnologiyalarini joriy etish jarayoni uzoq davom etdi. O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan ilk oylarda Mis eritish zavodi hukumatimizning diqqat markazida bo‘ldi. Ilg‘or davlatlar, xususan mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga kiruvchi davlatlar tajribasi o‘rganilgach, boyitmalar tarkibidan nodir va qimmatbaho metallarni olish bo‘yicha Sankt-Peterburglik mutaxassislar bilan dastlabki hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Ular tomonidan keltirilgan jihozlar o‘rnatilib, ilk tajriba-sinovlar o‘tkazildi. Natija kutilgandan ham samarali chiqqanidan so‘ng, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taraddudiga kirishildi.

2000-yilda quvursimon aylanuvchi, diametri 1,2 metr bo‘lgan 2-kuydirish pechi foydalanishga topshirilib, nodir metallar olish borasida birinchi qadamlar qo‘yildi. Kombinat rahbariyatining sex istiqboliga bo‘lgan ishonchi, e'tibori tufayli 2007-yilda 1- va 3-pechlar ishga tushirildi. Ishlab chiqarish quvvatlarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, yangi istiqbolli ufqlar sari qadam tashlash uchun mustahkam poydevor o‘rnatildi. Sex ishlab chiqarish maydonlarini ixotalash, kengaytirish, uskuna va jihozlarni montaj qilishda “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tomonidan sexga har tomonlama yordam berib kelindi.

Bugunga kelib sex kombinatning eng serdaromad, istiqbolli ishlab chiqarish uchastkasiga aylangan. Bundan bir necha yil oldin esa “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish-texnik Kengashining qaroriga asosan, 4-kuydirish pechini bunyod etish ishlariga kirishildi. Sexda zarur qayta jihozlash ishlari amalga oshirilib, amalda faoliyat yuritayotgan 3-kuydirish pechi yonida yangi pechni bunyod etish ishlari belgilangan muddatdan oldin yakunlandi va molibdenli yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlash hajmi keskin oshirilishiga muvaffaq bo‘lindi. Bu nafaqat sex ishlab chiqarish quvvatlari oshishi, balki Chirchiqdagi nodir metallarni ishlab chiqarish Ilmiy ishlab chiqarish markazining quvvatlari to‘liq yuklanishiga ham xizmat qildi.

Ma'lumki, ayni kunlarda OKMKning ishlab chiqarish quvvatlarini keskin oshiriga qaratilgan bir qator investision loyihalarga kirishilgan. Jumladan 3-MBFning ishga tushirilishi bilan sexga qayta ishlash uchun jo‘natiladigan molibden yarim tayyor sanoat mahsuloti hajmi ham ortadi. Kombinat mutaxassislari tashabbusi bilan yangi 5- va 6-kuydirish pechlarini qurish ishlariga kirishildi. Pechlar, nasoslarning poydevor asoslarini qurish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti quruvchilari tomonidan yuqori sur'atlarda olib borilmoqda. Hozirda pech osti metall konstruksiyalari va 5-pech hamda u bilan birga faoliyat yurituvchi boshqa texnologik qurilmalarni montaj qilish ishlari yakuniga yetkazilgan. MEZning Ixtisoslashtirilgan ta'mir- montaj ishlari sexi tomonidan yangi pechning kuydirish agregati korpuslarini zirhli qoplamalar bilan qoplash ishlari olib borilib, 6-kuydirish pechi poydevor asoslari, metall qurilmalarini tiklash ishlari boshlab yuborilgan.

5- va 6-kuydirish pechlari o‘zining gabarit o‘lchamlari va ish quvvatlari bilan amalda foydalanib kelinayotgan pechlardan keskin farq qiladi. Mazkur yangi pechlarning foydalanishga topshirilishi bilan sexning xom ashyolarni qayta ishlash va tovar mahsulotlarini olish quvvatlari ikki barobarga oshishi ko‘zda tutilgan. Yangi pechlar bilan qurollangan sex yiliga 4320 tonnadan ziyod molibden yarim tayyor sanoat mahsulotini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

Yangi texnologik qurilmalarni montaj qilish ishlarida elektrpayvandlovchi Aleksandr Aliyev, chilangarlar Yorqin Ikromov, Doniyor Ahmedovlar faol ishtirok etib kelishmoqda.

Sex jamoasi yangi texnologik uskunalar montaji bilan bir vaqtning o‘zida asosiy ishlab chiqarish topshiriqlarining barqaror bajarib borilishiga ham alohida e'tiborni qaratishgan. Bu borada apparatchi Shohjahon Abdukarimov, tahlilchi Nazokat Mamaeva, qizdiruvchilar Otabek Xolmatov va Asror Muydinovlar yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelishmoqda. Jasur Botirov, Uyg‘un Toshmetov, Farhod Xudoyberganov va Sherzod Xidirovlar rahbarlik qilib kelayotgan texnologik smenalarda ko‘rsatkichlar yuqoriligi ta'minlanmoqda. Sexning Javlon Nishonboev, Ahror G‘aniyev, Yo‘ldosh Nishonov, Sardor G‘aynazarov kabi ishchi-xodimlari esa ish uchastkalarida o‘zlariga biriktirilgan uskunalardan samaradorlikda foydalanib borishmoqda.

Asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini barqaror bajarish bilan bir qatorda o‘zining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab borayotgan Nodir metallar olish sexi jamoasi molibden yarim tayyor mahsuloti kuyindisini ishlab chiqarish yillik rejasini muddatidan oldin 118,25%ga bajarishga muvaffaq bo‘lishdi. Sexning yana bir muhim mahsuloti bo‘lgan perrenat ammoniy ishlab chiqarish yillik rejasi ham 111,5%ga ortig‘i bilan bajarildi.

Yuqoridagi natijalar esa Izzat Doniyorov rahbarlik qilib kelayotgan sexning yangi marralar sari dadil odim tashlayotganidan dalolat beradi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech